– O‘zbekiston va O‘rdun xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari uzoq tarixga ega bo‘lib, bugungi kunda yangi bosqichga ko‘tarilmoqda, – deydi Iordaniyadagi Jahon islom ilmi universiteti (WICE) magistratura bosqichi talabasi Zafar Abdug‘affor o‘g‘li.
– Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulloh II ibn Al-Husayn 25-26 avgust kunlari davlat tashrifi bilan yurtimizda bo‘ldi. Ikki mamlakat diplomatik munosabatlari tarixida Iordaniya Podshohining mamlakatimizga amalga oshirgan ilk safari sifatida, mazkur tashrif, o‘zaro hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi, aloqalarni keng qamrovli sheriklik darajasiga ko‘tarishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
So‘nggi yillarda munosabatlarimiz rivoji jadal o‘sish sur’atiga ega bo‘lib, tomonlar o‘zaro manfaatli muhim salohiyatga tayangan holda sheriklikni kengaytirish va chuqurlashtirish istagini namoyon etmoqda.
Davlatlarimizni islom madaniyati, umumiy tarixiy meros va ko‘p asrlik diniy, madaniy almashinuv an’analari birlashtiradi. O‘zaro ishonch va tushunish muhitini yaratadigan bu holat, ayniqsa, mavjud hamkorlikning gumanitar jihati uchun muhim.
Shu nuqtai nazrdan, istiqbolli madaniy-gumanitar yo‘nalish akademik almashinuvni kengaytirish, qo‘shma ta’lim dasturlari va talabalar uchun stipendiyalar ajratish, umumiy tarixiy-madaniy merosga bag‘ishlangan festival, ko‘rgazma va konferensiyalar o‘tkazish, islomshunoslik, ilohiyotshunoslik, tarix va arxeologiya sohalaridagi hamkorlik, sog‘liqni saqlash tizimida qo‘shma tibbiy dasturlarni birgalikda amalga oshirish, teletibbiyot sohasida tajriba almashish loyihalarini o‘z ichiga olgan.
Masalan, yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining strategik masalalar bo‘yicha maslahatchisi Sardor Umurzoqov va Jahon islom ilmi universiteti Vasiylar kengashi raisi Amir G‘oziy ishtirokida O‘zbekiston Islomshunoslik Akademiyasi va mazkur universitet o‘rtasida ilmiy-akademik va madaniy hamkorlikni kuchaytirish, o‘zaro tajriba va ilmiy tadqiqotlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish maqsadida hamkorlik memorandumi imzolandi. Hujjatni Akademiyamiz rektori Muzzaffar Komilov va mezbon oliy ta’lim muassasa rektori Jafar Fanatso imzoladi.
Tomonlar kelishuvni Iordaniya va O‘zbekiston universitetlari hamda akademik muassasalari sherikligini kuchaytirishga qaratilgan muhim tadbir sifatida e’tirof etdilar. Ushbu bitim ta’lim va tadqiqot jarayoni rivojiga xizmat qiladi, madaniy va ma’naviy almashinuv qadriyatlarini mustahkamlaydi.
Uchrashuv yakunida ikki davlatni bog‘lab turgan chuqur aloqalar yana bir bor ta’kidlandi, ikki do‘st xalq manfaatiga xizmat qiladigan umumiy tashabbus va loyihalarni ko‘paytirishga umid bildirildi.
Avvalroq, ya’ni sentyabr oyida Iordaniyaga respublikamizning oliy ta’lim va diniy soha vakillari tashrif buyurgan edi. Oxirgi ikki yildagi uchinchi safar hisoblangan bu tashrif qator samarali bitimlar imzolangani bilan ahamiyatli.
Jumladan, Jahon islom ilmi universiteti va diniy ta’lim muassasalari o‘rtasida imzolangan memorandumga ko‘ra, o‘rta maxsus islom bilim yurtlari talabalariga muayyan qulayliklar yaratilgan.
Xususan, madrasa talabalari diplomi mazkur universitetda tan olinadi va bakalavr bosqichini nisbatan qisqa muddatda o‘qib tugatish imkoniyatini yuzaga chiqaradi.
Muloqot davomida umumiy ma’naviy merosni o‘rganish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish, ikki mamlakat islomshunoslik markazlari va institutlari sherikligini mustahkamlash masalalari ham ko‘tarildi. Tomonlar bag‘rikeng va ma’rifatli islom g‘oyalarini birgalikda ilgari surish zarurligi borasida yakdil fikrga keldilar.
Iordaniyadagi Jahon islom ilmi universiteti hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Imom Buxoriy nomli Toshkent islom instituti, Imom Termiziy nomidagi islom instituti, Hadis ilmi maktabi, Mir Arab oliy madrasasi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.
Ushbu arab davlati bilan mustahkamlanib borayotgan hamkorlik natijasi o‘laroq, endi yoshlarimiz shu universitetda imtiyozli ta’lim olishi imkoniyati ochildi.
– Iordaniyada tahsil olishda biror mushkullikka duch keldingizmi?
– Biror qiyinchilikka duch keldim, desam unchalik to‘g‘ri bo‘lmas. Sababi, xushmuomala va samimiy bu xalq mushkul ahvolda qolgan insonni ko‘rsa, albatta yordam beradi. Bakalavrda o‘qib yurgan chog‘im meni eng quvontirgani, fakultetimizning aksariyat darsliklari Movarounnahrdan chiqqan ulamolar bitgan kitoblardan iborat. Xususan, Nasafiy, Faqih imom Buxoriy yozgan asarlar asosida saboq oldik.
– Ushbu mamlakatning sizda chuqur taassurot qoldirgan jihati bilan o‘rtoqlashsangiz?
– Bu yurtning tarixiy obidalari alohida mavzu. Me’morchiligi va tasviriy san’ati juda qadimiy. Tabiati ham go‘zal bu o‘lkaning Qizil dengiz yuvib turadigan port shahri – Aqaba ham o‘zgacha, juda chiroyli. So‘nggi paleolit davriga oid Kilva qoyalaridagi suratlar, neolit asrida xom g‘ishtdan qurilgan uylar va tosh istehkomlar qoldiqlari, eneolit va jez davriga doir yodgorliklar – tosh sag‘analar, guvala uylar, qadimiy inshootlar, toshtaroshlik, sopol va zeb-ziynat buyumlari saqlangan.
Eramizdan avvalgi IX asrga oid me’moriy va tasviriy san’at yodgorliklari ushbu zaminga Misr, Bobil, Ossuriya madaniyati sezilarli ta’sir ko‘rsatganini anglatadi. Rim hukmronligidan qolgan ulug‘vor ehrom, teatrlar, Vizantiya davriga mansub cherkov, monastir, koshinkorlik san’ati parchalari, Mshatta, Hirbat Al-Mafjar, Qusayr-Amra kabi hashamatli saroylar kishini uzoq o‘tmish sari yetaklaydi.
– Kelajakdagi maqsadingiz?
Magistratura bosqichini tugallab, ilmiy izlanish olib borish niyatidaman. Uch yildan buyon Iordaniyada o‘qish istagini bildirgan hamyurt talabalarga yordam berib kelyapman. Jurnalistikaga qiziqaman. Iordaniya va O‘zbekiston munosabatlariga oid yangiliklar yozib, matbuotga berib turaman. Jahon islom ilmi universiteti saytini yuritaman. Ilmiy ishimni shu maskanda davom ettirmoqchiman.
O‘zA, Muharrama Pirmatova