Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yuzaki yondashuv oqibatlari yoxud tadbirkorlarning sarsongarchiligi qachon tugaydi?
10:41 / 2020-10-17

Mamlakatimizda tadbirkorlikka keng yoʻl ochilganiga ancha boʻldi. Tadbirkorlik davlat miqyosida qoʻllab-quvvatlanmoqda. Ammo ayrim joylarda buning aksi kuzatilayotgani juda afsuslanarli.

Huquq 

Mamlakatimizda tadbirkorlikka keng yoʻl ochilganiga ancha boʻldi. Tadbirkorlik davlat miqyosida qoʻllab-quvvatlanmoqda. Ammo ayrim joylarda buning aksi kuzatilayotgani juda afsuslanarli.

Fargʻona viloyatining Oʻzbekiston tumanidagi “Nishonova Jannatoy” MCHJ qurilish materiallari ishlab chiqaradi. Korxonaga Oʻzbekiston tumani hokimining 2018-yil 7-maydagi 994-sonli qarori bilan tuman hokimligi zaxirasida boʻlgan, qishloq xoʻjaligida foydalanilmaydigan 4 gektar yer maydoni ajratib berilgan. Shundan soʻng bu yerda besh milliard soʻmlik mablagʻ evaziga xorijdan zamonaviy texnika va texnologiyalar keltirilib, xom gʻisht ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan hamda 70 ta yangi ish oʻrni yaratilib, ishsiz fuqarolar ish bilan taʼminlangan.

Lekin oradan koʻp vaqt oʻtmay korxona kutilmagan muammoga duch kelgan. Maʼlum boʻlishicha, mazkur hududdagi 100 gektar yer maydoni 2010-yilda “ARKONI SULEYMON PLUS” fermer xoʻjaligiga bogʻdorchilik maqsadida ajratilib berilgan. Ammo fermer xoʻjaligi Yer kodeksining 28-, 31-,33-, 35-moddalarini qoʻpol ravishda buzib, yerga boʻlgan huquqini davlat roʻyxatidan oʻtkazmagan, shuningdek, soliq va boshqa majburiy toʻlovlarni umuman toʻlamagan. Aniqroq aytganda, fermer xoʻjaligi rahbari Ya.Sulaymonov uzoq vaqt mobaynida bu yer maydonidan maqsadsiz foydalanib, bogʻ yaratish oʻrniga yerning bir qismida qovun-tarvuz yetishtirish bilan shugʻullanib, daromad olib kelgan. Aslida bunday harakatlarga Jinoyat kodeksining 184 (soliq va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashdan boʻyin tovlash) va 188-moddasi (noqonuniy tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish)da jinoiy javobgarlik belgilangan. 

Shunday boʻlsa-da, birov uning mushugini “pisht” demagan... Andishaning otini qoʻrqoq qoʻygan Ya.Sulaymonov hech qanday vakolati boʻlmasa-da, quruq qogʻozda nomi bor fermer xoʻjaligining manfaati buzilganini vaj qilgan holda tuman prokuraturasiga ariza bilan murojaat qilib, tuman hokimining korxonaga 4 gektar yer maydoni ajratish haqidagi qarorini bekor qilishni soʻragan. Murojaatga bir tomonlama yondoshgan tuman prokuraturasi 2019-yil 30-mart kuni tuman hokimligiga protest kiritgan. Eng qizigʻi, protest shu kunning oʻzidayoq qanoatlantirilgan. (Bunday “sirli” tezkorlikning sababi nima ekan?) Holbuki, Yer kodeksinng 24-moddasiga (yer uchastkasi ijarasi) asosan yer uchastkalarini ijaraga olish shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish taraflarning kelishuvi, bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda esa sudning hal qiluv qarori asosida amalga oshiriladi. Afsuski, Oʻzbekiston tumani prokuraturasi ushbu qonun talabini nazar-pisand etmagan. 

Bundan norozi boʻlgan korxona rahbari M.Nishonov tuman hokimining 2019-yil 30-martdagi 1391-sonli qarorini haqiqiy emas deb topishni soʻrab, maʼmuriy ishlar boʻyicha Beshariq tumani sudiga murojaat etadi. Biroq sud masalaga yuzaki munosabatda boʻlib, dalillarni tekshirmasdan va bir qator qonun talablarini qoʻpol ravishda ochiqchasiga buzgan holda arizani qanoatlantirishni rad etish haqida hal qiluv qarori chiqaradi. Ushbu qaror maʼmuriy ishlar boʻyicha Fargʻona viloyati sudi apellyatsiya instansiyasida ham oʻzgarishsiz qoldirilgani esa yana-da ajablanarli...

“ASIA SMALL STONE” MCHJ ham xuddi shunday sinovga roʻbaru boʻldi. Ushbu korxonaga Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tomonidan 2019-yil 14-iyunda Oʻzbekiston tumanida joylashgan “ABZ-1” va “ABZ-2” qum-shagʻal aralashmasi uchastkalaridan foydalanish huquqini beradigan maxsus litsenziya berilgan. Mazkur litsenziyaga asosan joriy yil 27-yanvar kuni tuman hokimining 159-sonli qarori chiqarilib, korxonaga qishloq xoʻjaligida foydalanilmaydigan 523-konturdan 9 gektar yer maydoni qum-shagʻal qazib olish uchun ikki yil muddatga vaqtincha foydalanishga ajratib berilgan. Biroq korxona ishlab chiqarishini yoʻlga qoʻya olmadi. “ARKONI SULEYMON PLUS” fermer xoʻjaligi maʼmuriy ishlar boʻyicha Furqat tumani sudiga murojaat etib, tuman hokimining qarorini bekor qilishni soʻraydi. Sud esa fermer xoʻjaligi foydasiga qaror chiqargan. Sudning appelyatsiya instansiyasida ham qaror oʻzgarishsiz qoldirgan.

“Nodirjon Orifjon Agro” fermer xoʻjaligaga ham 2019-yilda zaxirada boʻlgan qarovsiz yer maydonlaridan sabzavotchilik va polizchilik yoʻnalishida foydalanish uchun 10 gektar yer maydoni ajratib berilgan. Tadbirkor fermer Vazirlar Mahkamasining 09.01.2019-yildagi “Fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi yer maydonlarini maqbullashtirish hamda qishloq xoʻjaligi ekin yerlaridan foydalanishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan bankdagi hisobraqamiga ellik ming AQSH dollari miqdoridagi pul mablagʻini shakllantirib, xorijdan umumiy qiymati 422 million soʻmlik zamonaviy issiqxona olib kelib, 20 ta doimiy va 40 ta mavsumiy ish oʻrni yaratmoqchi boʻlib turganida “ARKONI SULEYMON PLUS” fermer xoʻjaligi maʼmuriy ishlar ­boʻyicha Furqat tumani sudiga murojaat etib, tuman hokimining qarorini bekor qilishni soʻraydi. Sud daʼvogarning talabini qanoatlantirgan. Bu qaror appelyatsiya instansiyasida ham oʻzgarmagan.

Koʻrinib turganidek, barcha voqealar bir xil “ssenariy” asosida kechgan. Bir qarashda “ARKONI SULEYMON PLUS” fermer xoʻjaligi haq ekanki, sudlar uning manfaatlarini himoya qilibdi» degan fikr tugʻilishi mumkin. Agar shunday boʻlganda, hech qanday shikoyat-u eʼtirozlarga oʻrin yoʻq edi. Ammo...

Aslida “ARKONI SULEYMON PLUS” fermer xoʻjaliga Oʻzbekiston tumani hokimining 26.10.2010-yildagi 661-sonli qaroriga asosan bogʻdorchilik yoʻnalishida (keyinchalik chorvachilikka oʻzgartirilgan) foydalanish uchun 100 gektar yer ajratilgan boʻlsa-da, fermer xoʻjaligi va tuman hokimligi oʻrtasida ijara shartnomasi tuzilmagan, yerga boʻlgan huquq davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan. Qolaversa, fermer xoʻjaligi soliq va boshqa majburiy toʻlovlarni umuman toʻlamagan, tegishli hisobotlarni topshirmagan, yer maydonidan maqsadli foydalanmagan, natijada yerning aksariyat qismi qarovsiz va tashlandiq ahvolga kelgan, bironta ham ish oʻrni yaratilmagan. Xullas, fermer xoʻjaligi amalda qonuniy faoliyat yuritmagan. Shu sababli u tugatilayotgan xoʻjaliklar roʻyxatiga olingan. 2019-yilda esa fermer xoʻjaligiga ajratilgan yer maydoni zaxiraga qaytarib olingan va mazkur hududdagi yer maydonlari tadbirkorlik subyektlariga ajratib berilgan. Ammo fermer xoʻjaligi sudga murojaat qilib, yer maydoni oʻziga tegishli ekanini daʼvo qilgan.

Taʼkidlash joizki, “ARKONI SULEYMON PLUS” fermer xoʻjaligi Yer kodeski talablariga muvofiq nizoli yerga boʻlgan huquqini oʻz vaqtida belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazmagani, shuningdek, soliq va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlamagani oqibatida ushbu yer maydoniga nisbatan hech qanday qonuniy huquqga ega boʻlmagan. Shunga qaramasdan sudlar daʼvo arizalarini ish yurituvga qabul qilgan va eng qizigʻi, ularni toʻliq qanoatlantirgan. 

Boʻlib oʻtgan sud majlislarida hokimiyat, soliq, kadastr va boshqa davlat idoralari vakillari qayd etilgan holatlarni tasdiqlab, isbotlovchi hujjatlarni taqdim etishgan boʻlsa-da, sud qogʻozda nomi bor, amalda yerdan noqonuniy foydalanib kelgan fermer xoʻjaligi manfaatlarini inobatga olgan holda qaror chiqargan. Hech qanday huquqqa ega boʻlmagan shaxsning huquqlarini taxminga asoslangan holda himoya qilgan sudʼyalarni qonun doirasidan chiqishga nima majburlagani jumboq. Chunki kattagina yer maydonidan uzoq vaqt mobaynida noqonuniy va maqsadsiz foydalanib kelgan, soliq va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlamagan shaxsning manfaatlari davlatga ham, odamlarga ham foyda keltirayotgan tadbirkordan ustun qoʻyilgani hech qanday mantiqqa toʻgʻri kelmaydi.

Shu oʻrinda aytib oʻtish joizki, qayd etilgan holatlar inobatga olinib, Oʻzbekiston tumani hokimining shu yil 27-iyundagi 1048-sonli qaroriga asosan “ARKONI SULEYMON PLUS” fermer xoʻjaligiga ajratilgan yer maydoni tuman zaxirasiga qaytarildi. Ammo adolat toʻliq qaror topdi deyishga hali erta. Endilikda fermer xoʻjaligi bilan bogʻliq boʻlgan hujjatlar va sud qarorlarining huquqiy oqibatlarini tadbirkorlar manfaatlari foydasiga hal qilish orqali amaldagi qonunchilikka moslashtirish zarur. Chunki ular ushbu nizoli yer maydonlariga boʻlgan huquqlarini qonuniy ravishda qoʻlga kiritgan.

Xullas, notoʻgʻri chiqarilgan sud qarorlari natijasida “Nishonova Jannatoy”, “ASIA SMALL STONE” MCHJ va “Nodirjon Orifjon Agro” fermer xoʻjaligi uzoq vaqtdan beri sarson boʻlib kelmoqda. Ayni paytda “Nishonova Jannatoy” MCHJ 70 nafar fuqaro bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini bekor qilish va oʻz faoliyatini toʻxtatish arafasida. Qolgan ikki tadbirkorning rejalari ham chippakga chiqishi mumkin.

Shu oʻrinda haqli savol tugʻiladi: Sudlar tomonidan nega qonunga zid ravishda tadbirkorlarning huquqlari poymol qilinishiga yoʻl qoʻyilgan? qachon haqiqat toʻliq qaror topib, tadbirkorlarning buzilgan huquqlari tiklanadi? Sud-huquq sohasida tub islohotlar amalga oshirilayotgan, Prezidentimiz odamlar suddan faqat adolat topishi shartligini qayta-qayta qatʼiy taʼkidlayotgan bir pallada bayon etilgan voqealarning roʻy berishini qanday izohlash mumkin? Bunga Bosh prokuratura, Oliy sud qanday munosabat bildiradi?

Xolli NORBOYEV,

“Ishonch”