2025 yil Guliston davlat pedagogika instituti talaba-sportchilari uchun haqiqiy yutuqlar yili bo‘ldi. Institutning “Sport klubi” a’zolari nafaqat respublika arenasida, balki xalqaro maydonlarda ham munosib ishtirok etishib, bir qator g‘oliblik va sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritishdi.
Yil davomida talabalarning barqaror irodasi, uzluksiz mashg‘ulotlari va sportga bo‘lgan sadoqatlari eng yuqori natijalarga olib keldi. Bu esa institutda sportni rivojlantirishga qaratilgan tizimli yondashuv va tajribali murabbiylar mehnatlarining samarasini yaqqol namoyon etdi.

Institutning Tabiiy fanlar fakulteti Jismoniy madaniyat yo‘nalishining 1-bosqich talabasi Malika Nodirqulova 2025 yil 11-17 may kunlari Toshkent shahrida shashka bo‘yicha bo‘lib o‘tgan “Jahon kubogi” musobaqasida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shu yo‘nalish talabasi Kamronbek Abdumannonov Toshkentda sportning Taekwondo GTF turi bo‘yicha o‘tkazilgan O‘zbekiston kubogi bahslarida 60 kg vazn toifasida ishtirok etib, faxrli 1-o‘rinni egalladi. Sardorbek Ahatqulov esa Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan belbog‘li kurash bo‘yicha O‘zbekiston kubogi musobaqasida 82 kg vazn toifasida tengsiz mahorat ko‘rsatib, barcha raqiblarini ortda qoldirdi va faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Institutning Gumanitar fanlar va jismoniy madaniyat fakulteti talabasi So‘g‘diyona Abdukarimova sportning badminton turi bo‘yicha Toshkentda o‘tkazilgan O‘zbekiston kubogi U-19 musobaqasida yakkalik bahslarda 1-o‘ringa, juftlik bahslarida esa 3-o‘ringa erishdi. Shuningdek, Surxondaryo viloyati Termiz shahrida Karate (WKF) bo‘yicha yoshlar va kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston kubogi musobaqasida institut talabalari Farangiz Yakubova va Umid Vaisovlar sovrindor bo‘lishdi.

Boburjon Muhiddinov Xitoyning Shenyang shahrida eshkak eshish bo‘yicha o‘tkazilgan U-23 Osiyo chempionatida juft eshkakli qayiq bahslarida 2-o‘rinni egallab, kumush medal sohibiga aylandi. Qirg‘izistonning Bishkek shahrida bo‘lib o‘tayotgan “SAKF Championships–2025” Markaziy Osiyo chempionatida Karate WKF yo‘nalishi bo‘yicha Umidjon Vaisov 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Talaba-sportchilar Nurmuhammad Rustamov va Asilbek Bahriddinovlar O‘zbek jang san’ati turi bo‘yicha o‘tkazilgan O‘zbekiston kubogi musobaqasida 1-o‘rinni egallashdi.

Shu tariqa, 2025 yil Gulistonlik talaba-sportchilar uchun nafaqat respublika, balki xalqaro arenalarda ham g‘alabalar yili sifatida yodda qoldi. Har bir medal va har bir yutuq ularning beqiyos irodasi, uzluksiz mashqlari va chuqur mahoratining natijasi ekanligini ko‘rsatadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri