Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yuy SZYUN: “Xitoy va O‘zbekiston modernizatsiya jarayonida o‘xshash yo‘lni bosib o‘tmoqda”
11:21 / 2025-12-19

Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi taraqqiyot yo‘lining strategik ahamiyati hamda O‘zbekiston – Xitoy munosabatlarining bugungi yuksak darajasi haqida fikr bildirdi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov bilan uchrashgan elchi Yuy Szyun mamlakatni modernizatsiya qilishda milliy voqelikka tayanish, inson manfaatlarini ustuvor qo‘yish va ochiq, o‘zaro manfaatli hamkorlikka asoslangan yondashuvni O‘zbekiston taraqqiyotining muhim omillari sifatida ta’kidlab, ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikning istiqbollariga alohida e’tibor qaratdi.

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning siyosati dono va kuchli. Ko‘rib turibmiz, o‘z xalqini chin dildan sevadi. Shuning uchun aholini tashvishga solayotgan barcha masalalarni, birinchi navbatda, ta’lim, bandlik, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy ta’minot sohalarini hal etish bo‘yicha amaliy qadamlar qo‘ymoqda, – dedi elchi Yuy Szyun. – Muhtaram Prezident davlat boshqaruvida uzoqni ko‘zlovchi strategik qarashlarga ega. U mamlakatning uzoq istiqboldagi barqarorligi va izchil rivojlanishini inobatga olgan holda siyosatni shakllantirdi. Sa’y-harakatlari bilan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi dunyo yuzini ko‘rdi va muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

 Milliy qadriyatlarni shakllantirish va boyitishga katta e’tibor qaratib, an’anaviy madaniyatni rivojlantirish va xalqni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash uchun ulkan sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda. Shuningdek, mintaqada yaxshi qo‘shnichilik va do‘stlikni mustahkamlashga hissa qo‘shmoqda hamda xalqaro maydonda qator konstruktiv tashabbuslarni ilgari surib, mintaqaviy va global boshqaruvni takomillashtirishni barcha sa’y-harakatlari bilan qo‘llab-quvvatlamoqda. 

Ikkinchidan, O‘zbekiston iqtisodiyoti tobora ochiq va energiyaga to‘la bo‘lib bormoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev siyosati o‘zining aniq natijalarini berdi. Ishbilarmonlik muhitining yaxshilanishi tobora ko‘proq xorijiy investitsiyalarni jalb qilmoqda. Yalpi ichki mahsulotning barqaror o‘sishi kuzatildi va bu joriy yilda katta ehtimol bilan 140 milliard dollardan oshishi mumkin. Shuningdek, aholining turmush darajasi izchil o‘sib, kambag‘allik chegarasidan pastda yashovchi aholi ulushi 17 foizdan taxminan 6 foizga kamaydi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev haqli ravishda O‘zbekistondagi islohotlar davrining bosh me’mori hisoblanadi. U o‘ziga xos yetakchilik va shaxsiy fazilatlarga ega bo‘lib, O‘zbekistonni to‘g‘ri va yorqin taraqqiyot yo‘lidan olib bormoqda.

Uchinchidan, har bir mamlakat taraqqiyoti milliy voqelikka tayanishi kerak. Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, dunyoda modernizatsiyalashning yagona modeli va barcha mamlakatlar uchun islohotlarning universal andozasi mavjud emas. Har bir davlatning taraqqiyoti, eng avvalo, uning siyosati milliy voqelikka qanchalik mos kelishiga, xalqning orzu-intilishlariga, zamon talablariga qanchalik javob berishiga bog‘liq. Davlat boshqaruvining samaradorligi haqida esa o‘z xalqi hammadan ko‘ra yaxshiroq xulosa chiqaradi.

Ta’kidlash joizki, Xitoy va O‘zbekiston modernizatsiya jarayonida o‘xshash rivojlanish yo‘lini bosib o‘tmoqda, davlat boshqaruvi masalalarida umumiy qarashlar mavjud. Ikki davlat ham ochiq, inklyuziv va o‘zaro manfaatli xalqaro hamkorlikni ilgari surgan holda, insonga yo‘naltirilgan yondashuv asosida o‘zining mustaqil va erkin rivojlanish yo‘lini topdi.

To‘rtinchidan, Xitoy – O‘zbekiston munosabatlari o‘z tarixidagi eng yaxshi davrni boshdan kechirmoqda. Keyingi yillarda Xitoy va O‘zbekiston davlat boshqaruvi sohasidagi hamkorlikni faol rivojlantirmoqda. Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning bir qator kitoblari O‘zbekistonda tarjima qilinib, nashr etildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu asarlarning o‘zbek tilidagi nashrlariga so‘zboshi yozdi. Xitoy har yili mingdan ortiq o‘zbekistonlik mutaxassislarni turli seminar va kurslarda ishtirok etish uchun taklif qiladi. Tomonlar “yashil” taraqqiyot, sun’iy intellekt, zamonaviy qishloq xo‘jaligi, kambag‘allikni qisqartirish sohalarida faol tajriba almashmoqda.

Yaqinda XX chaqiriq Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy Komitetining IV plenumi muvaffaqiyatli o‘tkazilib, unda O‘n beshinchi besh yillikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi. Kelgusi besh yilda Xitoy iqtisodiyot, ilm-texnika va ijtimoiy sohalardagi islohotlarni yanada chuqurlashtirishda davom etib, bundan buyon ham O‘zbekiston va dunyoning boshqa mamlakatlari bilan rivojlanish imkoniyatlarini baham ko‘radi. “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusini yuqori darajada ilgari suradi va o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi ufqlarini ochadi.

Xitoy tomoni O‘zbekiston bilan birgalikda O‘n beshinchi besh yillikning “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi bilan bog‘liqligini chuqurlashtirish, ikki davlatning birgalikda gullab-yashnashi hamda Xitoy va O‘zbekistonning yagona taqdir hamjamiyatini yaratishga intilib, o‘zaro hamkorlikni har tomonlama kengaytirishga tayyor.

O‘zA muxbiri Abdulaziz RUSTAMOV yozib oldi.