Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zaif eshituvchi 35 nafar bolaga eshitish apparatlari topshirildi
12:50 / 2023-12-28

7 yoshli Hasanjon va Husanjon hozir Farg‘ona shahridagi alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 1- sonli ta’lim muassasasining tayyorlov sinfida tahsil olishadi. Yangi yil bayrami ular uchun yanada quvonchli bo‘lmoqda. Ular o‘z ismlarini bugun ilk marta aniq-tiniq eshitdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashabbusi bilan Hasanjon va Husanjon kabi 35 nafar zaif eshituvchi bolaga eshitish apparati topshirildi. Shu tariqa bolalar va ularning yaqinlari Yangi yil bayrami arafasida davlatning, Prezidentning cheksiz mehr-e’tiborini dildan his qildilar.

Har qanday ota-ona farzandining bekam-benuqson unib-o‘sishini istaydi. Lekin gohida hayotning turli sinovlari yo‘lingizdan chiqadi.  

Uchko‘priklik Irodaxon opa Rahimova egizaklarining eshitishida nuqson borligini bilgan kuni juda qiyin ahvolga tushdi. Keyinchalik sekin-asta bunga ko‘nikdi. Farzandlari uchun eshitish apparati sotib olishga ko‘p marta harakat qildi, ammo bunday noyob jihozni har qayerdan ham topib bo‘lavermaydi. Topganida, moddiy imkoniyati yetmadi...

–Bugun juda xursand bo‘ldim, – deydi u. – Bolalarim eshitish apparatlaridan foydalanishni boshlagach, bir-birlari bilan tinimsiz vijir-vijir qilib gaplashishyapti. Oilamizga quvonch, ko‘nglimizga xotirjamlik kirib keldi shu bilan. Prezidentimizga ming rahmat!

Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashabbusi bilan 1  milliard 399 million so‘m mablag‘ evaziga 700 dona zamonaviy eshitish apparati xarid qilinib, zaif eshituvchi bolalarga topshirilmoqda.

 

M.Sulaymonov,  

O‘zA muxbiri