Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarni tatbiq etish, mavjud qonun hujjatlari va farmon-qarorlar ijrosini ta’minlash uchun jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘rni beqiyos.
Namangan shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Parlament komissiyasi va Nodavlat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatini boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, Ijtimoiy sheriklik bo‘yicha jamoat komissiyasi a’zolari hamda nodavlat-notijorat tashkilotlari, adliya, moliya, axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan davra suhbatida Yangi O‘zbekistonda islohotlarning faol ishtirokchisi va hamkori sifatida nodavlat tashkilotlarining jamiyatdagi rolini oshirish, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini yanada takomillashtirish masalalari muhokama etildi.

Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha parlament komissiyasi raisi Adham Shodmonov, mazkur jamoat fondi direktori Otabek Husanov, Xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi Ijtimoiy sheriklik bo‘yicha jamoat komissiyasi raisi, Oliy Majlis Senati as’zosi Ikromxon Najmiddinov bugungi kunda NNTlar yurtimizda demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat barpo etish, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash hamda Vatanimizning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy salohiyatini oshirish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etayotganligini ta’kidladi.

Darhaqiqat, bugungi kunda samarali faoliyat ko‘rsatish uchun fuqarolik jamiyati institutlari va davlat organlari o‘rtasida muloqotni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Natijada, nodavlat notijorat tashkilotlari jamiyat qurilishida tobora mustahkam o‘rin egallab, davlatning teng huquqli sherigiga aylanmoqda. Ayni paytda Namangan viloyatida 555 ta NNT faoliyat yuritmoqda. Shundan 381 tasi davlat ro‘yxatidan o‘tgan, 174 tasi hisob ro‘yxatidan o‘tgan, ularning 66 tasi mustaqil NNTlarni tashkil etadi. Mavjud NNTlarning 454 tasi jamoat birlashmasi, 59 tasi jamoat fondi, 32 tasi muassasa, 10 tasi boshqa tashkiliy-huquqiy shaklda ish olib bormoqda. Ular grant mablag‘laridan samarali foydalanish, muhim ijtimoiy loyihalarni bajarishda faollik ko‘rsatib kelmoqda.
Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan 2021-2022 yillarda o‘tkazilgan davlat granti va davlat ijtimoiy buyurtmasi uchun ochiq tanlovlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, ularda jami 125 ta NNT ishtirok etib, ulardan 40 tasi davlat granti sohibi, uchtasi davlat ijtimoiy buyurtmasi tanlovi g‘olibi bo‘lgan. Taqdim etilgan loyihalarni amalga oshirish uchun fond tomonidan 1 milliard 919 million 561 ming so‘m moliyalashtirilgan. 2023 yilning birinchi choragida davlat grantining birinchi tanlovida g‘olib bo‘lgan sakkizta NNTga 320 million so‘m pul ajratildi.

Erishilgan yutuqlar barobarida “uchinchi sektor”da o‘z yechimini kutib turgan ayrim masalalar ham bor. Shuni aytish kerakki, hozirga qadar Namangan viloyatidagi NNTlar uchun alohida bino ajratilmagan. Qolaversa, viloyatda NNTlar ishtirokida ijtimoiy buyurtmalar uchun loyihalarni ko‘paytirish, Ijtimoiy sheriklik bo‘yicha jamoat komissiyasi faolligida ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ijtimoiy eshituvlarni olib chiqish lozim. Qayd etilganidek, joriy yildan e’tiboran hududiy jamoat fondlariga NNT uchun ularni nizomida belgilangan maqsad-vazifalarni bajarish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ijtimoiy foydali maqsadlarga erishish uchun davlat subsidiyasi ajratish vakolati berildi. Tanlab olingan NNT loyihasini ijtimoiy sheriklik bo‘yicha jamoat komissiyasi tasdiqlagach, fond tomonidan moliyalashtiriladi. Hozirgi kunda viloyat bo‘yicha 9 ta NNTning viloyat, shahar va tumanlardagi 37 ta bo‘limiga har oyda 689 million so‘mdan ziyod miqdorda subsidiya mablag‘lari moliyalashtirilmoqda.
Davra suhbatida nodavlat notijorat tashkilotlarining joylarda mahalliy hokimlik, davlat tashkilotlari va boshqa nodavlat tashkilotlari bilan ijtimoiy sheriklik tamoyili asosida olib borayotgan faoliyati yuzasidan fikr almashildi. Tadbir yakunida, Oliy Majlis huzuridagi nodavlat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan joriy yilda e’lon qilingan birinchi va ikkinchi davlat granti tanlovi g‘oliblariga sertifikatlar topshirildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA