English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yuy Szyun: Xitoyda Samarqandga qiziqish oshgan
10:04 / 2023-08-08

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizga yangi tayinlangan Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun bilan uchrashdi. Viloyat hokimi elchini tabriklab, siyosiy faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi. Samarqand viloyati va Xitoy provinsiyalari o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar yanada mustahkamlanishiga umid bildirdi.

Yuy Szyun Samarqand Xitoy xalqida katta qiziqish uyg‘otayotgani, bu shubhasiz turizmni rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

– Xitoyliklar Samarqandni qadimiy tarixga ega shahar, madaniyat va sivilizatsiya rivojlangan hudud sifatida yaxshi bilishadi, – dedi Yuy Szyun. – O‘tgan yil bizning rahbarimiz – Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning Samarqandga tashrifidan keyin Samarqandga qiziqish yana ham oshdi. O‘z navbatida bu yil Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoyga tashrif buyurdi. Samarqand viloyati rahbarlari ham bir qator provinsiyalarimiz yetakchilari bilan uchrashib hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi. Men ham elchi sifatida bu aloqalarni yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qarataman.

Muloqotda O‘zbekiston va Xitoy aloqalari bugun barqaror rivojlanish sur’atini saqlab kelayotgani, davlat rahbarlarining joriy yil may oyida Xitoydagi uchrashuvi va “Xitoy – Markaziy Osiyo” sammitida muhokama etilgan masalalar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik, strategik sheriklik munosabatlarida yangi sahifa ochayotgani qayd etildi. Bu ikki davlat mintaqalari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarda ham o‘z aksini topmoqda. Xususan, Samarqand viloyati bugun Xitoyning bir qancha provinsiyalari bilan birodarlashdi, yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Birgalikda ko‘plab investitsiyaviy loyihalar amalga oshirilmoqda. 

Uchrashuvda tez orada yana bir istiqbolli loyiha amalga oshirilishi, ya’ni “Samarqand – Urumchi – Singan” yo‘nalishi bo‘yicha aviaqatnov yo‘lga qo‘yilishi ta’kidlandi. Shuningdek, Samarqand viloyati bilan Xitoyning rivojlangan hududlaridan biri – Xenan provinsiyasi bilan yaqin hamkorlik o‘rnatilishi ma’lum qilindi. 

Muloqot davomida shu yilning sentyabr oyida Samarqandda Xitoyning bir qator provinsiyalari ishbilarmon doiralari bilan o‘tkaziladigan uchrashuvlar, biznes forumlarga tayyorgarlik masalalari ham muhokama qilindi. 

G‘.HASANOV, O‘zA