Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zakovat bahslari bayramona ruhda yakunlandi
18:29 / 2025-12-22

Guliston davlat universiteti Filologiya fakultetida haftada bir marotaba muntazam tashkil etib kelinayotgan “Zakovat” intellektual o‘yinining 2-mavsumi tantanali tarzda yakunlandi. Aqliy bellashuvlarda mavsum davomida jami 26 ta jamoa ishtirok etib, bilim, mantiqiy tafakkur va jamoaviy ishlash mahoratida kuch sinashdi.

Turli mavzularni qamrab olgan savollar orqali talabalarning intellektual salohiyati sinovdan o‘tkazildi. Bellashuvlar nafaqat bilim darajasini oshirish, balki talabalar o‘rtasida sog‘lom raqobat, o‘zaro hamkorlik va faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishga xizmat qildi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rinni o‘zbek tili yo‘nalishida ishtirok etgan “Renessans” jamoasi qo‘lga kiritdi. 2-o‘rin rus tili yo‘nalishida qatnashgan “Ayollar uyushmasi” jamoasiga nasib etgan bo‘lsa, 3-o‘ringa o‘zbek tilidagi “Martin Iden” jamoasi sazovor bo‘ldi. G‘olib va sovrindor jamoalar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Shuningdek, mavsum davomida faollik va ijodkorlik ko‘rsatgan jamoalar ham e’tibordan chetda qolmadi. Xususan,  “Shaxsiy savol bilimdoni” kabi qator nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, ularga rag‘batlantiruvchi sovg‘alar topshirildi.

Tadbir yangi yil bayrami arafasida o‘tkazilgani bois bellashuvlar bayramona ruhda tashkil etildi. Talabalarning yangi yilga mos kiyinish madaniyati, bezaklar va ko‘tarinki kayfiyat tadbirga alohida fayz bag‘ishladi. Aql, jamoaviylik va bayramona shukuh uyg‘unlashgan mazkur “Zakovat” mavsumi ishtirokchilar xotirasida unutilmas lahzalar sifatida qoldi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri