Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida tarix fanlari doktori, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professori Rahmon Farmonovning “Shoh, shoir va diplomat” nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva muallif kitobda buyuk mutafakkir, odil podshoh, benazir shoir, buyuk diplomat Zahiriddin Muhammad Bobur haqidagi ko‘plab muhim ilmiy manbalarga tayanganini hamda tarixiy voqealarni xolisona va chuqur asoslangan tarzda yoritganini ta’kidladi.
Filologiya fanlari doktori, professor Rahimboy Jumaniyozov “Shoh, shoir va diplomat” kitobining ahamiyatli va dolzarb jihatlari haqida so‘zladi.
Ishtirokchilar mazkur kitobdan Boburning odil siyosatchi va davlat arbobi sifatida olib borgan faoliyati, xalqaro munosabatlar va tashqi siyosatning mohir bilimdoni ekani, uning ijodiy faoliyati, lirikasida vatanparvarlik ruhining tarannum etilishi xususida so‘z yuritdi. “Shoh, shoir va diplomat” kitobi ilmiy asar bo‘lishiga qaramay, tili sodda va ravonligi hamda u buyuk ajdodimizga nisbatan yuksak ehtirom tuyg‘usi bilan bayon etilgani e’tirof etildi.
Tadbirda tarix fanlari doktori, professor Rahmon Farmonov “Shoh, shoir va diplomat” kitobining yozilishiga zamin yaratgan sabablar, omillar va chop etilish jarayoni haqida so‘zlab berdi.
Tadbirda ishtirok etgan yoshlar mazkur kitob orqali Boburning hayot yo‘li, uning siyosat sahnasida tutgan diplomatik munosabatlari haqida ko‘plab qiziq ma’lumotlarga ega bo‘ldi va tadbir tashkilotchilariga o‘z minnatdorliklarini izhor etdi.
Tadbir doirasida ishtirokchilar e’tiboriga buyuk mutafakkir, shoir, buyuk davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti, diplomatik faoliyati va ijodi bilan tanishtiruvchi kitoblardan tashkil topgan ko‘rgazma namoyish etildi.
N.Usmonova, O‘zA