Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zahiriddin Muhammad Bobur haqida hujjatli film suratga olindi
10:16 / 2021-08-04

So‘nggi vaqtlarda o‘zbek kinosida tarixiy filmlar suratga olish ishlari anchagina jonlandi.

Tarixiy kartina yaratish mushkul ish. Chunki tarix bugun emas. U turli manbalarda turlicha aks etgan. Kartinada esa eng to‘g‘ri tarixiy haqiqatlar aks etmog‘i lozim.  

 O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi va Jamoat xavfsizligi universiteti hamkorligida “Sintez film” kinostudiyasi tomonidan Zahiriddin Muhammad Bobur haqida tarixiy hujjatli film tasvirga olindi. Ushbu film O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil Adiblar xiyoboniga tashrifi davomida berilgan topshiriqlari yuzasidan amalga oshirilmoqda.  

 Mazkur kinokartina «Xalq yuragi» nomi ostida suratga olinayotgan 24 qismli turkum filmlardan biri. Kinokartinada shoh va shoirning keng dunyoqarashi, ulkan aql-zakovati, saltanatni boshqarishdagi salohiyati yoritiladi, Bobur Mirzo hayotining xronologiyasi qamrab olinadi. Bobur o‘z qo‘llari bilan bayon etgan hayoti davomidagi zalvorli voqealarni jonlantirish orqali film mazmuni ochib beriladi.  

 - Mustaqillik yillarida Zahiriddin Muhammad Bobur siymosini aks ettirgan badiiy yoki hujjatli film ishlanmagan edi, - deydi rejissyor Bobur Sher o‘g‘li. - Bu bizni katta mas’uliyat bilan ishlashga undadi. Jamoa bilan qo‘ldan kelguncha harakat qildik. O‘sib kelayotgan yosh avlodda Bobur siymosiga yanada muhabbat uyg‘otish maqsadida uning mardligiga, jasur va qo‘rqmas inson bo‘lganligiga ahamiyat qaratdik. Filmni yaratishda asosan «Boburnoma» asos qilib olindi. Bundan tashqari, boburshunos olimlar tadqiqotlari va sarkarda haqida yozilgan tarixiy asarlardan foydalandik. Filmda barcha voqealar qahramon, ya’ni Zahiriddin Muhammad Bobur tilidan hikoya qilib beriladi. Bunda «Boburnoma» memuar asari yozilgan uslubidan foydalandik. Maqsad bobokalonimiz shaxsiyatini xalqqa yanada yaqinlashtirish.  

 Ssenariy muallifi va postanovkachi rejissyor Bobur Sher o‘g‘li. Kartina Xurshid Alixo‘jayev prodyuserligida tasvirga olingan. Kartinada Ilhom Berdiyev, Elbek Fayziyev, Ilmira Rahimjonova, Bahrillo Rahimov, Alisher Yo‘ldoshev, Mansur Abduxoliqov, Vimal Saini va boshqalar  rol ijro etgan.  

 Hujjatli filmning katta namoyishi O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yilligi arafasida bo‘lib o‘tadi.  

 D. Mamatova, O‘zA