Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zafarobodlik paxtakorlar Jizzaxda birinchi bo‘ldi
12:11 / 2025-10-17

Zafarobod tumani paxtakorlari Jizzax viloyatida birinchi bo‘lib, davlatga paxta topshirish bo‘yicha shartnomaviy rejani ortig‘i bilan bajarishdi.

Cho‘l mirishkorlari rejaga muvofiq, davlatga 38 ming 700 tonna “oq oltin” topshirishlari belgilangan bo‘lsa, amalda 38 ming 757 tonna topshirishib, rejani ortig‘i bilan uddalashdi. Bu zafarobodlik dehqon va fermerlarning samarali mehnati, agrotexnik talablarga qat’iy rioya etgan holda amalga oshirgan fidokorona sa’y-harakatlarining natijasidir.

Tumandagi 324 ta fermer xo‘jaligi 9100 gektarga yaqin yer maydonida yuqori hosil beradigan chigit navlarini parvarishlab, paxta yetishtirish bo‘yicha viloyat miqyosida namuna ko‘rsatdi.

Xususan, “Yutuq maydoni” fermer xo‘jaligidagi 270 gektar maydonda paxta yig‘im-terimi yuqori sur’atlarda olib borildi. Shundan 80 gektarida Xitoyning Shinjon texnologiyasi asosida, plyonka ostiga qo‘shqator usulida “XinLuZhoang-57” navi ekilib, intensiv tarzda parvarish qilindi. Qolgan yerlar esa ochiq 76 sxema bo‘yicha hosildorlikka moslashtirildi. Barcha paxta maydoni tomchilatib sug‘orish asosida amalga oshirilganini ham alohida ta’kidlash joiz. Natijada fermer xo‘jaligi har gektardan 80–85 sentnerdan hosil yig‘ishga erishdi.

Bu yil ob-havo sharoiti – issiq va quruq kunlar, suv tanqisligi, agrotexnik tadbirlarni bajarishdagi qiyinchiliklarga qaramasdan, tuman dehqonlari hosilning qisqarishiga yo‘l qo‘yshmadi. Bu zafar zamirida esa, albatta, Prezidentimizning qishloq xo‘jaligini isloh qilishga qaratgan e’tibori, sohani klasterlashtirish siyosati va moddiy-texnik bazaning mustahkamlanishi muhim o‘rin tutdi.

Paxta terimi hamkorlik asosida tashkil etildi. Fermer xo‘jaliklari, klaster tashkilotlari, mahalliy aholi va hasharchilarning birgalikdagi harakatlari tufayli terim ishlari qisqa fursatda, sifatli amalga oshirildi. 

Ayniqsa, Xitoyda ishlab chiqarilgan “Boshiran 4MZ-4A” rusumdagi to‘rt qatorli paxta terim mashinalarining samarali qo‘llanilishi mehnat unumdorligini sezilarli darajada oshirdi. Natijada mo‘ljallangan xirmonning 85-90 foizi mashinalar yordamida terib olindi.

Bugungi kunda Zafarobod paxta xirmoni nafaqat tuman, balki butun Jizzax viloyati qishloq xo‘jaligidagi tizimli islohotlar, samarali mehnat va ilg‘or texnologiyalarning amaldagi natijasi sifatida e’tirof etilmoqda. Bu yutuqlar esa shubhasiz yangicha maqsadlar va yanada katta muvaffaqiyatlarga yo‘l ochadi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA