Sirdaryo viloyatida sport sohasida keyingi yillarda muayyan yutuqlarga erishilayotgani inkor etilmaydi. Nufuzli va xalqaro musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritayotgan sportchilar viloyat nomini va mamlakat bayrog‘ini xalqaro arenalarda munosib himoya qilib kelmoqda. Biroq sohadagi holat faqatgina yutuqlar bilan cheklanib qolmaydi — ayrim yo‘nalishlarda tizimli muammolar hamon o‘z yechimini kutib turibdi.
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ishtirokida tashkil etilgan uchrashuvda Prezident olimpiadasi hamda xalqaro va kompleks musobaqalarda muvaffaqiyat qozongan sportchilar, ularning murabbiylari va sport sohasi mutasaddilari jam bo‘ldi. Samimiy ruhda o‘tgan tadbirda yuqori natijalar qayd etgan sportchilar va ularning murabbiylari tashakkurnoma, esdalik sovg‘alari hamda pul mukofotlari bilan rag‘batlantirildi. Bu sportchilar uchun yangi marralar sari harakat qilishda muhim ruhiy qo‘llab-quvvatlash bo‘ldi.


Uchrashuvda viloyat rahbari sportchilarni yoshlar uchun ibrat maktabi sifatida e’tirof etib, davlatimiz rahbari tomonidan sport sohasiga qaratilayotgan e’tibor va yaratilayotgan shart-sharoitlar natijasida Sirdaryoda ham sport infratuzilmasi bosqichma-bosqich rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, bu imkoniyatlar har bir sport maktabi va murabbiy faoliyatida aniq natija bilan o‘z ifodasini topishi shartligi qayd etildi.
Taqdirlash marosimidan so‘ng, 2025 yilda sport sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan tanqidiy-tahliliy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda ayrim sport maktablarida ishlar yetarli darajada tashkil etilmagani, xususan olimpiya sport turlari bo‘yicha seleksiya ishlari, mashg‘ulotlar sifati va iqtidorli yoshlarni aniqlash tizimida jiddiy kamchiliklar mavjudligi ochiq aytildi.

Muhokamada yaqinda o‘tgan Prezident olimpiadasi natijalari misol qilib keltirildi. Yengil atletika, sport kurashlari va taekvondo WT turlari bo‘yicha yuqori natijalar qo‘lga kiritilgani ijobiy hol sifatida baholangan bo‘lsa, badiiy gimnastika, stol tennisi, boks, dzyudo kabi bir qator ommaviy va olimpiya sport turlari bo‘yicha ko‘rsatkichlar mutlaqo qoniqarsiz ekani keskin tanqid qilindi. Bu tayyorgarlik ishlari ayrim yo‘nalishlarda tizimli yo‘lga qo‘yilmaganini ko‘rsatadi.
Shuningdek, terma jamoalarga sportchilar yetkazib berish, nufuzli musobaqalarga munosib zaxira tayyorlash masalalarida ham uzilishlar borligi ta’kidlandi. Ayrim hududlarda iqtidorli yoshlar bilan ishlash o‘z holiga tashlab qo‘yilgani, murabbiylar faoliyatida tashabbus va mas’uliyat yetishmayotgani tanqid ostiga olindi.
Yig‘ilish yakunida viloyat rahbari har bir sport maktabi, murabbiy va sport turi kesimida ishlarni qaytadan ko‘rib chiqish, mashg‘ulotlar sifatini oshirish, ortda qolayotgan sport turlarini rivojlantirish, seleksiya tizimini tubdan isloh qilish hamda murabbiylarning muammo va takliflarini chuqur o‘rganish bo‘yicha aniq vazifa va topshiriqlar belgilandi.
Xulosa qilib aytganda, Sirdaryo viloyatida sport sohasidagi yutuqlar e’tirof etilmoqda. Biroq bu natijalar barcha yo‘nalishlarda barqaror va tizimli ish yo‘lga qo‘yilganini anglatmaydi. Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, mas’uliyatni kuchaytirish va natijaga qarab ish olib borish orqaligina Sirdaryo sportida haqiqiy sifat o‘zgarishiga erishish mumkin.
Sirdaryo sportida g‘alabalar bor, ammo seleksiya, tayyorgarlik va mas’uliyat tizimi tubdan o‘zgarmas ekan, bu g‘alabalar barqaror natijaga aylana olmaydi. Savol ochiq: Sirdaryo sporti epizodik g‘alabalar bilan cheklanadimi yoki barcha yo‘nalishlarda tizimli natija beruvchi sohaga aylanadimi? Buni esa, albatta, vaqt ko‘rsatadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri