Farg‘ona viloyati Quvasoy shahridagi “Quvasoy chinnisi” kichik sanoat zonasida joylashgan “Ellycardin tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatida yuz turdan ortiq ayollar sharf-ro‘mollari tayyorlanib, o‘nga yaqin davlatlarga eksport qilinmoqda.
O‘tgan yili 1 million dollardan ortiq mahsulot eksport qilingan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichni 2 million dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan.
2022 yili 3 million dollar xorijiy investitsiya jalb etilishi hisobiga tashkil etilgan korxonada 60 ta doimiy hamda 60 ta mavsumiy ish o‘rni yaratilgan. Turkiya texnologiyasi asosida ishlovchi korxonada milliy uslubdagi, shu bilan birga Osiyo, Yaqin Sharq mamlakatlari buyurtmasi asosida mahalliy iqlim sharoitiga mos sharf hamda ro‘mollar tayyorlanadi.
Korxonada turkiyalik mutaxassis hamda mahalliy dizaynerlar guruhi tomonidan jahon bozoridagi talab va taklifdan kelib chiqib, muntazam ravishda yangi dizayn nusxalarini yaratish ustida izlanishlar olib boriladi. Shuningdek, dual ta’lim tizimi asosida Kambag‘al oilalar reyestrida turuvchi xotin-qizlar bepul kasb-hunarga o‘qitilib, yuqori daromadli ish bilan ta’minlanmoqda.
[gallery-22927]
– Istiqbolli loyiha doirasida yana 3 million dollar xorijiy investitsiyani kiritish orqali qo‘shimcha bino qurish, 100 dan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilmoqda, - deydi korxona rahbari, “Shuhrat” medali sohibi Mashhura Akramova. – Bu ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turini ko‘paytirish hamda eksport geografiyasini kengaytirish imkonini berishi bilan ham ahamiyatlidir.
<iframe width="791" height="445" src="https://www.youtube.com/embed/ioTVclGY9ys" title="Yuz turdan ortiq sharf-ro`mollar – eksportga" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muqimjon QODIROV (surat, video), O‘zA