O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va g‘oyasi asosida tayyorlangan 100 jildli “Turkiy adabiyot durdonalari” to‘plamining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimot marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Xayriddin Sultonov O‘zbekiston yangi ma’naviy-ma’rifiy tashabbuslar, ezgu va insonparvar loyihalar bilan jahonga yuz tutayotganini ta’kidladi.
Tantanali tadbirda turkiy xalqlar o‘rtasida yagona tarix va umumiy qadriyatlar timsoliga aylangan adabiy aloqalar, 100 jildli majmua nashr etilishining Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi adabiy diplomatiyani shakllantirishdagi ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy ahamiyati xususida batafsil so‘z yuritildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev 100 jildli “Turkiy adabiyot durdonalari” to‘plamini yaratish bilan bog‘liq jarayonlar, olib borilgan ilmiy va ijodiy izlanishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Ma’lumki, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019 yil 15 oktyabr kuni Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar hamkorlik kengashining yettinchi sammitida tashkilotga a’zo davlatlar adabiyotining eng sara namunalaridan iborat “Turkiy adabiyot durdonalari” deb nomlangan 100 jildli kitoblar turkumini har bir mamlakatning ona tilida nashr etish g‘oyasini ilgari surgan edi.
Ushbu ezgu tashabbus asosida o‘zbek adabiyoti hamda turkiy tilda so‘zlashuvchi xalqlar adabiyotining yuksak namunalaridan xalqimizni har tomonlama bahramand etish, ulug‘ ota-bobolarimiz va turkiy tilda so‘zlashuvchi xalqlarning buyuk allomalari, adiblarining boy adabiy merosi, shuningdek, bugungi zamonaviy adabiyotning sara namunalarini bir majmuada xalqimizga yetkazish, kitobxonlarni o‘zbek adabiyoti va turkiy tilda so‘zlashuvchi xalqlar adabiyoti namunalari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida turkiy tilda so‘zlashuvchi davlatlarning milliy adabiyoti namunalaridan iborat 100 jildli “Turkiy adabiyot durdonalari” asarlar majmuasi nashr etildi.
Joriy yil 11 noyabrida Samarqandda Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mazkur to‘plam haqida shunday fikr bildirgan edi: “Biz yaqinda tashkilotimizga a’zo va kuzatuvchi mamlakatlar adabiyotining sara namunalaridan iborat 100 jildli “Turkiy adabiyot durdonalari” to‘plamini o‘zbek tilida nashr qildik. Ushbu bebaho ma’naviy xazinani barcha a’zo va kuzatuvchi davlatlar tillarida ham chop etsak, qardosh ellarimizni, avvalambor, yosh avlodlarimizni o‘zaro yaqinlashtirish uchun mustakham zamin yaratgan bo‘lar edik”.
Darhaqiqat, “Turkiy adabiyot durdonalari” to‘plamiga umumturkiy adabiyotning qadimgi davridan to XXI asarning shu kunlariga qadar yaratilgan sara namunalari, ya’ni O‘zbekiston, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, shuningdek, kuzatuvchi mamlakatlar –Turkmaniston va Vengriya davlatlarining atoqli shoir, adib va mutafakkirlarining asarlari kiritildi.
Ushbu adabiy xazina turkiy tilli davlatlar orasida ilk bor ro‘yobga chiqarilgan yirik adabiy loyiha sifatida g‘oyat qadrlidir. Majmuada barcha turkiy tilli xalqlar adabiyoti vakillariga keng o‘rin berilgan. Xususan, “Umumturkiy adabiyot namunalari” deb nomlanuvchi dastlabki 5 jilddan Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘otit-turk”, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” va Ahmad Yugnakiyning “Hibat ul-haqoyiq”, Ahmad Yassaviy va Sulaymon Boqirg‘oniyning “Hikmatlar”i hamda Nosiruddin Rabg‘uziyning “Qissasi Rabg‘uziy” kabi mumtoz asarlari o‘rin olgan.
28 jildni tashkil etgan “O‘zbek adabiyoti namunalari” Alisher Navoiyning “Saylanma g‘azallari” bilan boshlanib, qoraqalpoq adabiyoti namunalarini ham o‘z ichiga oladi. Majmuada turk, ozarbayjon, qozoq, qirg‘iz, va turkman ijodiyotiga ham keng o‘rin ajratilgan. Jumladan, Jaloliddin Rumiy, Yunus Emro, Nozim Hikmat, Nizomiy Ganjaviy, Nasimiy, Fuzuliy, Samad Vurg‘un, Abay, Muxtor Avezov, Sobit Muqonov, Chingiz Aytmatov, To‘lagan Qosimbekov, Mar Boyjiyev, Maxtumquli, Mullanafas, Otajon Tog‘on kabi mumtoz va zamonaviy adabiyotning 100 dan ortiq namoyandalari qalamiga mansub noyob meros jamlangan. Aron Yarosh va taniqli venger adiblarining mashhur asarlari yakunlovchi jild sifatida taqdim etilgan.
“Turkiy adabiyot durdonalari” to‘plami jami 1010 nafar muallifni qamrab olgan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan qisqa muddatda katta mehnat, zalvorli ijodiy ish amalga oshirildi. Majmua uchun material to‘plash maqsadida qardosh davlatlarga bir necha bor ijodiy safarlar uyushtirildi. 50 ga yaqin adabiyotshunos va matnshunos olimlar, adiblar, muharrir, rassomlar majmuani tayyorlash va chop etish ishlariga keng jalb etildi.
G‘oyat sinchkovlik va katta mas’uliyat talab qiladigan bunday keng qamrovli ijodiy jarayonda shu kunga qadar amalga oshirilgan tarjimalar orasidan eng saralari, tarjima san’atining mumtoz namunalari sifatida e’tirof etilgan yetuk asarlar tanlab olindi. Mazkur ijodiy loyihada G‘afur G‘ulom, Mirzakalon Ismoiliy, Mirtemir, Nosir Fozilov, Pirimqul Qodirov singari ustoz adiblar bilan bir qatorda badiiy tarjima sohasining bugungi mahoratli namoyandalarining ijodiy ishlariga ham alohida o‘rin berilgan. 100 jildli bu to‘plamni tayyorlashda 200 nafardan ziyod tarjimon qatnashdi.
– “Turkiy adabiyot durdonalari” to‘plami nashr etilgani uchun Ozarbayjon davlati nomidan Prezident Shavkat Miriyoyevga o‘z minnatdorligimizni bildiramiz, – dedi Toshkentdagi Ozarbayjon madaniyat markazi direktori, Ozarbayjon Respublikasining yurtimizdagi elchixonasi birinchi kotibi Samir Abbosov. – Bu muhim tarixiy voqeadir. Endilikda kitobxonlar turkiy mamlakatlarning yozuvchi va shoirlari asarlarini o‘z ona tillarida o‘qish imkoniga ega bo‘ldilar. Adabiyot – hayot ko‘zgusi. Har bir xalq o‘z adabiyoti, madaniyati orqali dunyoga taniladi. Hozir ham adabiyot xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashda muhim vositadir. Biz ushbu to‘plam haqida Ozarbayjon ommaviy axborot vositalariga ma’lumot yubordik. Bu voqelik Ozarbayjonda katta rezonans uyg‘otdi. Ayni paytda Shavkat Mirziyoyevning turkiy adabiyot rivojiga qo‘shgan hissasi sifatida yuksak baholanmoqda.
– Turkiy davlatlar o‘rtasidagi aloqalar izchil rivojlanmoqda, – dedi Qirg‘iziston Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi madaniyat masalalari bo‘yicha attashesi Ayjamal Qaramurzayeva. – Bunda madaniy hamkorlikka katta e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Turkiy adabiyot durdonalari” to‘plami nashr etishga oid tashabbusi ulkan loyiha sanaladi. U Turkiy davlatlar o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy aloqalarning rivojiga munosib hissa qo‘shadi. Mazkur to‘plamni tayyorlashda mehnat qilgan Ahmadjon Meliboyev, Zuhriddin Isomiddinov, Ibrohim G‘afurov kabi adabiyotshunoslarga minnatdorlik bildirmoqchiman.
[gallery-9685]
– Ochig‘ini aytganda, Prezidentimizning taklifi tushganda, qisqa vaqt ichida ulgurarmikinmiz, degan savol tug‘ilgandi, – dedi “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri, ustoz jurnalist Ahmadjon Meliboyev. – “Turkiy adabiyot durdonalari” to‘plami nashr etilishi yangi O‘zbekistonning ma’naviy qiyofasini ko‘rsatadigan loyiha bo‘ldi. Yozuvchilar uyushmasi kitob targ‘ibotida faol ish olib bormoqda. To‘plamni tayyorlashda olimlar, noshirlar, jurnalistlar birgalashib ishladik. Milliy adabiyotimiz bosib o‘tgan yo‘lni ko‘rsatib berdik. Shu bilan birga mazkur to‘plamni tayyorlashda qardosh mamlakatlar adabiyotida qanday jarayonlar kechayotganini ham angladik.
Taqdimot marosimida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar – Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, shuningdek, kuzatuvchi maqomidagi mamlakatlar – Turkmaniston va Vengriya davlatlarining mamlakatimizdagi elchixonalari vakillari, bir guruh ijodkor ziyolilar ushbu adabiy durdonaning nashr etilishi qardosh xalqlar o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va birodarlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini alohida ta’kidladilar.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Odil Abdurahmonov ishtirok etdi.
Nazokat Usmonova,
A’lo Abdullayev (suratlar)
O‘zA