Kulgi darg‘alari
Askiya – xalqimizning betakror, o‘ziga xos bo‘lgan noyob san’at turidir. Zukkolik, topqirlik, donolikni o‘zida ifoda etuvchi askiya olimlarimizning e’tirof etishlaricha, boshqa hech bir xalqda uchramaydi.
2014 yilda Askiya san’ati “Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi” reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan.
Prezidentimizning “Respublikada milliy askiya va qiziqchilik san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori soha rivojida muhim omil bo‘ldi.
Bugun O‘zbekistonda qiziqchilik san’ati, askiya janri rivojiga barakali hissa qo‘shgan zakiy so‘z ustasi, serqirra ijodkor Yusufjon qiziq Shakarjonov haqida so‘z yuritamiz.
Eronlik polvonni yiqitgan qiziqchi
Yusufjon qiziq 1859 yilda Marg‘ilonda tug‘ilgan. Dastlabki saboqlarni 1881 - 88 yillarda Zokirjon qiziq boshchiligidagi qo‘qonlik qiziqchilar to‘dasidagi Sa’di Maxsumdan olgan.
To‘da tarkibida so‘z ustasi butun Farg‘ona vodiysini aylanib chiqar ekan, xalq uni teatr, sirk tomoshalarida boshlovchi, qiziqchi, muqallid, hajviya, hikoyalar ustasi sifatida sevib qoladi.
Yusufjon, ayniqsa, yoshlar bilan ishlashni yoqtirar, bilganlarini, qiziqchilik, raqqoslik, korfarmonlik - boshlovchilik, tashkilotchilik sirlarini o‘rgatar edi. Uning topqirligi, hozirjavobligi, bilag‘onligi tufayli har qanday tomosha maroqli o‘tar edi.
Yusufjon qiziq 1904 yilda Toshkentdagi Mullaboy Mansurov sirkida Ortiq qiziq, Sobir qori, Qodir qiziq, Karim Zaripovlar bilan birga Samarqand, Farg‘ona vodiysi, Turkiston, Avliyo ota, Pishpakda bo‘lib, o‘zbek qiziqchiligi, xalq raqslarini namoyish etadi. Shu yillarda Qashqarda qator komediyalar: “Kelin tushirish”, “Bola o‘qitish”, “Mamayusuf”, “Surat ko‘rsatish” kabi qator asarlar namoyishiga bosh-qosh bo‘ldi.
Tinib - tinchimas qiziqchi keyinchalik Marg‘ilonda qiziqchilar to‘dasini tuzadi. 36 kishidan iborat qiziqchilar to‘dasining chiqishlarini aholi doim katta qiziqish, zavq-shavq bilan tomosha qilar edi.
San’atkor sirk uyushmasi bilan Buxoroga, keyinchalik Sankt - Peterburgga yo‘l oladi. Rus baleti, ruslarning sirk san’atini kuzatib, masxaraboz Anatoliy Durov bilan tanishadi. U Filip Yupatovning Andijon va Toshkentdagi chodir sirkida qiziqchi do‘stlari bilan turli komediyalarni namoyish etadi.
Qiziqchining nevarasi Shuhrat Yusupovning hikoya qilishicha, eronlik polvonning tomoshasida ishtirok etar ekan, davrada polvonga bas keladigan odam topilmaydi. Davraboshining qayta-qayta “Polvonga bas keladiganlar bormi, orangizda?” degan xitoblari malol kelib, “Bor, men chiqaman u bilan kurashishga”, debdi qiziqchi.

Yonidagi do‘stlari esa, “Hoy, shashtingdan qayt, sen uning oldida ancha kichiksanku”, degan so‘zlariga “Yengish uchun faqat kuch emas, “kalla” ham kerak”, deydi kulib.
Mahalliy aholining hayrat bilan tomosha qilayotganidan g‘ururlangan polvon Yusufjon qiziqning ustamonligini payqamay qolibdi. U cholvorini tortib kiygunicha Yusufjon uni yerga qulatib, g‘olib bo‘lgan ekan. Shunday qilib, Amir Olimxonning g‘olibga atagan pul mukofoti Yusufjon qiziqqa nasib etibdi. Eronlikni yenggan o‘zbek yigitining g‘alabasidan g‘ururlangan Amir Olimxon unga yana bir mukofot - zarbof to‘n hadya etgan ekan.
Usta Olim Komilovga doira, Tamaraxonimga raqs sirlarini o‘rgatgan ustoz
1918 yilda u yana qiziqchilar to‘dasini tashkil etadi. Uning tarkibida bir qator iqtidorli qiziqchilar bilan birga Mamatbuva, Xudoybergan ismli hofizlar, Otaxo‘ja raqqos, doirachi Usta Olim Komilov, Tamaraxonim faoliyat ko‘rsatgan.
U Tamaraxonimga o‘zbek raqsining sirlarini, Usta Olim Komilovga doira chalishning 92 usulini o‘rgatgan. 1920 yilda Yusufjon qiziq to‘dasi targ‘ibot poyezdida O‘zbekiston bo‘ylab xizmatda bo‘ladi.
Keyinroq Muhiddin Qoriyoqubov rahbarligidagi O‘zbek davlat etnografik ansamblida qiziqchi, cholg‘uchi, raqqos sifatida faoliyat ko‘rsatgan. “Qari navo”, “Sarboz”, “Kema o‘yini” raqslarini sahnalashtirishda ishtirok etgan. Uning Cho‘lpon bilan hamkorligiyu, 1930 yildagi Moskvadagi san’at olimpiadasidagi ishtirokining o‘zi bir tarix.
Usta Olim Komilov va Tamaraxonimning shu olimpiadada juda katta e’tirof, mukofotga sazovor bo‘lishida ham ustozning xizmatlari beqiyos bo‘lgan.
Shunday qilib, umrini san’atga bag‘ishlagan O‘zbekiston xalq artisti, serqirra ijodkor, qiziqchilik, askiya san’atining bilimdoni Yusufjon qiziq urush va urushdan keyingi murakkab davrlarda ham doimo xalq xizmatida bo‘ldi.
Ayniqsa, sobiq sovet davrlaridagi qiyin vaziyatlarda ham u rost so‘zni aytishdan, qiziqchilik sirlarini yoshlarga o‘rgatishdan to‘xtamadi. Umrining oxirigacha xalq xizmatida bo‘ldi.
O‘zidan keyin uning ishini o‘g‘illari Zaynobiddin va Madaminjon Yusupovlar, Muhiddin Darveshov, Mamasiddiq Shiryayevlar davom ettirdi. Hozirgi kunda nabiralari Jamoliddin Yusupov, Shuhrat Yusupovlar ham ota-bobolari ishini davom ettirib, Farg‘ona, Marg‘ilon madaniyat bo‘limlarida faoliyat olib bormoqda.
Sayyora Rixsiyeva