Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Za’faron plantatsiyasiga piyozboshi ekilmoqda
21:15 / 2022-09-24

“BMB TRADE GROUP” kompaniyasi va Jizzax viloyati hokimligi hamkorligida Baxmal tumani 4-sektor hududida Italiyadan keltirilgan 16 milliondan ortiq za’faron tuganak piyozboshlarini namunaviy ekish tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Italiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Jizzax viloyati davlat soliq boshqarmasi, Baxmal tumani hokimligi, “BMB TRADE GROUP” kuzatuv kengashi rahbar, a’zo va mutasaddilari, boshqa davlat idoralari vakillari ham ishtirok etdi.

2020 yilda O‘zbekiston Respublikasining Italiyadagi elchixonasi ko‘magida Jizzax viloyatining Baxmal tumanida za’faron yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha yirik investitsiyaviy loyihaga yeirishilib, za’faron tuganak piyozboshlari 54 gektar yerga ekilgan edi.

Italiya tuproqlarida o‘sadigan bu noyob o‘simlik Baxmal dalalarida ham gullay boshladi. Shu bois, tumandagi mavjud za’faron plantatsiyalarini yanada kengaytirish uchun o‘tgan 2021 yilda Italiyaning Breshia shahridan 20 million dona, joriy yil esa 16 million dona za’faron tuganak piyozboshlari olib kelindi.

– Jizzax viloyatining Baxmal tumanida 3 yil davomida eksportbop za’faron o‘simligini yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilish bo‘yicha loyiha “BMB TRADE GROUP” va Italiyaning “FIN.OPERA s.r.l.” kompaniyalari ta’sischiligidagi “BMB-OPERA ZAFFERANO” va Tojikistonning “AVAS Group” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “BMB-AVAS Za’faron” qo‘shma korxonalari tomonidan 204,5 gektar yerda umumiy qiymati 40 million 400 ming yevro miqdoridagi investitsiyalar asosida amalga oshirdik, – deydi “BMB TRADE GROUP” kuzatuv kengashi raisi Bekzod Mamatqulov. – Qo‘shimcha 16 milliondan ortiq za’faron tuganak piyozboshlarini namunaviy ekilishi hisobiga, za’faron plantatsiyaning umumiy maydoni 305 gektarni tashkil etdi.

Mazkur investitsiyaviy loyihaning ahamiyati shundaki, Jizzax viloyatida yetishtirilgan milliy mahsulot eng ilg‘or texnologiyalar yordamida qayta ishlanib, Yevropaga “ORO ROSSO” brendi ostida eksport qilib kelinmoqda.

– Ushbu loyiha doirasida za’faron klasterining atrofida pazandachilik, farmatsevtika va boshqa sohalarda mahsulotlarni qayta ishlab chiqarish uchun qo‘shimcha quvvatlar barpo etilayotgani mazkur hududda minglab qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qildi, – deydi Baxmal tumani hokimi Musa Anorboyev. – Tumanda 200 nafar doimiy, 4 ming nafar mavsumiy ish o‘rinlari yaratildi.

– “BMB Za'faron” brendi ostidagi mahsulot Yevropaning “Analisi Chimiche Ed Ecologiche Sas” hamda “Laboratori di Ricerche Analitiche e Tecnologiche su Alimenti e Ambiente” (Italiya) laboratoriyalarida ikki bosqichli chuqurlashtirilgan tekshiruvlardan o‘tkazilgan bo‘lib, 2021 yil za’faron hosili namunalari tahlil natijasida rang, hid va ta’m ko‘rsatkichlari “ISO 3632-1/2011 I-kategoriya” standarti sertifikatiga ega bo‘ldi, – deydi  “NRGSISTEMS” kompaniyasi prezidenti Roberto Tuchchi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA