Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zahro Hasanova:“Bolalar uchun sifatli milliy kontent tayyorlash – bosh maqsadimiz”
10:05 / 2025-08-26

Bugungi kunda mamlakatimizda bolalarni turli axborot xurujlaridan ishonchli himoyalash dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. “Oltin qalam” XIX Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovida Bosh mukofotga sazovor bo‘lgan “Gulxan” jurnali tahririyatining bosh muharriri, taniqli jurnalist, bolalar adabiyotining zahmatkash ijodkori Zahro Hasanova bilan suhbatimiz shu haqda bo‘ldi.

– Zahro opa, bugun bolalar ma’naviyatini to‘g‘ri shakllantirishning muhim omili sifatida milliy kontent rivoji dolzarb ekani tobora ayon bo‘lib bormoqda. Sizningcha, milliy kontentni rivojlantirishda nimalarga e’tibor qaratish muhim?

–O‘sib kelayotgan yosh avlod tarbiyasida millatimizga xos bo‘lgan yuksak ma’naviy qadriyatlar, tariximiz, boy madaniyatimizga asoslangan zamonaviy kontent muhim o‘rin tutadi. Fikrimcha, milliy kontentni shakllantirishda, avvalo, unga milliy qadriyatlarni singdirish zarur. Har qanday formatdagi zamonaviy kontentda o‘zbek xalq og‘zaki ijodi, ertaklar, afsonalar, shuningdek, tarixiy qahramonlarimiz va buyuk mutafakkir bobolarimiz obrazi ifodalanishi lozim. Bunday kontent bolalarimizni tarixga hurmat, Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalaydi.

Shuningdek, milliy kontent tayyorlashda zamonaviy format hamda texnologiyalar imkoniyatidan to‘liq foydalanish, yangi asr farzandlarining dunyoqarashiga mos zamonaviy mediamahsulotlar yaratish lozim. Bizning kontent bu borada jahon media kontentlaridan qolishmasligi kerak.

Milliy kontent yaratishda e’tiborga olish zarur bo‘lgan boshqa muhim jihatlar sifatida kontentning to‘liq o‘zbek adabiy tilida bo‘lishi, yoshga moslab tayyorlash va taqdim etish masalasi, bolalarda mediamahsulotda yoritilgan mavzuga nisbatan qiziqish uyg‘ota oladigan bo‘lishi kabilarni sanab o‘tish mumkin.

Umuman olganda, jahon tajribasidan o‘rganib, millatimizga xos bo‘lgan o‘z kontentimizni – mahsulotimizni yaratib, bolalarimizga taqdim etish lozim.

– “Gulxan” jurnali mamlakatimizda bolalarga mo‘ljallangan yetakchi nashrlardan biri sanaladi. Jurnalni nashrga tayyorlash jarayonida bugungi zamonaviy texnologiyalar rivojlangan davr bolasi uchun materiallar yaratishda asosan nimalarga e’tibor qaratilmoqda?

–Albatta, jurnalning har bir soni tayyorlanar ekan, uni o‘n yoki yigirma yil oldingi bola emas, bugungi raqamlashgan davr bolasi o‘qishini hisobga olamiz. Shu ma’noda har bir sonimizda zamonaviy bola, dunyoqarashi shakllanayotgan o‘smir uchun mos mavzulardagi materiallarni chop etishga harakat qilamiz.

Jurnal yanada qiziqarli bo‘lishi uchun sahifalar dizaynini tayyorlashda zamonaviy rasm, illyustratsiyalardan foydalanamiz. Turli hikoyalar uchun rasmlar, komikslarni rassomlarimiz chizgan suratlar bilan birgalikda, sun’iy intellekt yordamida chizilgan, asarning asosiy mazmunini o‘quvchiga yetkazib bera oladigan suratlardan ham foydalanamiz.

Shu o‘rinda jurnal mazmun-mundarijasiga ham to‘xtalib o‘tish o‘rinli, deb o‘ylayman. Yangi zamon bolasi yangicha fikrlaydi, uni o‘zgacha savollar bezovta qiladi. Biz jurnalimizda yosh avlodning ana shunday savollariga javob bo‘ladigan materiallarni chop etib boryapmiz. Buni to‘rt-besh yil avvalgi jurnal va bugungi chop etilayotgan jurnalni solishtirib, bilib olish qiyin emas. Xususan, “Bu qiziq”, “Huquqingizni bilasizmi?”, “Internet irmog‘i”, “Kim bo‘lsam ekan?”, “Bilib qo‘ygan yaxshi” kabi ruknlarimizda ilm-fan, texnika yutuqlari, zamonaviy kasblar, internet, texnologiyalar, olamshumul ixtirolar bilan bog‘liq maqolalar chop etiladi. Ular jurnal sahifalarining mavzu jihatidan rang-barangligi, zamonaviy texnologiyalar ta’sirida ulg‘ayayotgan bolalarimizning qiziqish va ehtiyojiga mos bo‘lishiga xizmat qiladi.

Jurnal tili va uslubi bolaga ham, o‘smirga, kattalarga ham tushunarli bo‘lishiga harakat qilamiz. Jurnalimizni ko‘zdan kechirgan boshqa hamkasblarimiz ham undagi uslubning sodda, hammabop, shuningdek, maqolalarning oson o‘qiladigan qisqa jumlalardan iboratligini ta’kidlashadi. Bu ham tahririyatimizning yana bir yutug‘i bo‘lsa kerak.

–Joriy yilda “Gulxan” jurnali “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovda Bosh mukofotga munosib topildi. Bu yuksak ishonch bolalar nashriga qanday mas’uliyatli vazifalarni yuklaydi?

To‘g‘ri aytdingiz, bu mukofot, nafaqat e’tirof va ishonch, balki yuksak mas’uliyat hamdir. Mukofot “Gulxan” jurnali tahririyatiga bir qancha vazifa va burchlarni yuklaydi. Biz, avvalo, jurnalning har bir soni yuksak saviya va sifatda bolalarimiz qo‘liga yetib borishi uchun harakat qilmoqdamiz.

Shuningdek, salkam bir asrlik jurnal sifatida bolalarimizni milliy qadriyatlarga hurmat, an’analarga sodiqlik ruhida tarbiyalashda faolligimizni yanada oshirish, o‘zbek bolasiga yanada yaqin bo‘lishga intilamiz. 

Shiddat bilan rivojlanayotgan zamondan ortda qolmaslik, yangicha formatlar, yangi platformalar yordamida bolalarni jalb etish va ular uchun sifatli milliy kontentni taqdim etishni ham maqsad qilganmiz va bu borada doimiy izlanish, rivojlanishdamiz.

Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsam, ushbu mukofot bizga nafaqat faxr, balki O‘zbekiston kelajagi bo‘lgan yosh avlodni tarbiyalashdagi javobgarlik hissini ham baxsh etdi. Biz ham oldimizga qo‘yilgan ana shu vazifalarimizni bajarishda shahdam qadam tashlayapmiz. 

O‘zA muxbiri 

Nazokat Usmonova 

suhbatlashdi.