Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yutuqlardan esankiramaslik, muammolarni unutmaslik lozim
17:30 / 2023-03-05

Jizzaxda “Viloyatda turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar sohasi bo‘yicha 2022 yil sarhisobi va 2023 yilga belgilangan rejalar” mavzusida jurnalist va blogerlar uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.

Tadbir ishtirokchilari dastlab viloyat hokimining o‘rinbosari – turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshlig‘i Sindor Rahmonqulovning o‘tgan yil davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborotini tingladi.

Oilaviy mehmon uylarini tashkil qilish bo‘yicha birgina 2022 yilda jami  67 ta shundan 19 ta kemping, 7 ta mehmonxona, 32 ta oilaviy mehmon uyi, 9 ta “Hostyel”lar hisobiga xonalar soni 821 ta, o‘rinlar soni 2 ming 103 taga yetkazilgan. Viloyatda bugungi kunda 427 ta madaniy meros ob’ektlari mavjud.Shundan arxeologik yodgorliklar 268 tani, arxitektura yodgorliklari 100 tani va monumental yodgorliklar 59 tani tashkil etmoqda.

2016-2022 yillarda 12 ta madaniyat markazi yangidan qurilib, rekonstruksiya hamda kapital ta’mirdan chiqarildi va aholiga madaniy xizmat ko‘rsatish uchun sharoitlar yaratildi.

– Ushbu sohada amalga oshirgan ishlarimiz, erishgan yutuqlarimizdan esankirab qolmasligimiz va tizimda hal qilishimiz kerak bo‘lgan ishlar, yechimini kutayotgan muammolar hali yetarlicha ekanligini unutmaslik lozim, – deydi viloyat hokimining o‘rinbosari – turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshlig‘i Sindor Rahmonqulov. – Davlatimiz rahbarining joriy yil 10 fevraldagi viloyatimizga tashrifi doirasida oldimizga qo‘ygan vazifalar hamda Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 26 apreldagi “2022-2026 yillarda Jizzax viloyati hududlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida viloyatda 2022-2026 yillarda tizimni yanada rivojlantirish uchun  alohida dastur ishlab chiqildi. Ishimizni ana shu hujjatlar asosida olib borayapmiz. Viloyatda 2023 yilda Zomin tumanidagi “Duoba”, Forish tumanidagi “Uxum”, “Sayyod”, “Do‘stlik” va “Uchquloch”, Arnasoy tumanidagi “Zarafshon” va “Baxtli” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida turizmni rivojlantirish yo‘l xaritalari ishlab chiqilib, 23 ta joylashtirish vositalari, shu jumladan 2 ta “Xostyel”, 2 ta kemping, 18 ta oilaviy mehmon uyi barpo etiladi. Shuningdek, viloyatning Sharof Rashidov hamda G‘allaorol  tumalarida turizm transport koridori bo‘ylab zamonaviy “Karvonsaroy”lar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Joriy yil davomida viloyatning hududiy investitsiya loyihalari dasturiga umumiy qiymati 2 milliard 29 million so‘mlik 46 ta loyihaning taklifi kiritilgan bo‘lib, mazkur loyihalar amalga oshirilishi natijasida 1 ming 700 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi.  

Mazkur hujjatlar ijrosi doirasida tuzilgan “yo‘l xartasi” asosida Zomin, Forish, Baxmal tumanlari va “Aydar-Arnasoy” ko‘llar tizimida qo‘shimcha turistik zonalar va dam olish maskanlarini barpo etish bo‘yicha 300 million dollarlik loyihalarni amalga oshirish, 25 mingta yangi ish o‘rni yaratish belgilangan. Shuningdek, hududlardagi madaniyat markazlarini ta’mirlash va aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini keng qamrovda oshirish maqsadida joriy yil davomida Arnasoy va Sharof Rashidov tumanlaridagi madaniyat markazlarini mukammal ta’mirdan chiqarish va moddiy texnika bazasini mustahkamlash choralari ko‘rib chiqilmoqda.

Bulardan tashqari, viloyatda turizm va madaniy meros sohasini rivojlantirish, shu jumladan, 2023 yilda xorijiy va mahalliy sayyohlarni viloyatga kelishini oshirish, madaniyat sohasi bo‘yicha ishlarni mukammal tarzda to‘g‘ri tashkil etish va natijadorligini ta’minlash yuzasidan tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish talab etiladi.  Asosiy maqsadimiz – Jizzax turizmini iqtisodiyotimizning asosiy drayveriga aylantirish va joriy yilning o‘zida xorijiy sayyohlar oqimini 100 ming nafarga yetkazishdan iborat. Buning uchun esa soha infratuzilmasini yaxshilab qo‘yish, astoydil mehnat qilish talab etiladi.

Tadbir yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutasaddilar tomonidan  batafsil javob berildi.

A.QAYUMOV,

J.YORBEKOV (surat), O‘zA