Bojxona institutida buyuk davlat arbobi, shoir va sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligiga bag‘ishlangan “Zahiriddin Muhammad Bobur — Vatanga muhabbatning bebaho timsoli” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda institut professor-o‘qituvchilari, kursantlar hamda faol yoshlar ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar Bobur nafaqat noziktabiat shoir, balki kuchli siyosatchi va mohir sarkarda sifatida ham tarixda o‘chmas iz qoldirganini ta’kidladi.

Zahiriddin Muhammad Bobur yoshlik chog‘idanoq siyosiy kurashlar va murakkab vaziyatlar ichida toblangan. U 12 yoshida Farg‘ona taxtiga o‘tirib, qisqa fursatda katta siyosiy tajriba orttirgan. Murakkab sharoitlarga qaramasdan, u o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlaridan chekinmagan, harbiy yurishlar orqali o‘z qudratini namoyon etgan.

Bobur 1526-yilda Panipat jangida g‘alaba qozonib, Hindiston hududida qudratli Boburiylar davlatiga asos solgan. Uning harbiy iste’dodi, strategik fikrlashi va adolatli boshqaruvi tufayli davlat qisqa vaqt ichida mustahkamlandi.

Bobur davlat boshqaruvida markazlashgan tizimni yo‘lga qo‘ydi, iqtisodiy va harbiy islohotlar amalga oshirdi, turli millat va din vakillariga nisbatan bag‘rikeng siyosat yuritdi.
Shu bilan birga, u yuksak ma’naviyat sohibidir. Uning mashhur “Boburnoma” asari nafaqat tarixiy manba, balki o‘sha davr siyosiy, ijtimoiy va madaniy hayotini aks ettiruvchi noyob yodgorlik hisoblanadi.

Tadbir davomida institut kursantlari tomonidan Bobur qalamiga mansub g‘azal va ruboiylar ifodali tarzda o‘qildi. Shuningdek, shoh va shoirning sermazmun hayoti hamda davlatchilik faoliyatini yorituvchi sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
Ma’naviyat va yoshlar tarbiyasi markazi qoshidagi Ashula va raqs ansambli xonandalari A.G‘apporov va D.Shodmonova tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar tadbirga yanada ko‘tarinki ruh va o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
Bu kabi tadbirlar yosh avlod qalbida buyuk ajdodimizga bo‘lgan yuksak ehtiromni yanada mustahkamlab, ularni vatanparvarlik, jasorat va fidoyilik ruhida tarbiyalashga xizmat qildi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA