Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yuy Szyun: O‘zbekiston OAV Xitoy bilan munosabatlarni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shmoqda
13:00 / 2024-11-02

Toshkentda Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan matbuot anjumani tashkil etildi. Tadbirda Elchi Yuy Szyun XXR iqtisodiyoti, siyosiy faoliyati va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi har tomonlama rivojlanib borayotgan aloqalar haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, respublikamizda muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan Xitoy kompaniyalari vakillari o‘z taqdimotlarini namoyish etdi.

Qayd etilganidek, OAV xolis axborotni yetkazish, ma’naviy qadriyatlarni targ‘ib qilish va ijtimoiy taraqqiyotga ko‘maklashishda muhim o‘rin tutadi. Shu ma’noda mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari o‘zbek xalqi uchun dunyo va Xitoyga yo‘l ochib, xalqlar hamjihatligiga ko‘maklashmoqda, ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda faol ishtirok etmoqda.

– Xitoy energiya transformatsiyasini faol ravishda qo‘llab-quvvatlab, allaqachon dunyodagi eng yirik qayta tiklanadigan energiya bozoriga aylandi, – dedi XXRning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun. – Davlatimiz ko‘p yildan beri shamol va quyosh quvvati ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egallab kelmoqda. O‘z navbatida Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida kam uglerodli iqtisodiyotga o‘tishga alohida e’tibor qaratilib, 2030 yilgacha qayta tiklanadigan energiya ulushini 40 foizga yetkazish niyat qilingan. Ayni payt yangi energetika sohasi o‘zaro manfaatli hamkorligimizning muhim nuqtasi hisoblanadi. Xitoy kapitali, texnologiya va korxonalari faol ishtirokida O‘zbekistonda fotoelektr, shamol va gidro energetika bo‘yicha ko‘plab loyihalar, shuningdek yangi elektromobil ishlab chiqarish tarmog‘i ishga tushirildi.

Xitoy O‘zbekiston bilan energiya transformatsiyasiga doir yangi yo‘nalishlarda sheriklikni chuqurlashtirish, sanoatni rivojlantirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni rag‘batlantirishga tayyor. Shu bilan birga, xalqlarimizga ko‘proq foyda keltirish uchun “ta’minot zanjiri”ni “o‘zaro manfaatli zanjir”ga aylantirishni ko‘zlaydi.

Elchi joriy yil iyul oyida bo‘lib o‘tgan Xitoy Kommunistik Partiyasi Markaziy Qo‘mitasi 20-Plenumi yakunlari va “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusiga ham to‘xtaldi. Mazkur global g‘oya doirasida 3000 dan ortiq qo‘shma loyiha amalga oshirildi. 130 dan ziyod ijtimoiy loyiha insonlar turmush tarzini yaxshilashga qaratilgan bo‘lib, 30 million aholiga foyda keltiradi. Jahon banki ma’lumotiga ko‘ra, 2030 yilga borib “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi har yili 7 milliondan ko‘p odamni o‘ta qashshoqlikdan, 32 million kishini esa o‘rtacha qashshoqlikdan chiqarishi mumkin.

[gallery-20154]

Ma’lumki, so‘nggi yillarda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabat jadal rivojlanib, mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Eng muhimi, mamlakatlarimiz savdo-iqtisodiy hamkorlik darajasini yanada oshirish niyatida. Xitoy tomoni O‘zbekistondan sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va boshqa tovarlar importini kengaytirish, assortimentni ko‘paytirish orqali transchegaraviy savdo sharoitini yaxshilash hamda tovar ayirboshlash miqdorini 20 milliard dollarga yetkazishdek umumiy maqsad sari odimlamoqda. Qolaversa, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini faol qo‘llab-quvvatlash va bu jarayonda zarur yordam ko‘rsatishga tayyor.

Elchi Xitoy iqtisodiyoti mavzusini ham ko‘tardi. Hozirgi vaqtda global iqtisodiy tiklanish zaifligicha qolmoqda, noaniqlik va beqarorlik kuchaymoqda. Xalqaro valyuta jamg‘armasi oxirgi taxminiga ko‘ra, joriy yil jahon iqtisodiyoti o‘sish darajasi o‘tgan yilga nisbatan 3,2 foiz kamayishi kutilmoqda. O‘sish sur’ati tushib, qarz yuki og‘irlashmoqda. So‘nggi payt foiz stavkasi butun dunyo bo‘ylab pasaymoqda. Bu xalqaro bozorda sezilarli tebranish hosil qilib, savdo proteksionizmi tendensiyasini kuchaytiradi.

Elchi Yuy Szyun savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha o‘rta muddatli dasturni to‘laqonli amalga oshirish, ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni ilgari surish, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li qurilishini tezroq boshlash uchun sharoit yaratish zaruratini qayd etdi.

Tadbirda davlatlarimiz o‘rtasida vizasiz rejimni joriy etish, turizm sohasida hamkorlikni kengaytirish, yashil rivojlanish, raqamli iqtisodiyot va sun’iy intellekt sohalaridagi hamkorlik ko‘lamini kengaytirish zarurligi ma’qullandi. Diplomat Xitoy va O‘zbekiston aloqalarini yanada mustahkamlash, davlat rahbarlari tomonidan ilgari surilayotgan tashabbus va g‘oyalarni amalga oshirishga munosib hissa qo‘shish maqsadida ekanini ham bildirib o‘tdi.

Matbuot anjumani so‘ngida, odatga ko‘ra, janob Yuy Szyun jurnalistlarni qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob qaytardi.

Go‘zal Sattorova, Muhammad Amin (surat), O‘zA