22 oktyabr kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi direktori Matteo Mekachchi boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizga tashrif buyuradi.
O‘zbekiston va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (YeXHT\DIIHB) o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari 2017 yildan boshlab sezilarli darajada faollashdi. DIIHB rahbariyatining yurtimizga bir bor qilgan tashriflari ham buni tasdiqlaydi.
Hozirgi kunda hamkorlik izchil tarzda amalga oshirilmoqda. Joriy yilning aprel oyida DIIHB ning amaldagi direktori M.Mekachchi O‘zbekistonga ilk marotaba tashrif buyurdi. Tashrif davomida M.Mekachchi Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatalari, Oliy sud, MSK, IIV, turli vazirlik va idoralarda turli uchrashuvlarni o‘tkazdi.
Ta’kidlash joizki, YeXHT 1999 yildan buyon O‘zbekistondagi saylovlarni kuzatish maqsadida cheklangan tarkibdagi o‘z missiyalarini muntazam ravishda yurtimizga yuborib kelgan. Xususan, 1999, 2004, 2009 yillardagi parlament saylovlari va 2014, 2007 va 2015 yillardagi prezidentlik saylovlari shular jumlasidan.
Byuro birinchi marta 2016 yilda muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini kuzatish maqsadida 32 ta mamlakatdan 193 nafar kuzatuvchidan iborat katta missiyani mamlakatimizga yuborgan edi (asosiy guruh – 23 nafar kuzauvchi, 20 nafar uzoq muddatli va 150 nafar qisqa muddatli kuzatuvi). Shundan so‘ng 2019 yilda Byuro direktori I.Gisladottir mamlakatimizdagi parlament saylovlarini kuzatish maqsadida ilk marotaba O‘zbekistonga tashrif buyurdi. O‘shanda missiya tarkibida dunyoning 37 mamlakatidan 316 nafar kuzatuvchi (asosiy guruh – 14 nafar kuzatuvchi, 30 nafar uzoq muddatli va 272 nafar qisqa muddatli kuzatuvchi) bor edi.
Ma’lumot uchun: 2018 yilda Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumida Oliy Majlis Senati, Qonunchilik palatasi, DIIHB va YeXHT ning O‘zbekistondagi loyihalar muvofiqlashtiruvchisi o‘rtasida xalqaro standartlar va ilg‘or tajribalarga muvofiq qonunchilikni takomillashtirish sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan edi. 2020 yilda Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, DIIHB va YeXHT ning O‘zbekistondagi loyihalar muvofiqlashtiruvchisi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
YeXHT\DIIHB ning saylov qonunchiligini takomillashtirish, demokratik tamoyillar va xalqaro standartlarga muvofiq, ochiq va erkin saylovlarni o‘tkazish bo‘yicha takliflari va tavsiyalari har tomonlama o‘rganib, hayotga tadbiq etilishi muhim ahamiyatga ega.
Xususan, DIIHB O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya, O‘zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi, “Mitinglar, yig‘ilishlar va namoyishlar to‘g‘risida”gi qonunlari loyihalariga nisbatan o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi. Respublikamiz davlat organlari va nohukumat tashkilotlar vakillari DIIHB tadbirlari, jumladan, Varshavada har yili bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda muntazam ishtirok etib kelmoqda.
MSK raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev qayd etganidek, YeXHT\DIIHB missiyasining 2019 yilgi parlament saylovlarini kuzatish bo‘yicha hisobotida mamlakatimiz saylov qonunchiligini yaxshilashga doir 32 ta tavsiya berilgan edi. Hozirgi kunda O‘zbekiston 18 ta tavsiyani to‘la qabul qildi, 3 tasi qisman, 8 tasi ko‘rib chiqish jarrayonida.
-YeXHT\DIIHB rahbariyatining mamlakatimizga tashrifi O‘zbekistondagi saylovlar tub o‘zgarishlar va demokratik islohotlar sharoitida, xalqaro hamjamiyat e’tiborini tobora ko‘proq jalb etayotgan yangi siyosiy muhitda o‘tkazilayotganidan dalolatdir, - deydi O‘zbekiston MSK ning doimiy a’zosi Gulnoza Rahimova. — Byuro muloqot uchun ochiq va inson huquqlari, so‘z erkinligi, gender tengligi, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, ilg‘or xalqaro amaliyot asosida huquqiy bazani mustahkamlash kabi sohalar bo‘yicha uzoq muddatli va samarali hamkorlik qilishga tayyor. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, DIIHB direktori faqat YeXHT kuzatuvchilari missiyalarini qo‘llab-quvvatlaydigan hukumatlarda Tashkilotning rasmiy delegatsiyalariga boshchilik qiladi.
O‘z navbatida, YeXHT DIIHB rahbariyatining kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi - mamlakatimizdagi saylov jarayonlarining ochiq va oshkoraligi ko‘rsatgichi, ularni umume’tirof etilgan demokratik tamoyillar va eng yaxshi tajribalarga muvofiq o‘tazilayotgani, O‘zbekistonning o‘z zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarini bajarishi, bu boradagi rivojlanishning e’tirof etilishidir.
Shuningdek, DIIHB direktorining maxsus maslahatchisi Yakopo Leone, DIIHB Departamentining saylovlar bo‘yicha boshlig‘i Megan MakKeyb Fitsdjerald va DIIHB matbuot kotibi Katya Anna Rut Andrush ham delegatsiya tarkibidan o‘rin olgan.
Tashrif jarayonida Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi, MSK, Oliy Sud, Tashqi ishlar vazirligi, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, turli vazirlik va idoralarda uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, MSK O‘zbekistondagi bo‘lajak prezidentlik saylovlarini kuzatish maqsadida Irlandiyalik diplomat Ouen Myorfi boshchiligidagi YeXHT DIIHB kuzatuvchilar missiyasini taklif etgan edi. Saylovlarda tashkilotdan jami 300 nafarga yaqin kuzatuvchi ishtirok etadi. Jumladan, dunyoning 18 mamlakatidan tashrif buyurgan 28 nafar uzoq muddatli kuzatuvchi respublikamiz viloyatlaridagi saylov jarayonlarini, yana 250 nafar qisqa muddatli kuzatuvchi saylov kuni ovoz berish jarayonini kuzatadi.
O‘zA.