Jizzax viloyatida Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan soha rivojiga salmoqli hissa qo‘shib kelayotgan paxtakor, bog‘bon, fermer va agrar sohaning fidoyi vakillari davlat mukofotlari bilan taqdirlanishdi.
Bu nafaqat mehnatkashlarning uzoq yillik sidqidildan qilgan zahmatiga berilgan munosib baho, balki qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan islohotlar izchillik bilan o‘z samarasini berayotganini ham tasdiqlaydi.
Prezidentimiz farmoniga asosan, mukofotlangan yurtdoshlarimiz orasida mehnat unumdorligini oshirish, intensiv agrotexnika usullarini joriy etish, zamonaviy ishlab chiqarish madaniyatini shakllantirish, mahsulotlarni sifatli qayta ishlash va eksport salohiyatini kengaytirishga katta hissa qo‘shgan mutaxassislar alohida e’tirof etildi. Ular yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, innovatsion texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish, yosh kadrlarni tayyorlash va tarbiyalashda ham yuqori ko‘rsatkichlarga erishgani bilan o‘rnak bo‘lmoqda.
[gallery-26689]
Baxmal tumanidagi “Gulbuloq sabzavotlar makoni” fermer xo‘jaligi rahbari Muhabbat Hasanova “Mehnat shuhrati” ordeni bilan, Do‘stlik tumani hokimi Shavkat Darvishev “Do‘stlik” ordeni bilan, Arnasoy tumanidagi shaxsiy tomorqa egasi Ikrom Karimov “Jasorat”, Paxtakor tumanidagi “Bog‘ishamol tomorqa eksport” MCHJ rahbari Jamshid Axmedov “Kelajak bunyodkori”, Do‘stlik tumanidagi “Ilhom Sharif” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi rahbari Ikrom Shayzakov esa “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
Davlat mukofotlari tantanali marosimda Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyev tomonidan topshirildi.
Shuningdek, Toshkent shahrida o‘tkazilgan respublika tadbirida Jizzax viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Zafar Ruziyev “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi” faxriy unvoni, Sharof Rashidov tumanidagi “Qo‘rg‘ontepa” fermer xo‘jaligi rahbari Abdunabi Abdurahmonov “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan paxtakor” unvoni, Zafarobod tumanidagi “Forish yo‘llari” fermer xo‘jaligi rahbari Rustam Raimqulov esa “Shuhrat” medali bilan mukofotlanishdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari