O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida Zahiriddin Muhammad Bobur asarlaridan jamlangan “HIKMATLAR” kitobi o‘zbek va nemis tillarida nashr bo‘ldi.
Aslida Bobur Mirzo “Hikmatlar” nomli risola bitmaganini ulug‘ bobokalonimizning zukko ixlosmandlari yaxshi biladi.
Ta’kidlash joizki, Zahiriddin Muhammad Boburning tarixdagi o‘rni beqiyos: buyuk sulola asoschisi, benazir shoir, adib, muaarix, sarkarda...
Bobur Mirzoga Alisher Navoiydek ulug‘ zot yonidan joy olish nasib etgan.
U adabiyot ilmi bilimdoni sifatida eng qiyin soha – aruzga ham qo‘l urdi, bu yo‘lda arab, fors, ozarbayjon, turk tadqiqotchilari yetolmagan cho‘qqini zabt etdi.
“Boburnoma”ni ingliz tiliga ikkinchi marta tarjima qilgan ingliz sharqshunosi Anneta Syuzanna kitobning ikkinchi sahifasini to‘lasicha quyidagi bir gapga ajratadi:
“Bu kitob Boburning shuhratiga bag‘ishlanadi”.
Bobur Mirzo hayoti boshdan oxir ibrat edi, uning asarlari ham hikmatlarga to‘la. Birgina hammamizga tanish, yod bo‘lib ketgan:
Kim ko‘ribdur, ey ko‘ngul, ahli jahondin yaxshilig‘?!
Kimki, ondin yaxshi yo‘q, ko‘z tutma ondin yaxshilig‘!
matla’li g‘azalidan o‘rin olgan baytlarning har biri alohida bir hikmat.
Yoki, Otani chunki qibla debturlar,
Qibla yanglig‘ anga nazar qilg‘il...
Yo, ushbu baytga e’tibor bering:
Falak gahe qildi davlat bilan hamnishast,
Gahe qildi mehnat bila yerga past...
Zahiriddin Muhammad Bobur g‘azallaridan tartib berilgan “HIKMATLAR” kitobini, albatta, o‘qing. Mutolaa sizni ulug‘ alloma ijodiga yanada yaqinlashishga, uni sevib qolishingizga sabab bo‘lg‘ay.
O‘zA