Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yuta shtati delegatsiyasi bilan uchrashuv
08:47 / 2025-05-25

Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori Javlon Vahobov AQSH Yuta shtati Senati raisi J.Styuart Adams boshchiligidagi delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu senatorning yurtimizga ikkinchi bor tashrif buyurishi o‘zaro ishonch mustahkamlanib, hamkorlik jadallashayotganini tasdiqlaydi.

Uchrashuv chog‘i barqaror foydalanuv asosida foydali qazilmalarni o‘zlashtirish, investitsiya jalb qilish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha sheriklikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Senat raisi O‘zbekistonning texnologik taraqqiyotdagi yutuqlarini yuksak baholab, mamlakatning axborot texnologiyalari va raqamli transformatsiya sohasidagi muvaffaqiyati Amerika biznesining jiddiy qiziqishiga sazovor bo‘lganini ta’kidladi.

Tomonlar yoshlarni muntazam ravishda qo‘llab-quvvatlash orqali ta’lim dasturlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratdilar. Xususan shtatdagi Jahon savdo markazi bosh direktori Jonatan Fridman O‘zbekiston va Yutaning demografik tuzilmasi o‘xshashligini qayd etdi: har ikki hudud aholisining 60 foizdan ko‘pini yoshlar tashkil etadi.

MOXI direktori o‘z navbatida ta’limni davlatlararo barqaror sheriklik asosi sifatida qayd etdi. Markaziy Osiyo aholisi tez sur’at bilan o‘sib borayotganini inobatga olgan holda, tomonlar Yutaning yangi ta’lim tashabbuslarini jalb qilish, yoshlar hamda yuqori texnologik rivojlanishga qaratilgan dasturlarni kengaytirishdan manfaatdorliklarini bildirdilar.

“Stirling Foundation” prezidenti Maykl Xansen AQSHning mazkur notijorat jamg‘armasi 2019 yildan buyon 45 mamlakatda 450 dan ziyod loyiha amalga oshirganiga e’tibor qaratdi.

Xususan, fond o‘z faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida O‘zbekistonda ta’lim, sog‘liqni saqlash, tadbirkorlik va madaniyatlararo muloqot sohalarida yirik tashabbuslar amalga oshirayotganini uqtirdi.

So‘nggi uch yil davomida jamoa ko‘magida viloyatlarda istiqomat qiladigan 200 ga yaqin ayol biznes ko‘nikmasini rivojlantirish dasturi bo‘yicha o‘qitildi. Qishloq hududlaridagi talabalar uchun yetakchilik va tadbirkorlik salohiyatini oshirishga qaratilgan kurslar tashkil etilib, 300 dan ko‘p odam ishtirok etdi. Inklyuziv ta’limni qo‘llab-quvvatlash doirasida 60 dan ortiq nogironligi mavajud shaxsni qamrab olgan stipendiya dasturi ishga tushirildi.

Raqamli va texnologik rivojlanish sohasida J.Fridman o‘zbek IT-kompaniyalarining xalqaro raqamli forumlar, xususan Yutada bo‘lib o‘tgan “Silicon Slopes” sammitidagi faol ishtirokini yodga oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunga kelib 2 000 dan ziyodq o‘zbekistonlik shu yo‘nalishlarda muvaffaqiyatli mehnat qilmoqda. Shuningdek u O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi va Yuta shtati Jahon savdo markazi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolanganini muhim voqea sifatida baholadi.

Uchrashuv yakunida MOXI direktori Javlon Vahobov mavjud tashabbuslarni tizimli qo‘llab-quvvatlash natijasida erishilgan kelishuvlar amaliy shaklga aylanayotganini ta’kidladi. Shuningdek, u MOXI tomonidan ilgari surilayotgan mintaqaviy va xalqaro hamkorlikka oid ta’lim, gumanitar va texnologik sohalar bo‘yicha loyihalarni chuqur o‘rganishga tayyorligini tasdiqladi.

Tomonlar innovatsiyaga intilib, O‘zbekiston hamda Yuta fuqarolari uchun yangi imkoniyatlar yaratishga asoslangan barqaror hamkorlikni yanada chuqurlashtirish lozimligini bir ovozdan ma’qulladi.

G‘.Xonnazarov. O‘zA