Guliston tumanida 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tuman hokimi Olimjon Jo‘rayev yuz bilan yuzlashgan, yuzdan oshgan buvijonlarning holidan xabar olib, ularga alohida hurmat ko‘rsatdi.
Tashrif davomida nuroniy onaxonlar bilan samimiy suhbatlar olib borildi. Ular o‘z hayoti, oilaviy tarbiya va mehnat yo‘li haqida so‘zlab berishdi. Xususan, 102 yoshli Halima onaxon hali ham mahalladagi yoshlarni kuzatib, ular tarbiyasida faol ishtirok etayotganini ma’lum qildi.

– Tumanimizda yuz bilan yuzlashgan 15 ga yaqin, yuzdan oshgan 3 nafar buvijonimiz bor. Ular hayotiy tajribasi va duosi bilan jamiyatimiz uchun qimmatli xazinadir. Biz har doim bu keksalarimizning hayotiy saboqlaridan xulosa chiqarishga, ularning qimmatli pand-nasihatlaridan foydalanishga harakat qilamiz. Muhimi, bayram arafasida ularni e’tibordan chetda qoldirmaslik, ularga o‘z hurmatimizni ko‘rsatish — ular uchun yanada dalda va quvonch bo‘ladi, – deydi Olimjon Jo‘rayev uchrashuv davomida.

Tashrif davomida buvijonlarning jasoratli mehnat yo‘li, oilaviy va jamiyatdagi faolligi alohida ta’kidlandi. Ular nafaqat o‘z oilasi, balki mahalla ahli uchun ham namuna hisoblanadi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri