Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Za’faron maydonlari kengayadi
12:41 / 2023-10-07

Baxmal tumanidagi “BMB-OPERA ZAFFERANO” O‘zbekiston – Italiya qo‘shma korxonaci tomonidan mahalliy va markaziy ommaviy axborot vositalarining vakillari uchun tashkil etilgan press-turda Qishloq xo‘jaligi vazirligi, tajriba almashish maqsadida kelgan za’faron yetishtiruvchi xorijiy mutaxassislar, Jizzax viloyati va Baxmal tumani hokimliklari, ijtimoiy tarmoq faollari, jamoatchilik vakillari qatnashdi.

Tadbir ishtirokchilariga qo‘shma korxona plantatsiyalariga Italiyadan keltirilgan za’faron tuganak piyozboshlarini namunaviy ekish jarayoni namoyish etildi.

“BMB-OPERA ZAFFERANO” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qo‘shma korxona rahbari Aziz Mamatqulov “BMB HOLDING” va “FIN.OPERA s.r.l.”kompaniyalari ta’sischiligida Baxmal tumani hududida 2020 yilda tashkil etilgan ushbu qo‘shma korxona faoliyati xususida axborot berdi.

O‘tgan davr mobaynida 304,5 gektar maydonda za’faron yetishtirilib, qayta ishlash va eksport qilish bo‘yicha kattagina investitsion loyiha amalga oshirilayotgani, loyiha doirasida o‘tgan 3 yil davomida Italiyadan 70 million donadan ortiq za’faron tuganak piyozboshlar olib kelib ekilgani va yuqori sifatdagi hosil olingani, joriy mavsumda qo‘shimcha maydonlarga ushbu mahsulotni ekish natijasida plantatsiyalarning umumiy maydoni 400 gektarga yetkazilishi ta’kidlandi.

[gallery-13897]

– “BMB Zaʼfaron” brendi ostidagi mahsulot Italiya, Fransiya, Nederlandiya, Germaniya, Koreya davlatlaridagi eng nufuzli xalqaro laboratoriyalarda ikki bosqichli chuqurlashtirilgan tekshiruvdan o‘tkazilib, “ISO 3632-1/2011” xalqaro standartlari asosidagi tahlil natijasida rang, hid va ta’m ko‘rsatkichlari bo‘yicha I kategoriya sifat darajasi sertifikatiga ega bo‘lganini alohida ta’kidlab o‘tgan bo‘lardim, – deydi qo‘shma korxona taassischilaridan biri janob Roberto Tuchi. – Shuningdek, AQSH Oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalarini nazorat qilish boshqarmasi (FDA - Food and Drug Administration) O‘zbekistondan AQSHga “BMB Zaʼfaron” brendi ostida za’faron mahsulotini import qilishga ruxsat berganini katta quvonch bilan aytishim e’tiborga joiz.

Bugun “BMB Za’faron” brendi ostidagi za’faron mahsuloti ichki va tashqi bozorlarda tobora xaridorgir bo‘lib bormoqda. Endilikda kompaniyaning eksport geografiyasi Italiya, Avstriya, Janubiy Koreya, AQSH, Tojikiston hamda Saudiya Arabistoni kabi mamlakatlarni qamrab olgan. 

– Prezidentimizning joriy yil 8-9 iyun kunlari Italiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi davomida 2027 yilga qadar za’faron plantatsiyalarini 2 ming gektarga yetkazish bo‘yicha umumiy qiymati 80 million yevroga teng investitsiya shartnomasi imzolandi. Loyihani amalga oshirish doirasida 2020-2022 yillar davomida 32 million 400 ming yevro investitsiya jalb etilgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan davri davomida ushbu ko‘rsatgich 8 million 400 ming yevroni tashkil etmoqda.

Mazkur yirik xalqaro investitsiyaviy loyiha amalga oshirilishi natijasida nafaqat mintaqamizda, balki dunyo bo‘yicha eng yirik za’faron plantatsiyasi barpo etiladi va O‘zbekiston ushbu mahsulotni yetishtirish hamda eksport qilish bo‘yicha xalqaro bozorda o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lishiga umid qilamiz.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat, video), O‘zA