Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yuvenal yustitsiya institutitini joriy etish – davr talabi
10:37 / 2022-02-04

Ma’lumki, 2022 yil 28 yanvarda PF 60-sonli O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022—2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Farmon bilan “Harakatlar strategiyasidan — Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyili asosida ishlab chiqilgan 2022—2026 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uni 2022 yilda amalga oshirishga oid davlat dasturi tasdiqlandi. Mazkur strategiya 7 ta ustuvor yo‘nalishdan iborat bo‘lib, ular quyidagilar:

inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish;

mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish;

milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash;

adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish;

ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish;

milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish;

mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish.

Mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning yeng asosiy va zarur shartiga aylantirish deb nomlangan ustuvor yo‘nalishda Yuvenal adliya tizimini shakllantirish hamda bola huquqlari qonunchiligini kodifikatsiyalash asosiy maqsadlardan biri sifatida e’tirof etilgan.

«Bola, u jismoniy va aqliy jihatdan kamolotga yetmaganligi tufayli maxsus ravishda muhofaza va g‘amxo‘rlikka, binobarin, tug‘ilguncha va tug‘ilgandan keyin ham munosib darajada huquqiy himoyaga muhtoj». Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyada mustahkamlangan ushbu xalqaro huquqiy qoida vatanimiz qonun ijodkorlari tomonidan mutanosib ravishda qabul qilinib, 1994 yil Jinoyat kodeksida voyaga yetmaganlarni jinoiy javobgarlikka tortish va jazoni individuallashtirish va differensiallashtirish xalqaro huquq asoslari sifatida yoritilgan. Voyaga yetmaganlar (bolalar) ishlari bo‘yicha sudi o‘z vakolatlari doirasida taraflardan biri voyaga yetmagan bo‘lgan jinoyat, fuqarolik va ma’muriy ishlarni ko‘ruvchi suddir. Shu bilan birga, voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha sudlarning asosiy vazifasi bolalarni himoya qilish va ularni reabilitatsiya qilishdir.

O‘tgan tarixiy davr mobaynida yuvenal yustitsiya shakllanish va rivojlanish bosqichlarini boshdan kechirdi, hozirgi kunda esa bu institut voyaga yetmaganlarning odil sudlovga bo‘lgan huquqini ta’minlashning samarali mexanizmi ekanligini isbotlamoqda. Voyaga yetmaganlarning sodir etgan huquqbuzarliklariga nisbatan davlat ta’sir choralarini qo‘llashning juda murakkab va mas’ul vazifa ekanligini hisobga olgan holda, bunday ishlarni ko‘rishning maxsus sud organlari tomonidan olib borilishi maqsadga muvofiq ekanligini jahon amaliyoti tasdiqlab turibdi. Bu masala, ayniqsa, hozirgi sud-huquq islohotlari keng olib borilayotgan va bu islohotlarning bir yo‘nalishi sifatida jinoiy jazolarni liberallashtirish yo‘li tutilayotgan bir sharoitida yanada dolzarblik kasb etadi.

Jahonda odil sudlov kabi yuvenal yustitsiya ham muayyan davlatning huquqiy tizimi qaysi huquqiy oilaga mansub ekanligiga bog‘liq holda shakllangan desak mubolag‘a qilgan bo‘lmaymiz. Shu o‘rinda jahon huquqiy olamida mavjud bo‘lgan ingliz-sakson va roman-olmon huquqiy oilalari to‘g‘risida birozgina to‘xtalishga zaruriyat bor. Sababi, jahon davlatlarida shakllangan odil sudlov, jumladan yuvenal yustitsiya modeliga o‘sha davlatlarning qaysi huquqiy oila tarkibiga kirishi omili salmoqli ta’sir ko‘rsatgan. Shu bois, ilmiy adabiyotlarda odil sudlovning ingliz-sakson (yoki umumiy huquq) va roman-olmon (yoki kontinental huquq) modellari ajratiladi.

Roman-german huquqiy oilasi tarkibiga huquq tizimlari kiradigan davlatlarda huquqning asosiy manbasi bo‘lib yozma manbalar – normativ-huquqiy aktlar hisoblanadi, shunga mos holda sudlov jarayoni ham asosan yozma qonunlarga asoslanib amalga oshiriladi. Oddiyroq qilib aytadigan bo‘lsak, sudyalar o‘zlari ko‘radigan ishlarni qonun normalariga asoslanib hal etishadi, protsessual jarayonlar ham imkon darajasida aniq-tiniq protsessual qonunchilikda tartibga solib qo‘yilgan.

Anglo-sakson huquqiy oilasiga kiradigan davlatlarda esa ahvol boshqacharoq bo‘lib, unda huquq manbalari tizimida sud pretsedenti salmoqli o‘rin egallaydi. Sud pretsedenti – sudning muayyan ish yuzasidan chiqargan qarori (hukmi) bo‘lib, u boshqa sudlar tomonidan xuddi shunday o‘xshash ishlarni ko‘rishda namuna, asos, yo‘llanma sifatida xizmat qiladi. Oddiyroq qilib aytganda, bu huquqiy oilaga mansub davlatlarda sudlar individual ishlar yuzasidan o‘zlari qaror chiqarish huquqiga ega. Shu bois ham ingliz-sakson huquqi pretsedent huquqi ham deb yuritiladi.

Kontitental huquq oilasidan farq qilgan holda, ingliz-sakson huquq oilasiga mansub davlatlarda sud jarayonining protsessual jihatlari kamroq tartibga solingan. Parlament tomonidan qabul qilinadigan qonunlar huquq manbasida nufuzli o‘rin tutsa-da, biroq, amalda bu qonunlarning hayotiyligi, kundalik turmushga singib ketishi darajasi sud sharhiga, ya’ni ushbu qonunlarga sudyalarning qo‘l ostidagi ishlarni hal etishda qanchalik ko‘p yoki kam murojaat qilishiga va tegishlicha sharhlashiga bog‘liq bo‘lib qolaveradi.

Avvalo, yuvenal yustitsiyaning vatani bo‘lgan AQSH sud tizimiga e’tibor qaratamiz. AQSH o‘z huquqining shakllanishi, tuzilishi, manbalari va sud amaliyotining roli bo‘yicha ingliz-sakson huquqiy oilasiga mansubdir.

Yuvenal yustitsiyaning vatani hisoblangan AqShda maxsus yurisdiksiyali sudlar tizimida alohida o‘rinni voyaga yetmaganlar sudi tashkil etadi. Voyaga yetmaganlar sudi ba’zan oila sudi vazifasini ham ado etishi mumkin. Mazkur sudlar voyaga yetmaganlar huquqbuzarligiga oid ishlarni ko‘radi, bundan tashqari, bolalariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatmay kelayotgan ota-onalarga nisbatan choralar ko‘radi, sharoiti bola tarbiyasi uchun oilaviy sharoiti to‘g‘ri kelmaydigan oilalardagi bolalar tarbiyasi masalasini nazorat qilib borishadi hamda oilaviy nizolarni hal qilishga harakat qilishadi.

E’tiborlisi shundaki, voyaga yetmaganlar ishi bo‘yicha sudlar, bevosita, voyaga yetmaganlarning sodir etgan huquqbuzarliklarini sud qilish bilan cheklanmay, balki o‘z farzandlari haqida g‘amho‘rlik qilmayotgan ota-onalarga nisbatan choralar ko‘radi, oilaviy muhit bola tarbiyasi uchun noxush bo‘lgan oilalar ustidan nazorat o‘rnatadilar hamda oilaviy nizolarni hal etishga harakat qilishadi. Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, bu sudning vazifasi oddiy sudlov bilan cheklanmay, balki qator ijtimoiy vazifalarni ham o‘z zimmasiga olgan.

Roman-german huquqiy oilasining vakili bo‘lgan Fransiya yuvenal yustitsiyasining xususiyati shundaki, voyaga yetmaganlarning ishlarini ko‘ruvchi sudlar ham bir necha kategoriyaga ajratilgan. Masalan, qasamyod qilganlar (prisyajniy) sudi 16-18 yoshli voyaga yetmaganlarning og‘ir jinoyatlarini uchta malakali sudya va to‘qqizta prisyajniylar tarkibida ko‘radi; 13-15 yoshli bolalarning og‘ir jinoyatlariga doir ishlarni, shuningdek 13-18 yoshlilarning jinoiy deliktlari va jiddiyroq nojo‘ya harakatlarini voyaga yetmaganlar ishi bo‘yicha tribunallar tomonidan ko‘riladi.

Qizig‘i shundaki, tribunal tarkibidagi ikki maslahatchi-assessorlar bevosita bolalar tarbiyasi masalasiga haqiqatan qiziqadigan, jon kuydiradigan shazslar ichidan Adliya vaziri tomonidan tayinlanadi. Fransiyada voyaga yetmaganlar ishi yuzasidan alohida yustitsiya muassasalari faoliyat ko‘rsatib, ular maxsus bo‘linmalar tarzida umumiy sudlar tizimiga kiradi. 16dan 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga nisbatan og‘ir jinoyatlarni sodir etganlikdagi ayblov ishlarini qasamyod qiluvchilar sudi ko‘rib hal etadi.

Jinoiy deliktlar va jiddiy nojo‘ya harakatlar sodir etgan 13 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslarning hamda 13-15 yoshli o‘smirlarning og‘ir jinoyatlarini Katta Jarayon tribunali huzurida tashkil etiladigan voyaga yetmaganlar ishi yuzasidan tribunallar bitta sudya va ikkita maslahatchi (asessorlar) ishtirokida ko‘rishadi.

E’tiborlisi shundaki, asessorlar adliya vaziri tomonidan yoshlar tarbiyasiga qiziqadigan odamlar ichidan tayinlanadi. Mabodo, sudya maslahatchilarsiz, o‘zi yakka tartibda voyaga yetmaganlarning jinoiy deliktlari va nojo‘ya harakatlariga doir ishlarni ko‘radigan bo‘lsa, bu holda u (sudya) sudlanuvchiga nisbatan faqat tarbiyaviy va nazorat choralarinigina qo‘llay oladi.

Alohida sudlar deb nomlangan bunday sudlar ishlarni bitta sudya tarkibida ko‘rishadi va har bir sudning yurisdiksiyasi aniq belgilab qo‘yilgan. Voyaga yetmaganlar ishi yuzasidan sudlar ham alohida sudlar tizimiga kiradi. Gretsiyada ham voyaga yetmaganlar ishi bo‘yicha alohida sudlar mavjud bo‘lib, ular umumiy sudlar tizimiga kiradi. Roman-olmon huquqiy oilasining yana bir vakili Germaniya yuvenal yustitsiyasi ham o‘zining ichki ixtisoslashganligi bilan e’tiborga loyiq.

Voyaga yetmaganlar sudi umumiy sudlar tarkibiga mustaqil bo‘linma sifatida kirgan bo‘lib, u 14-18 yoshli huquqbuzarlik sodir etganlarning ishini ko‘radi. Mabodo boshqa umumiy sud 21 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning hatti-harakatini «o‘smirlarcha xarakterga ega» degan xulosaga kelsa, ularning ham ishini voyaga yetmaganlar sudi ko‘rishi mumkin.

Germaniya yuvenal yustitsiyasining yana bir jihati shuki, kattalar tomonidan voyaga yetmaganlarning manfaatiga zarar yetkazilgan bo‘lib, ushbu masala yuzasidan voyaga yetmaganni so‘roq qilish zarurati mavjud bo‘lsa, bu holda, bunday ishlar ham voyaga yetmaganlar sudida ko‘riladi. Federatsiya sub’ektlari bo‘lgan yerlarda voyaga yetmaganlar ishi bo‘yicha sud palatalari, uchastka sudlarida esa – voyaga yetmaganlar ishi bo‘yicha shaffenlar sudi (bitta professional sudya va ikkita shaffenlar tarkibida) va voyaga yetmaganlari ishi bo‘yicha sudya tomonidan ko‘riladi. E’tiborli tomoni shundaki, shaffenlar albatta yoshlar bilan ishlash bo‘yicha katta tajribaga ega bo‘lgan bo‘lishi va albatta, ularning bittasi ayol bo‘lishi talab etiladi.

Ushbu masalada Isroil tajribasi ham e’tiborga sazovordir. Xususan, 1988 yili Italiyada voyaga yetmaganlar ishi yuzasidan sudlar tizimi qayta tashkil etilib, har bir appelyatsiya sudlari okruglarida voyaga yetmaganlar ishi yuzasidan mustaqil tribunallar tashkil etilgan. Bu sudlarning tarkibi ikki malakali yurist va ikki ekspertdan iborat tarkibda tashkil etilgan, ekspertlar bir erkak va bir ayoldan iborat bo‘lishadi. Mazkur tribunallar 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarning huquqbuzarliklariga doir ishlarni ko‘rishadi. Tribunal qarori yuzasidan beriladigan shikoyatlarni ikki xuddi shunaqa ekspertlar ishtirokida appellyatsiya sudining ikki palatasining biri ko‘rib chiqadi.

Avstraliyada ham maxsus sudlar qatorida voyaga yetmaganlar ishi yuzasidan sudlar mavjud bo‘lib, ular o‘smirlar tomonidan sodir etilgan kam ahamiyatli huquqbuzarlik ishlarini ko‘radi. Bundan tashqari mazkur sudlar bolalar va o‘smirlarga qarshi qaratilgan jinoyatlarni ham ko‘radi. Bu sudlarning yana bir muhim vazifasi bo‘lib, yo‘qolib qolgan ota-onalarni topish, qarovsiz bolalar to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish hisoblanadi.

Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, voyaga yetmaganlar ishi yuzasidan alohida sudlar jahonning ko‘pgina davlatlarida tashkil etilgan va samarali amal qilib kelmoqda.

Yuvenal yustitsiya, demak, bir tomondan, voyaga yetmaganlarning odil sudlovga bo‘lgan huquqini yuqori darajada ta’minlash imkoniga ega, ikkinchi tomondan bu tizim, albatta jamoatchilik kuchiga asoslanadi. Shu bois ham, mutaxassislar, yuvenal yustitsiyani sud va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi tuzilma, deb e’tirof etishadi.

Xalqaro hamjamiyat tarkibida o‘zining mustaqil va munosib o‘rniga ega bo‘lgan O‘zbekiston bugungi kunda o‘z faoliyatining asosiy yo‘nalishi sifatida inson huquqlarini e’tirof etib kelmoqda. Buning mantiqiy natijasi sifatida ko‘plab xalqaro konvensiyalarga mamlakatimizning qo‘shilganligini ta’kidlash lozim.

Ma’lumki inson huquqlari tizimida bola huquqlari alohida o‘ziga xos o‘rin tutadi. Bu holat bir jihatdan, bolalar har bir jamiyatning kelajagi, poydevori ekanligi bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi tomondan esa, bolalar jamiyatdagi turli ijtimoiy qatlamlar ichida eng nozik, yordam va himoyaga muhtoj guruh ekanligi bilan ham tavsiflanadi.

Shu boisdan ham O‘zbekiston bola huquqlariga oid qator xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilgan. Bola huquqlariga doir xalqaro huquq qoidalarning eng muhimlari mamlakatimiz qonunchiligiga implementatsiya etilgan. Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro normalarning ustuvorligi O‘zbekiston qonunchiligining bosh tamoyillaridan biri hisoblanadi, shunga muvofiq kundalik hayotda bola huquqlari bo‘yicha xalqaro huquqiy andozalarga mamlakatimizda to‘la rioya etishga qat’iy harakat qilinmoqda. O‘ylaymizki, Yuvenal yustitsiya institutining joriy etilishi mamlakatda bola huquqlarining kafolatlanganligining yana bir yaqqol namunasi bo‘lib xizmat qiladi.

Ziyoda To‘rabayeva,
TDYUU Jinoyat huquqi, kriminologiya va korrupsiyaga qarshi kurashish kafedrasi o‘qituvchisi

Qunduz Rozimova,
TDYUU Jinoyat huquqi, kriminologiya va korrupsiyaga qarshi kurashish kafedrasi dotsent v.b, yu.f.f.d. (PhD),