“Markaziy Osiyo – Xitoy” tahlil markazlari IV forumi doirasida so‘zga chiqqan XXRning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun ushbu anjuman tomonlar o‘rtasida fikrlar almashinuvi uchun muhim platforma ekanini ta’kidladi.
– Anjuman mavzusi nihoyatda dolzarb bo‘lib, modernizatsiyalash, raqamli, innovatsion va “yashil” rivojlanish, transport-logistika o‘zaro bog‘liqligi, sanoat kooperatsiyasi kabi Markaziy Osiyo mamlakatlari rivojlanishi uchun muhim masalalarni qamrab olgan, – dedi diplomat.
Ayni payt Yuy Szyun “Xitoy – MO” formati doirasidagi hamkorlikning joriy holatiga e’tibor qaratdi:
– O‘tgan davr mobaynida zamon talabiga javob beradigan ushbu mexanizm o‘z samaradorligini ko‘rsatdi. Keyingi yillarda Xitoy Markaziy Osiyo davlatlarining asosiy savdo sherigiga aylandi. Yangi energetika, zamonaviy ishlab chiqarish, transport infratuzilmasi kabi ustuvor yo‘nalishlarda mintaqaga investitsiya kiritish jadallashdi. Hamkorlikning rivojlanish sur’ati tezlashdi. Aholi, tovar va xizmat harakatlanishi bo‘yicha qulaylik ortib, to‘siqlar yo‘qolmoqda. O‘tgan yil yakunida XXR va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi tovar aylanmasi qariyib 90 milliard dollarni tashkil etdi. Bu 2022 yilga nisbatan 27 foiz ko‘p. Joriy yil yanvar-aprel oylarida savdo hajmi 14 foiz o‘sib, 28 milliard dollardan oshdi.
Elchi ta’kidlashicha, ishga tushirilishi kutilayotgan “Xitoy – Qirg‘iziston - O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi ulkan voqea sifatida “Bir makon, bir yo‘l” doirasidagi ilg‘or loyihalardan biriga aylanadi. Muhim strategik ahamiyatga ega mazkur tashabbus mintaqaviy aloqalarni mustahkamlash, iqtisodiy rivojlanishni jadallashtirish orqali mintaqa davlatlarini modernizatsiya qilishga yordam beradi.
O‘zA