E’tirof
Zangiota tumani Madaniyat saroyida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli yozuvchi Abdusattor Hotamovning 80 yillik yubileyiga bag‘ishlangan adabiy-badiiy kecha bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Toshkent viloyati hokimligi vakillari, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, shoir Salim Ashur, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Rahmatilla Sheraliyev, viloyat ziyolilari, ijodkorlar, nuroniylar hamda hudud faollari ishtirok etdi.

Tadbirda yozuvchining boy ijodi va jamoatchilikdagi faoliyatiga yuqori baho berildi. Ko‘p yillar davomida birga ishlagan hamkasblar, do‘stlar birgalikda amalga oshirilgan ishlar, jurnalistika sohasidagi zahmatli mehnat sarhisob qilindi. Kelgan mehmonlar o‘z tabriklari, samimiy tilaklarini bildirdi.
Abdusattor Hotamov jurnalistik faoliyatini 1968 yilda Zangiota tumani hokimligining ijtimoiy-siyosiy gazetasi “Leninchi”da adabiy xodim sifatida boshlagan. Keyinchalik bo‘lim mudiri, muharrir o‘rinbosari, 1988-2010 yillarda esa bosh muharrir bo‘lib faoliyat olib bordi. 2010 yildan 2013 yilgacha bo‘lim muharriri lavozimida ishladi. “Eng ulug‘, eng aziz” Respublika tanlovining viloyat bosqichida bir necha bor taqdirlangan.

2004 yil “Shuhrat” medali, 2022 yil “Birinchi darajali mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan mukofotlandi. Shuningdek, O‘zbekiston Jurnalistlar va Yozuvchilar uyushmalari a’zosi va ko‘pgina kitoblar muallifidir. Ijodkorning “Sehrli ko‘zoynak”, “Yaxshilik daraxti”, “Baland uchgan turnalar”, “Vaqt yog‘dusi”, “Arg‘imchoqdagi bolalar” nomli ko‘plab kitoblari chop etilgan. Bundan tashqari, A.Hotamovning ko‘pgina yozgan hikoyalari, esse, novella va maqolalari “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Qishloq hayoti”, “Hurriyat”, “Toshkent haqiqati” kabi gazetalarda ham faol yoritilgan.

Tadbirda yozuvchining asarlari haqida fikrlar bildirilib, adabiyot va jurnalistikaga qo‘shgan hissasi alohida e’tirof etildi. Adabiyot va matbuotdagi uzoq yillik mehnati munosabati bilan A.Hotamovga “Faxriy yorliq” va tashakkurnomalar, esdalik sovg‘alar topshirildi.
San’atkorlarning musiqiy chiqishlari barchaga manzur bo‘ldi. To‘kin dasturxon atrofidagi dilkash suhbatlar va xotiralardan dillar yayradi.

A.Musayev,O‘zA