French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yuzni aniqlash va nazorat qilishni kuchaytirish loyihasi ishlab chiqilgan
18:44 / 2022-02-28

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda talonchilik jinoyatlari 2020 yilga nisbatan 1,8 baravarga, talon-toroj qilish holatlari esa 1,5 baravarga ortgan. Shuningdek, nomusga tegish jinoyatlari 13,5 foizga, poraxo‘rlik, o‘g‘rilik va bosqinchilik kabi jinoyatlar soni esa o‘rtacha 1,5 baravarga oshgan. Bu raqamlar aniqlanib, sud hukmi chiqarilgan jinoyatlar. Aniqlanmagan jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlari bundan mustasno.

Oliy Majlis Senatining Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik bo‘yicha komissiyasining birinchi majlisida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, bunda axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish bo‘yicha ishlab chiqilgan yangi loyihalar xususida ma’lumot berildi.  

– Bugun ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar murakkablashib borayotgan zamonda turli jinoyatchilik va huquqbuzarlik turlari ortib bormoqda, – dedi Senat Raisi Tanzila Norboyeva. – Maqsadimiz – bunday jinoyatchilik va huquqbuzarliklar tomoshabini bo‘lish emas, balki bu kabi illatlarga qarshi ayovsiz kurashish bo‘lishi lozim. bugungi kunda rivojlangan mamlakatlarda jinoyatchilik va huquqbuzarlikni oldini olishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanilmoqda. Mamlakatimizda ham so‘nggi yillarda bunday texnologiyalardan keng foydalanish yo‘lga qo‘yilmoqda. Xususan, ko‘pchilik ichidan odamlarni tanib oluvchi maxsus kameralar bilan jihozlangan avtobuslar olib kelinmoqda. Shuningdek, ichki ishlar organlari xodimlariga yuzni tanib olish va barmoq izini aniqlash dasturiga ega bo‘lgan planshetlar berilmoqda. Haqiqatan ham ushbu tizim jinoyatchi, qochoq va bedarak yo‘qolgan shaxslarni topishda juda qo‘l kelishi butun dunyoda o‘z isbotini topgan.  

Majlisda Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi bosh mutaxassisi Muxsinjon Sultonov bu boradagi ishlar bo‘yicha axborot berdi: 

– Ichki ishlar vazirligi tomonidan Biometrik ma’lumotlarga asoslangan yuzni aniqlash va nazorat qilishni kuchaytirish loyihasi ishlab chiqilgan. Biometrik ma’lumotlarning asosan 5 turi mavjud. Endilikda axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalangan holda yuzni tanib olish tizimi joriy etilsa, turli jinoyatchiliklarni bartaraf etish, insonlar xavfsizligi va salomatligini himoya qilish imkoniyati kengayadi.  

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasida  ikki tomonlama imzolangan kelishuv va bitimlarni amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritalari»da kiberxavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha kiritiladigan investitsiya doirasida Ichki ishlar vazirligining ushbu loyihasini taqdim etish yuzasidan fikr-mulohaza va takliflar bildirildi.  

Muhtarama Komilova, O‘zA