Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zahmatli mehnatning yuksak eʼtirofi
22:46 / 2020-08-08

Hatto hozirgi pandemiya sharoitida ham karantin talablariga amal qilgan holda barcha qurilish obyektlarida ish toʻxtagani yoʻq.

Mamlakatimizda har yili avgust oyining ikkinchi yakshanbasi “Oʻzbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kuni” sifatida keng nishonlanadi. Prezidentimiz zahmatkash quruvchilarga yoʻllagan tabrigida ham ularga alohida minnatdorlik bildirib, kasb bayrami bilan qutladi.

Hatto hozirgi pandemiya sharoitida ham karantin talablariga amal qilgan holda barcha qurilish obyektlarida ish toʻxtagani yoʻq. Soha fidoyilarining tinimsiz mehnati va olib borayotgan saʼy-harakatlari tufayli bunyodkorlik ishlari jadal davom etmoqda.

Bunyodkorlik xalqimizga azaliy meros

Aslida bunyodkorlik xalqimizga ajdodlardan meros. Koʻp asrlik tarixga ega muborak qadamjolarimiz, goʻzal meʼmoriy obidalarimizning dongʻi yetti iqlimga tanilgan. Shu sababli Buyuk ipak yoʻlida joylashgan Samarqand, Buxoro, Xiva jahon tamaddunida muhim oʻrin egallagan. Buyuk bobomiz Amir Temurning “Bizning kuch-qudratimizga shubha qilsangiz, biz qurgan imoratlarga boqing” degan purmaʼno soʻzlari zamirida ham ana shu haqiqat oʻz aksini topgan.

Oʻtgan yillar davomida azim poytaxtimizdan tortib eng chekka hududlarning qiyofasi tubdan oʻzgardi. Keng va ravon yoʻllar, biri-biridan goʻzal osmonoʻpar binolarni koʻrganingizda quruvchilarning mahoratiga qoyil qolmasdan iloj yoʻq. Ayniqsa, tuman va qishloqlarda aholini zamonaviy uy-joylar bilan taʼminlash borasida olib borilayotgan ishlarni yurtdoshlarimiz chuqur minnatdorlik bilan eʼtirof etadi.

– Binokorlik milliy anʼanalarimiz asosida davom etayotgani, sohaga zamonaviy bilim va tajribalar keng tatbiq qilinayotgani bizni xursand qiladi, – deydi “Ijod-ijod” qurilish korxonasi rahbari Alisher Rahmonov. – Qurilish sohasida ish boshlaganimga 24 yil boʻldi. Shu kasb tufayli el orasida obroʻ topdik. Biz milliy uslubdagi binolarni quramiz. Oʻtgan vaqt davomida Samarqand, Buxoro, Xorazm, Surxondaryo va boshqa koʻplab viloyatlardagi tarixiy obidalar, masjidlar, madaniyat markazlarini qurish, pardozlash, taʼmirlash va restavratsiya ishlarida qatnashdik. Ayni kunlarda Islom sivilizatsiyasi markazi uchun zarur qurilish materiallarini tayyorlayapmiz. Davlatimiz tomonidan soha xodimlarining mehnati alohida eʼtirof etilgani bizga yana-da kuch-gʻayrat bagʻishlaydi. Oʻz ishimizga yana-da masʼuliyat bilan yondashishga undaydi.

Qurilishdagi islohotlar jamiyat farovonligiga xizmat qiladi

2020-yilda qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlar soni 38 ming 718 tani tashkil etib, oʻtgan yilga nisbatan 6,5 mingtaga koʻpaygan. Joriy yilning birinchi yarmida yurtimizda jami 43 trillion soʻmlik qurilish ishlari bajarilib, oʻsish surʼati oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 107 foizdan ziyodni tashkil etgan. Mazkur raqamlardan koʻrinib turibdiki, yil sayin mamlakatimizda qurilish maydonlari kengaymoqda. Bu esa aholiga qulay turmush sharoitini yaratish, tadbirkorlik subyektlari faoliyatini kengaytirish va davlatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Maʼlumotlarga koʻra, qishloq joylarda koʻp kvartirali uy-joylar qurilishi boʻyicha 2020-yilda respublika boʻyicha jami 12 ming 4 ta uy qurilishi moʻljallangan boʻlib, shundan 8 ming 4 tasi “Qishloq qurilish invest” IK ishtirokida, 4 ming tasi yangi tartibda quriladi. Shuningdek, shaharlarda aholiga arzon koʻp kvartirali uy-joylar qurilishi borasida bu yil jami 18 ming 10 ta uy qurilishi belgilangan. Shundan 4 ming 256 tasi “Oʻzshahar qurilish invest” IK ishtirokida, 13 ming 754 tasini yangi tartibda qurish rejalashtirilgan.

Tadbirkorlar (xususiy sektor) tomonidan bank krediti va oʻz mablagʻlari hisobidan zamon talablari asosida jami 298 ta koʻp qavatli uy-joy qurish moʻljallangan. Hozirga qadar mazkur turar joylar birin-ketin foydalanishga topshirilmoqda.

Bundan tashqari, 2020-yil uchun investitsiya dasturiga kiritilgan 2 ming 379 ta obyektni bunyod etish ishlari jadal surʼatlarda olib borilmoqda. Jumladan, 477 ta umumtaʼlim maktabi, 427 ta maktabgacha taʼlim muassasasi, 2 ta bolalar musiqa va sanʼat maktabi, 216 ta sogʻliqni saqlash, 5 ta oliy taʼlim, 29 ta jismoniy tarbiya va sport obyekti, 11 ta olimpiya zaxiralari maktab-internati va boshqa shu kabilarni keltirish mumkin.

Qayd etish kerakki, mazkur bino va inshootlarning energiya samaradorligini oshirishda qoʻl keluvchi bazalt, sunʼiy tolali isitish qurilmalari, issiqlik yetkazib beruvchi tizimlar kabi koʻplab energiya tejamkor qurilish materiallaridan keng foydalanilmoqda. Bu esa mahalliy ishlab chiqarishni yana-da kengaytirib, aholi bandligini ham taʼminlamoqda.

Zamonaviy “City”lar dunyo tan olgan uslubda qad koʻtarmoqda

Bu kabi islohotlarning aksariyati yangicha ruhda, keng koʻlamda zamonaviy koʻrinishda amalga oshirilmoqda. Jumladan, poytaxtimizda “Tashkent City” xalqaro ishbilarmonlik markazi qurilishi ishlari jadal olib borilmoqda. Eʼtiborlisi, qurilish ishlariga davlat mablagʻlari jalb qilinmagan. Yangi maskan jahon standartlariga mos ravishda 3 yilda bitkazilishi rejalashtirilgan. Hududda qurilayotgan dastlabki obyektlardan biri besh yulduzli mehmonxona va “Kongress xoll“ hisoblanadi. “Tashkent City” poytaxtimiz mehmonlari, tadbirkorlar va xalqimizga xizmat koʻrsatadi. Hududdagi 80 gektar maydonda biznes markaz, sanoat parki, savdo majmualari, konferensiya zallari, restoran va madaniy markazlar, koʻp qavatli uylar jadal surʼatda qurilmoqda.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, obyektlar qurilishida nostandart ishlanmalar va arxitektorlik loyihalaridan foydalanilgan. “Hilton” mehmonxonasi mustahkamligini taʼminlash uchun 37 metrgacha boʻlgan chuqurlikka 378 dan ortiq qoziq oʻrnatildi. “Kongress xoll“ ostidagi tuproq mustahkamlanishi purkovchi sementlash texnologiyasi yordamida amalga oshirildi. Mazkur binoning ostiga 3 ming 900 qoziq oʻrnatilgan. Bunday texnologiyani amaliyotga qoʻllashda, avvalo, gruntning murakkab tarkibi va binoning ogʻir vazni alohida eʼtiborga olingan.

Hozir poytaxtimiz qiyofasi tubdan yangilanishida ham mazkur bunyodkorlik ishlari asosiy oʻrin egallaydi. Xususan, Olmazor, Mirzo Ulugʻbek va Yunusobod kabi bir qator tumanlarda ham jahon andozasiga mos zamonaviy maskanlar barpo etilmoqda.

Hududlar shaharsozligida bosh rejalarni ishlab chiqish muhim

Avvalo hududlarimizni shaharsozlik jihatidan rivojlantirishning asosi nimadan boshlanadi? Shunga qisqacha toʻxtalib oʻtsak. Eng avvalo, har bitta aholi punktini (shahar, shaharcha, qishloq va ovullar) mukammal va istiqbolli rivojlantirishni koʻzlagan holda bosh rejalar ishlab chiqilishi lozim. Maʼlumot tariqasida raqamlarga nazar soladigan boʻlsak, hozir jami 1 ming 200 ta shahar va shaharcha mavjud boʻlib, shundan 91 foizining bosh rejalari ishlab chiqilgan. Ushbu bosh rejalar asosida yoʻl, suv, injenerlik tarmoqlari aholi yashashi uchun uy-joylar, ijtimoiy soha obyektlari, mehnat faoliyatini olib borish uchun hududning salohiyatiga qarab ishlab chiqarish obyektlari qurilishi tashkil etiladi.

Hozir bu qurilish jarayonlari asosan tadbirkorlarimiz, mahalliy va xorijiy investorlar tomonidan amalga oshirilmoqda. Vaholanki, bu qurilish ishlarini amalga oshirishning qonunchiligimizda belgilab quyilgan tartib-tamoyillari mavjud

– Biz bilamizki, avvallari bu jarayonlar mahalliy hokimiyat organlari va tegishli tashkilotlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri murojaat orqali amalga oshirilardi, – deydi Qurilish vazirligi hududlarni arxiteketura va shaharsozlik jihatidan rivojlantirish boshqarmasi mutaxassisi Jahongir Anvarov. – Mazkur jarayonda koʻplab hujjatlar talab etilishi esa kishilarga noqulayliklar tugʻdirayotgan edi. Shuningdek, ayrim byurokratik toʻsqinliklar yuzaga kelishiga sabab boʻlardi. Hozirgi kunga kelib bu jarayonlar batamom soddalashtirildi. Qurilish vazirligi tomonidan bu kabi ovoragarchiliklarning oldini olish maqsadida koʻplab samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Bunda avvalo sohaning huquqiy asoslari takomillashtirilgani muhim ahamiyat kasb etdi.

Sohada olib borilayotgan bunday islohotlar, hududlar koʻrkiga oʻzgacha jilo berguvchi ulkan qurilishlar zamirida xalqimiz turmushi farovonligini oshirish maqsadi mujassam.