Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zahmatkash olim yodi
12:41 / 2025-12-18

O‘zbekiston Respublikasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, san’at va fan arbobi, Davlat mukofoti sovrindori Izzat Sultonov tavalludining 115 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-adabiy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda olimning o‘zbek adabiyotshunosligi, san’atshunoslik va madaniyat taraqqiyotidagi ulkan xizmatlari, ilmiy merosining bugungi adabiy jarayondagi ahamiyati, shuningdek, uning ijodiy faoliyatining dolzarb masalalari yuzasidan ma’ruzalar tinglandi.  

Aytish joizki, ustoz  qalamkash Izzat Sulton milliy adabiyotimiz zahmatkashi va jonkuyari, adabiy tanqid va tahlil, badiiy tarjima, dramaturgiya kabi yo‘nalishlarda peshqadam ijodkor edi.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, yetakchi adabiyotshunos, iste’dodli dramaturg Izzat Sulton 1910 yil 21 noyabrda O‘sh shahrida hunarmand oilasida tug‘ildi. Otasi vafotidan keyin bolalar uyida tarbiyalandi. 1924 yilda u Toshkentga o‘qishga keladi. Avval «Namuna» ish maktabi, so‘ngra ta’lim-tarbiya texnikumida o‘qiydi. Texnikumni tamomlagach, maktablarda o‘qituvchilik qiladi.

Manbalarga ko‘ra, Izzat Sulton 1930 yilda O‘rta Osiyo Davlat universitetining ijtimoiy fanlar fakultetida o‘qiydi. Samarqand shahrida chiqadigan «Batrak» gazetasi muharririyatida mas’ul kotib bo‘lib ishlaydi. 1934 yili Til va adabiyot instituti aspiranturasiga kirib, uni 1937 yilda tamomlaydi. 1943-1948 yillarda davlat rahbarlik lavozimlarida xizmat qiladi. 1948 yildan buyon O‘zbekiston Fanlar akademiyasi A.S.Pushkin nomli Til va adabiyot instituti (hozirgi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori  instituti)da ishlagan.

Izzat Sulton 1932 yildan boshlab vaqtli matbuotda adabiyotshunoslikka oid maqolalarini e’lon qilib kelgan. Ustoz ijodkor  «Adabiyot nazariyasi» (1939, 1979) darsligini yaratgan. Tadqiqotchining ulug‘ o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy merosini o‘rganishga oid qator ilmiy asarlari alohida ahamiyatga ega.  

Izzat Otaxonovich keng qamrovli olim, adabiyotshunos sifatida xalq og‘zaki ijodi, mumtoz adabiyot, zamonaviy adabiy jarayon, qardosh va jahon adabiyoti, adabiyot nazariyasiga oid o‘nlab yetuk asarlarning muallifidir.

Izzat Sulton badiiy adabiyot sohasida ham barakali ijod qilgan. Ilk dramatik asari «Burgutning parvozi» (1939) zamondoshlarini Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash jihatidan muhimdir. Uyg‘un bilan hamkorlikda yozgan «Alisher Navoiy» (1940) asari o‘zbek dramaturgiyasining yutuqlaridan biri bo‘ldi. «Noma’lum kishi» (1963), «Imon» (1960) dramalarida axloq normalari, zamonamiz kishilarining fazilatlari ulug‘langan.  

«Ko‘rmayin bosdim tikanni», «Ibn Sinoning bolaligi», «Abdulla Qodiriyning «O‘tgan kunlari» asarlari  olim  ijodida muhim o‘rinni egalladi.

Izzat Sulton O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi (1995), O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi (1964), O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1981) Beruniy nomidagi Davlat mukofotining laureati (1970), «Shuhrat» medali sohibi (1992) edi.  

Tadbir doirasida yetuk olimlar, yosh tadqiqotchilar va soha mutaxassislari ishtirok etib, Izzat Sultonov ilmiy maktabining davomiyligi va uning zamonaviy tadqiqotlardagi o‘rni muhokama qilindi.  

N.Usmonova,

O‘zA muxbiri