French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Za’faron yetishtirish va uning tibbiy imkoniyatlari tahlil qilindi
11:56 / 2026-03-06

Toshkentdagi “BMB Holding” ilmiy tadqiqotlar bo‘limida o‘tkazilgan uchrashuv za’faron yetishtirish va uning tibbiy imkoniyatlarini chuqur tahlil qilishda yangi istiqbollarni ochdi.

Uchrashuvda qishloq xo‘jaligi sohasida falsafa fanlari doktori (PhD) Bumayram Usmonova va farmatsevtika fanlari doktori, professor Abduqodir To‘laganovlar ishtirok etishdi. Muzokaralar dorivor o‘simliklardan samarali foydalanish, ularning tarkibini ilmiy asosda standartlashtirish va za’faronning farmakologik qimmatini aniqlash masalalari atrofida olib borildi.

Jizzax viloyatining Baxmal tumanidagi “BMB Opera Zafferano” O‘zbekiston–Italiya qo‘shma korxonasi plantatsiyalarida yetishtirilayotgan za’faron va uning biologik faol moddalarini aniqlash hamda turli kasalliklardan muhofaza qilishdagi roli ilmiy asosda tadqiq etish yuzasidan hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.

Muzokarada asosiy e’tibor za’faron tarkibidagi faol komponentlarning tibbiy va profilaktik ahamiyatini ilmiy asoslashga qaratildi. Shuningdek, yetishtirish jarayonida qo‘llanilayotgan o‘g‘itlar va agrotexnik usullarning mahsulot tarkibiga ta’siri ham to‘liq tahlil qilinadi. O‘g‘it qo‘llanilgan va qo‘llanilmagan holatlarda biologik faol moddalar miqdorini taqqoslash rejalashtirildi.

Muzokaralar yakunida professorlar rahbarligida za’faronning tarkibiy tahlillari amalga oshiriladi. Bu esa xorijiy biologik faol qo‘shimchalar (BAD) ishlab chiqaruvchi kompaniyalar uchun talab etiladigan laboratoriya xulosalari va tahlillarni tayyorlash imkonini beradi.

Yangi tadqiqotlar O‘zbekistonda za’faron yetishtirishni ilmiy asosda rivojlantirish, uning dorivor salohiyatidan keng foydalanish va xalqaro standartlarga muvofiq mahsulot ishlab chiqarishda yangi zamin yaratadi. Shu nuqtai nazardan, bu jarayonni Prezident Shavkat Mirziyoyev 5-mart kuni farmatsevtika tarmog‘ida ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish va texnologiya transferini jadallashtirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosi bilan uzviy bog‘lash mumkin.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri