Nurafshon shahrida 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov, ustoz jurnalistlar, matbuot, axborot agentliklari, televideniye va radio, internet nashrlarida faoliyat ko‘rsatayotgan soha xodimlari, bloger va yosh ijodkorlar qatnashdi.
Dastlab, viloyat hokimi Z.Mirzayev barcha jurnalistlarni tabrikladi. Prezidentimizning matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yo‘llagan tabrigi alohida e’tirof qilindi. Toshkent viloyati matbuotida muhim o‘rin tutgan “Sharq haqiqati” gazetasi va unda mehnat qilgan insonlar yodga olindi. Mazkur matbuot nashri 1928 yil 11 dekabrda chop etilgan. Hozir bu nashr bugun “Toshkent haqiqati” nomi bilan chop etilib, xalqimizga ma’rifat ulashmoqda.
Hozir viloyatda 48 nomda bosma ommaviy axborot vositalari faoliyat yuritadi. Prezidentimiz tashabbusi bilan faoliyat yuritayotgan “Nurafshon” telekanali ham hudud media sohasida o‘ziga xos o‘rin egallagan. Mahalliy internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarning umumiy auditoriyasi yil sayin ortmoqda.
Bu yil davlat mukofotlari bilan taqdirlanganlar safiga yana bir fidoyi ustoz jurnalist qo‘shildi. Kuni kecha Prezidentimiz Farmoniga muvofiq, Vatanimizning yuksak davlat mukofoti – “Do‘stlik” ordeniga “Chinoz hayoti” gazetasining Bosh muharrir o‘rinbosari, taniqli ijodkor Abdujalol Rahimov sazovor bo‘ldi. Shuningdek, “Toshkent haqiqati” gazetasining Bosh muharriri o‘rinbosari, iste’dodli jurnalist Suhrob Sadirov “Oltin qalam” Milliy mukofotini qo‘lga kiritdi. U “Sport sohasida yoritilgan eng yaxshi materiallar uchun” nominatsiyada g‘olib bo‘ldi.
Bayram tadbirida viloyat qalam ahli vakillari, faxriylar, sohaning yetuk namoyandalari, ustoz jurnalistlarga esdalik sovg‘alari topshirildi. San’at ustalari va ijodkor yoshlar tomonidan tayyorlangan konsert dasturi barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.
A.Alijonov, O‘zA.