Jizzax viloyati Zafarobod tuman hokimi N.Radjapov boshchiligida bir guruh xalq ta’limi sohasi vakillari Jizzax shahridagi Prezident maktabidagi o‘quv jarayoni bilan yaqindan tanishdi.
Davlatimiz rahbarining 2019 yil 20 fevraldagi “Prezident maktablarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida yangidan tashkil etilgan ushbu maktablar yurtimizda ta’lim sifati va samarasini oshirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.
Jizzax shahridagi Prezident maktabi o‘tgan yilda faoliyatini boshlagan.

Zafarobodliklar maktabda yaratilgan sharoitlar, sinf xonalari, laboratoriya xonalari, oshxona, yotoqxona, kutubxona, dam olish xonalari, sport zallari bilan tanishdi.

Ushbu ta’lim dargohida o‘quv jarayoni “STEAM – ta’lim” dasturi (Science — tabiiy fanlar, Technology — texnologiyalar, Engineering — texnik ijodkorlik, Art — san’at, Mathematics — matematika) bo‘yicha olib boriladi. Bu esa iqtidorli yoshlarning fikrlash qobiliyati, iroda, ijodiy salohiyati, moslashuvchanligini rivojlantirishga imkon beradi. Mazkur yo‘nalishdagi darslar ingliz tilida olib boriladi. Ayni paytda, maktab STEAM metodologiyasi bo‘yicha darslik va o‘quv qo‘llanmalar bilan ta’minlangan.

Yosh avlodni Vatanga muhabbat va yurtga sadoqat ruhida tarbiyalash uchun Prezident maktablarida o‘zbek tilida o‘qitiladigan ona tili va adabiyoti, tarix va boshqa fanlarni chuqur o‘rganishga ham alohida e’tibor qaratiladi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA