Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yuzingiz yorugʻmi, hamkasblar?
10:37 / 2020-06-28

PREZIDENT TABRIGIGA MUNOSABAT

PREZIDENT TABRIGIGA MUNOSABAT

Farmon TOSHEV, “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri:

– 27-iyun – kasb bayramimiz. Koʻngildan turli oʻylar kechadi. Oʻtgan yilgi bayramdan bu bayramgacha nima yozdim, qaysi masalani koʻtarib chiqdim, xalqqa, jamiyatga nafim tegdimi, degan savollar oʻylantiradi.

Shu savollarga vijdonimiz qiynalmay javob bera olsak, demak soha vakili sifatida kasb bayramini nishonlasak, yarashadi. Aksincha boʻlsa, oʻzimiz uchun ham, boshqalar uchun ham bu kunning boshqa kunlardan farqi qolmaydi.

Keyingi paytda aholida ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalist va blogerlar faqat tanqid yozishi kerak, jamiyatdagi illatlarni koʻtarib chiqishi lozim, degan qarash shakllandi. Hamkasblarimiz orasida ham shunday fikrlovchilar koʻpaydi. Bir tomonlama qaraganda bu fikr toʻgʻridek. Lekin jurnalist yoki blogerning vazifasi faqat tanqid yozib, kamchiliklarni “ochib tashlash”dan iborat emasku. Afsuski, bugun koʻp ommaviy axborot vositalari ana shu mezon asosida ishlayotgandek, nazarimda.

Jurnalist tanqid yozsa, u yaxshi xodim. Bloger tanqid qilib tursa, u jasoratli bloger. Gazeta, radio, sayt va ijtimoiy tarmoqlar, gazetalarda qaysidir tashkilot yoki rahbar “urilsa” bu yaxshi ommaviy axborot vositasi. Yoʻq, bu notoʻgʻri qarash. Tanqid qilgan emas, tahlil qilgan, muammoning yuzaga kelish sababi va uning oqibatini ochib bergan jurnalist eng mahoratli, buni yoritgan OAV jamiyatning haqiqiy koʻzgusi.

Shuning uchun sana munosabati bilan davlatimiz rahbarining bizga yoʻllagan tabrigida ayrim jurnalist va blogerlarimizda bilim va professional malaka, bahs madaniyati yetishmayotganligi qayd etilganini har birimiz oʻz faoliyatimiz misolida tahlil qilib, bundan xulosa chiqarishimiz zarur. Oʻz navbatida, jurnalistikaning oʻzgarmas talab va mezonlariga, xususan, xolislik va haqqoniylikka amal qilishimiz shart.

Koʻryapmizku, noxolis tanqid, asoslanmagan maʼlumotning “umri uzoq” emas. Baʼzilar bunday materiallarga oʻch boʻlsada, koʻpchilik buni xushlamasligi ham haqiqat. Hamma davr va zamonlarda toʻgʻri soʻz, aniq maʼlumotning qadri baland boʻlgan. Bugun har kim zamonaviy informatsion vositalar, ijtimoiy tarmoqlar orqali axborot tarqatayotgan, oʻz fikri, qarashlarini bildirayotgan paytda bu har qachongidan ham muhim va qadrli. Ana shunday paytda jurnalistlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari xalqning dilidagi, “tilining uchida turgan” gaplarni gapirsak, yozsak, dardlariga darmon boʻlsak, kasb bayramini yorugʻ yuz bilan nishonlasak arziydi. Har bir hamkasbimizga jamiyat, davlat, xalq oldida yuzi yorugʻ boʻlishini tilayman!

Soʻz va axborot erkinligini taʼminlashning muhim omili

Shuhrat ORIPOV, ATB “Qishloq qurilish bank” boshqaruvi raisining matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi:

– Davlatimiz rahbarining bu yilgi bayram tabrigida davlat idoralari va tashkilotlarining Axborot xizmatlari faoliyatiga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, 201 tuman-shahar hokimliklarida ilk bor Axborot xizmatlari faoliyati yoʻlga qoʻyilgani taʼkidlandi. Darhaqiqat, bu ochiqlik va axborot siyosati sohasidagi islohotlarning samarasidir.

Oʻtgan yili 27-iyunda qabul qilingan Prezident qarori tom maʼnoda Axborot xizmatlari rivojida yangi bosqichni boshlab berdi. Eng avvalo, davlat idoralari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlarida Axborot xizmati faoliyatiga, ommaviy axborot vositalari bilan ishlashga munosabat tubdan oʻzgardi. Tashkiliy-huquqiy jihatdan matbuot kotiblarining maqomi oshirildi, zarur moddiy-texnik imkoniyatlar yaratilmoqda.

Bularning barchasi aholining davlat boshqaruvi organlari faoliyatidan xabardorlik darajasini oshirishga va axborot makonida fuqarolarning axborotlarga boʻlgan ehtiyojini taʼminlashga xizmat qilmoqda.

Jurnalist tahlilni ham bilishi kerak

Ahrorjon ZIYODOV, “Sevimli TV” telekanalining Fargʻona viloyatidagi muxbiri:

– Prezidentimizning matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yoʻllagan tabrigi har bir ijodkorni ruhlantirdi. Shaxsan meni ham!

Tabrikda ayrim jurnalist va blogerlarimizda bilim va professional malaka, bahs madaniyati yetishmasligi jamoatchilikni tashvishlantirayotgani qayd etib oʻtildi. Albatta, bu achchiq boʻlsa ham haqiqat. Bu boradagi eng asosiy vazifa – ana shunday kamchiliklarni chuqur oʻrganib, ularni bartaraf etish, mavjud miqdor koʻrsatkichlarini sifat koʻrsatkichlariga aylantirish, ommaviy axborot vositalarining samaradorligini oshirishdan iboratdir.

Tan olish kerak, tabiat hodisasi bilan chekka bir qishloqda daraxt qulab tushsa ham oʻzini bloger, deb nomlagan insonlar darhol bu borada mutasaddilarni ayblashga oʻrganib qoldi. Biroq, asli holat qanday edi? Daraxtning qulab tushishida sabablar nimada edi, deb tahlil qilishni bilmayapti. Shu sababli, jurnalist yoki blogerlar har bir mavzuni yoritishdan avval uning tub mohiyati, asl sababi haqida batafsil tahlil qilib, ana undan soʻng ijtimoiy tarmoqlarda tarqatsalar nur ustiga aʼlo nur boʻlar edi.

Qolaversa, koʻproq oʻqib, oʻqiganlarini aqlan uqsalar, tayyorlanadigan materiallari yana-da yaxshi boʻlardi. Asosiysi, jurnalist va blogerlar xolislikni faoliyatining muhim mezoni sifatida belgilab olishi kerak.

Bizga bildirilgan bu kabi istak va talablardan faxr-iftixorni tuydim

Jamshid SHERMETOV, “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi boshqaruvi raisining matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi:

– Biz, jurnalistlar Prezidentimiz yoʻllagan bayram tabrigini oʻqib, cheksiz quvondik. Unda yozilgan har bir istak va talablar bizni yana-da oʻz ishimizga masʼuliyat bilan yondashishga undaydi.

Bugun vazirlik va tashkilotlar faoliyatini xalqqa va keng jamoatchilikka tanishtirib, mavjud muammolar yechimida axborot xizmatlari oʻz oʻrnini egallab bormoqda. Shu bois, axborot xizmati xodimlari xalq va davlat tashkilotlari oʻrtasidagi vositachi hisoblanadi.

Men bu tizimda ishlayotgan jurnalistlarni xalq dardini vazirlik va tashkilotlarga yetkazuvchi, davlat muassasalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni esa keng jamoatchilikka taqdim etuvchi intellektual inson, deb bilaman. Shu bois, ular hamisha izlanishda boʻlishi kerak. Mehnat qilayotgan tashkilot faoliyatini yaxshi oʻrganib, oʻsha soha haqida qalam tebrata olsa, bu – jurnalistlarning yutugʻi.

Ochigʻini aytganda, bundan uch-toʻrt yil oldin matbuot kotiblari faoliyatini deyarli hech kim bilmas edi. Keyingi yillarda OAV xodimlari hamda matbuot kotiblariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Mamlakatimizda zamonaviy jurnalistika rivojlandi. Axborot ochiqligi taʼminlandi. Buning barobarida matbuot kotiblari ish faoliyatida jahon tajribasi qoʻllanildi. Ochiqlik siyosati amalga oshirildi. Agentlik tomonidan matbuot kotiblarining ish faoliyatlari monitoring qilina boshlandi. Yosh kadrlar uchun yoʻnalishlar berildi.

Davlatimiz tomonidan koʻrsatilayotgan bunday eʼtibor mamlakatimiz har bir jurnalistini oʻz ustida yana-da kuch-gʻayrat bilan ishlashga turtki boʻlmoqda. Bizga bildirilgan bu kabi istak, ishonch va talablardan faxr-iftixorni tuydim.

Zamon jurnalistikasi tezkorlik va aniqlikni talab etadi

Ilyos SAFAROV, “kun.uz (http://%D0%BAun.uz)” sayti muxbiri:

– Bugungi kun jurnalistikasi birmuncha tezkorlikni talab qiladi. Shu oʻrinda aniqlikni ham. Internet jurnalistikasi bugun koʻproq oʻquvchilarni jalb qilayotgani bor gap. Buning sabablari koʻp. Birinchidan, tezkorlik, oʻquvchi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqa oʻrnata olish, fikr almashish va hokazo. Boshqa turdagi nashrlardan mavzuga erkinroq yondashishlari bilan ham ilgarilab bormoqda, materialni uzatish shakli ham oʻzgargani sari auditoriyasi ham kundan kunga kengaymoqda.

Bugun mashinada radio tinglab ketayotgan muxlisga, kecha kechqurun oʻqigan xabarini yana qayta tinglashning qizigʻi boʻlmasligi mumkin. Gazeta va jurnallar oʻquvchilarining keskin kamayishiga internet jurnalistikasining tezkorligi va ularning ehtiyojini aynan elektron ommaviy axborot vositalari qondirayotgani sabab, deb bilaman.

Buni televideniye misolida ham aytish mumkin. Bugun kanallarda uzatilayotgan dasturlar xalqchil emas, siyosat quroli boʻlib qolganini kuzatyapmiz.

Elektron ommaviy axborot vositalarining asosiy yutuqlaridan biri – u bozor qoidalariga juda tez va qulay moslashmoqda. Uning eng katta yutugʻi esa oʻzini toʻla moliyaviy taʼminlay olayotgani, qolaversa, xodimlarni moddiy va texnik taʼminlash darajasiga erishayotganidadir. Bugun elektron nashrlar orasida ham raqobatlar bor. Aynan ana shu raqobat nashrning yana-da keng quloch yozishiga zamin boʻlmoqda.

Oʻzim faoliyat yuritayotgan saytda ham raqobat birinchi oʻrinda turadi. Asosiy vazifamiz xabarni tez, toʻliq va aniq yetkazish boʻlsa, oʻquvchilar ehtiyojlarini inobatga olgan holda video, audio materiallar tayyorlab, rang-baranglik hosil qilish. Oldimizga qoʻyilgan asosiy talab – 70 ga yaqin jamoadan xilma xil fikrlar va turfa koʻrinishdagi materiallar tayyorlash.

Yutuqlar haqida gapiryapmiz. Ammo kamchiliklar ham talaygina. Bu chetdan qaragan nigohlar tomonidan aytilmoqda. Xohlaymizmi yoʻqmi, ular xolis baho bermoqda. Xorijiy mutaxassislarning aytishicha, oʻzbek matbuotida hali hamon senzuraning ayrim unsurlari mavjud, hali hamon bu matbuot yuqori lavozimlardagilarni tanqid qilish darajasiga erishgani yoʻq. Bu fikrlarga men ham qoʻshilaman. Barcha yutuqlarimiz qatori kattagina kamchiligimiz ham mavjudligi bor gap.

Ammo rivojlanishni xohlasak, albatta, bu kamchilikni bartaraf etishimiz kerak.