English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zafer Sirakaya O‘zbekistonning tashqi siyosat natijalarini yuqori baholadi
20:52 / 2025-09-09

O‘zbek va turk xalqlari azaldan do‘st va birodar hisoblanadi. Qardoshlik rishtalari, xalqlarimizning tarixiy ildizlari, mushtarak orzu-intilishlari ikki xalqni yanada yaqinlashtiradi.

Avval xabar berganimizdek, Turkiyaning “Adolat va taraqqiyot” partiyasi raisi o‘rinbosari Zafer Sirakaya boshchiligidagi delegatsiya vakillari mamlakatimizda bo‘lib turibdi. Tashrif davomida partiya raisi o‘rinbosari Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ham bo‘lib, Spiker o‘rinbosari Rahimjon Hakimov bilan uchrashdi.

Uchrashuvda so‘nggi yillarda davlat rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdog‘anning siyosiy irodasi bilan keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlari o‘zaro ishonch va do‘stlik rishtalari asosida jadal rivojlanib, ikki tomonlama hamkorlik yanada yuqori darajaga ko‘tarilayotgani e’tirof etildi.  

Muloqotda o‘zaro tajriba almashish, hamkorlik istiqbollarini belgilab olishda parlamentlar va partiyalararo aloqalar muhim o‘rin tutishi, keyingi yillarda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi hamda Turkiyaning “Adolat va taraqqiyot” partiyasi o‘rtasidagi aloqalar izchil rivojlanib borayotgani qayd etildi.

Shuningdek, suhbat davomida mehmonlarga yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalarini ro‘yobga chiqarish borasidagi sa’y-harakatlar hamda Qonunchilik palatasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

O‘z navbatida, Z.Sirakaya O‘zbekistonda olib borilayotgan muvozanatli, konstruktiv va pragmatik tashqi siyosat va uning natijalarini yuqori baholadi. Amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi o‘laroq, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘si tobora ortib borayotganini e’tirof etdi.

Muloqot davomida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, parlamentlararo va partiyalararo munosabatlarni rivojlantirish, siyosiy partiyalar o‘rtasida tajriba almashish masalalari ham muhokama qilindi.

Muhtarama Komilova,

O‘zA