Bahor arafasida Jizzax viloyatining Zafarobod tumanidagi qishloq va mahallalarda keng ko‘lamdagi bunyodkorlik, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari, yoshlar ishtirokida hasharlar uyushtirilmoqda.
Tumanning chekka hududlarida yillar davomida aholini qiynab kelayotgan muammolar tizimli tartibda hal etilayotgani ayni muddao bo‘lmoqda. Buning samarasida aholi maskanlari tobora go‘zallashib, obod go‘shalarga aylanib borayapti.
Zafarobod tumanining “Birlik” mahalla fuqarolar yig‘inida bugungi kunda bunyodkorlik, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari qizg‘in bormoqda.
“Birlik” MFYda 1310 xonadon mavjud bo‘lib, undagi 1850 ta oilada 7850 nafar aholi istiqomat qiladi.
[gallery-21915]
Mahallada 19 ta ko‘cha bo‘lib, ularning 6 tasida joriy ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Shu bilan birga, 4 kilometrga beton ariqlar yotqizildi. Elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida 12 kilometr masofaga SIP kabellar tortilib, 74 ta beton ustun va 5 ta transformator o‘rnatildi. Bu kabi obodonlashtirish ishlari nafaqat qishloqning tashqi qiyofasini o‘zgartiradi, balki aholi turmush tarzi ham yaxshilanishiga xizmat qiladi.
Yoshlar ishlari agentligining Zafarobod tuman bo‘limi tashabbusi bilan “Birlik” MFY yoshlari birlashib, mehnatga yaroqli kishisi bo‘lmagan keksalar oilasida, nogironligi bo‘lgan shaxslar yashaydigan xonadonlarga borib, hasharlar tashkil etayotganlarini ham alohida ta’kidlab o‘tish joiz.
Keksa, ehtiyojmand xonadonlarning uylari ta’mirlanib, tomorqa yerlariga ishlov berilmoqda. Bu yerlarga ertangi kartoshka, issiqxonalarga pomidor, bulg‘or garmdorisi, baqlajon kabi ertangi ko‘chatlar ekilmoqda.
Tumandagi “Cho‘liguliston” mahalla fuqarolar yig‘ini yoshlari ham “Birlik” MFY tashabbusiga qo‘shildi. Mahalladagi nuroniylar, ehtiyojmandlarning xonadonlari tomorqasini ag‘darib berishdi, yerlarga ertangi bahor ekinlari ekib, suvog‘i ko‘chgan devorlar suvalib, oqlandi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/gnpV2MC9pkg?si=DFIx7dYfk0jotw_s" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Qayumov, J.Yorbekov (video,surat),
O‘zA muxbirlari