Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zaharlash voqeasi: Boburga kim suiqasd qilgan edi?
10:29 / 2024-12-21

Vatanimiz tarixidagi 21 dekabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.

21 dekabrdan 22 dekabrga o‘tar kechasi eng qisqa kun va 17 soat davom etadigan eng uzun tun sodir bo‘ladi. Qishning bu eng uzun va qorong‘i kechasi Yaldo kechasi deyiladi.

1232 yil (bundan 792 yil oldin) – tarixchi olim Ziyo Buniyodovning yozishicha, mo‘g‘ullar Isfahonga bostirib kelganida bir mo‘g‘ul xazina izlab, atoqli qasidago‘y shoir, oltmish yoshli Kamoliddin Ismoilni o‘ldirdi. U, so‘nggi ruboyisini o‘z qoni bilan yozdi. Bu vaqtda sulton Jaloliddin Manguberdi olamdan o‘tgan, mo‘g‘ullar zulmi avjiga chiqqan edi.

Go‘zal ma’nolarni ochgani uchun Kamoliddin “Halloqi maoniy” (“Ma’nolar yaratuvchi, ijodkor”) laqabini olgan. U, xorazmshohlardan Takashga, Alouddin Muhammadga, Jaloliddin Manguberdiga, G‘iyosiddin Pirshohga, Fors otabegi Sa’d ibn Zangiy va uning o‘g‘li Abu Bakrga atab qasidalar yozgan.

1526 yil (bundan 498 yil oldin) – hijriy 933rabiulavval oyining o‘n oltinchisi (milodiy 1526 yil 21 dekabr)da, juma kuni Zahiriddin Muhammad Boburga qarshi suiqasd uyushtirildi. “Bobur ensiklopediyasi”da qayd etilishicha, Shimoliy Hindistonni egallagan Bobur Panipat jangida halok bo‘lgan Ibrohim Lo‘diyni hurmat bilan dafn ettirgan. Uning harami va qarindoshlariga ziyon-zahmat yetkazmay, Dehli atrofidan parganalar ajratib berib, yetarlicha maosh tayinlagan. Shundaybo‘lsa-da, Ibrohim Lo‘diyning onasi malika Bu’a ko‘rsatilgan marhamatga qaramay, Boburning hayotigasuiqasd qilish yo‘llarini izlaydi.

Bobur Ibrohim Lo‘diyning oshpazlaridan to‘rttasini tanlab, o‘z saroyi oshxonasiga ishga olib, ularga hindcha taomlar tayyorlatgan. Buni eshitgan malika Itavaga odam yuborib, sobiq oshpazi Ahmad Choshnigirni huzuriga chorlaydi. Dehliga yetibkelgan Ahmad Choshnigirga o‘zining cho‘rilaridaibiri orqali ikki misqoldan ko‘proq zahar tutqazadi. Yana boshqa cho‘risini izidan jo‘natib unikuzattiradi. Ahmad Choshnigir zaharni olgach,saroydagi hindistonlik oshpazga to‘rt pargana yerva’da qilib, har qanday yo‘l bilan bo‘lsa-da, podshohning ovqatiga zahar solishga ko‘ndiradi.Saroy bakovullarining g‘ofilligidan foydalangan oshpaz zaharning yarmini yupqa chapati ustiga sepibustidan yog‘liq qaliya (qayla, sous) soladi.

Kechqurun namozshom payti avvaliga tovushqon oshidan yegan Bobur qaliyadan ham totadi. Ko‘ngli noxush bo‘lsa-da, buning sababi o‘tgan kuni yegan qoq go‘shtdan bo‘lsa kerak, degan xayolga boradi.  

Dasturxon ustida ikki-uch marta ko‘ngli ayniganidan so‘ng Bobur o‘rnidan turib obxona (yuvinish xonasi)ga yo‘l oladi. Zo‘rg‘a obxonaga yetib kelib qayt qiladi. Hechqachon oshdan keyin va hatto ichgan paytlarida ham qayt qilish odati bo‘lmagani uchun Boburning ko‘nglida shubha uyg‘onadi. Oshpazni hibsga oldirib, qolgan qaliyani itga berishni buyuradi. Ertasi kuni it behol bo‘lib, qorni shishadi. Shu ovqatdan yegan bir-ikki xizmatkor ham qayt qiladi. Ulardan birining ahvoli ancha og‘irlashadi. Biroq hammasi tuzalib ketadi.

Zaharni tanadan haydash uchun Bobur uch kun sut ichadi. O‘zining tirik qolishini Tangrining inoyati deb hisoblaydi. To‘rtinchi kuni Bobur chorboqqa chiqib bu g‘aroyib va dahshatli voqeani o‘z qo‘li bilan yozib Kobulga jo‘natadi va yaqinlaridan xavotir olmaslikni so‘raydi.

1913 yil (bundan 111 yil oldin) – Ubaydulla Asadullaxo‘jayev Toshkentda mahalliy tilda “Sadoi Turkiston” nomli gazeta chiqarishga ruxsatnoma oldi.  

Mahalliy tilda chiqadigan ushbu gazetaning keng omma o‘rtasidagi ulkan ahamiyatini hisobga olib Turkiston general-gubernatori davlat bosmaxonalariga bu gazetani chiqarish bo‘yicha buyurtma qabul qilmaslik to‘g‘risida farmoyish berdi. Natijada gazeta 1914 yil fevralidagina chiqa boshladi.

1931 yil (bundan 93 yil oldin) – kimyogar olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Abduali G‘aniyev dunyoga keldi (vafoti 1999 yil).

1942 yil (bundan 82 yil oldin) – tarixchi olim Amriddin Berdimurodovning yozishicha, Samarqanddagi Go‘ri Amir maqbarasidagi dahmalarni ochish uchun tuzilgan Hukumat ekspeditsiyasi Samarqandda o‘z ishlarini tugalladi.  

Hukumat ekspeditsiyasi tomonidan 1941 yilda Temur, Ulug‘bek, Shohrux, Mironshoh, Muhammad Sultonlarning qabrlari ochilib, suyak hamda boshqa buyumlar olindi hamda keyinchalik suyaklar qazilgan paytida qanday uchratilgan bo‘lsa, xuddi shu tartibda joylashtirildi.

Hukumat ekspeditsiyasi tomonidan olib borilgan barcha ishlar hujjatlashtirib borildi. Aktlar o‘zbek, rus, fors va ingliz tillarining har birida besh nusxada xitoy bo‘yog‘i bilan XVII–XIX asrlarda tayyorlangan Samarqand, Buxoro, Ko‘qon qog‘ozlariga bitildi. To‘rt komplekt akt har biri alohida holda naysimon qilib eshilib, uch joydan ipak ip bilan bog‘landi. Har bir o‘ram alohida maxsus tayyorlangan shisha idishlarga solindi. Har bir shisha idishning ichiga bir tomchidan simob quyildi. Idishlarning ichiga azot solinib, uning ochiq tomoni kavsharlandi.

Har bir shisha idish maxsus yasalgan marmar g‘iloflarga solindi va g‘ilofning qopqog‘i ganch bilan mustahkamlandi. Temur, Ulug‘bek, Shohrux va Muhammad Sultonlarning qabrlariga bittadan aktlar solingan shishalar joylashtirildi. Shu ishlar tamom bo‘lgach, qabrlarning ustidagi yozuvli toshlar qaytadan o‘z joylariga, xuddi avvalgidek o‘rnatilib, ganch yordamida mustahkamlandi. Mironshohning qabri ustida marmar tosh bo‘lmaganligi uchun u tuproq bilan to‘ldirilib, ustiga g‘isht terildi.

1981 yil (bundan 43 yil oldin) – Samarqand viloyat o‘lkashunoslik muzeyi o‘z faoliyatini boshladi. Muzey Rossiya imperiyasining badavlat savdogarlaridan biri Abram Qalantarovga tegishli bo‘lgan tarixiy binolardan birida, taniqli rus me’mori Ye.Nelle loyihasi asosida qurilgan, XX asr me’morchiligiga xos bo‘lgan eklektik uslubdagi ikki qavatli binoda joylashgan.

1991 yil (bundan 33 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi tashkilotiga a’zo bo‘ldi.  

1991 yil (bundan 33 yil oldin) – Serra Leone Respublikasi O‘zbekiston suverenitetini tan oldi.

1995 yil (bundan 29 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi, O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi (birinchi qismi) tasdiqlandi; “«O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili haqida»gi Qonunga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”, “Naslchilik to‘g‘risida”gi Qonunlar qabul qilindi.

2004 yil (bundan 20 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

2004 yil (bundan 20 yil oldin) – O‘zbekiston musulmonlari idorasida ko‘zi ojizlar uchun Brayl yozuvida nashr etilgan 8 jildlik Qur’oni Karimning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. Misr va Tunisdan keyin jahonning uchinchi mamlakati – O‘zbekistonda nashr etilgan mazkur kitob nogironligi bo‘lganlar uchun bebaho tuhfa bo‘ldi.

2017 yil (bundan 7 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.  

Unga asosan avgust oyining ikkinchi yakshanbasi O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kuni etib belgilandi.

2021 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligiga ko‘maklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”, «Termiz» erkin iqtisodiy zonasi hududini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorlari qabul qilindi.

2021 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish va ularning biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

2022 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni, “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari doirasida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

2023 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni, “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi