Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yusuf Roziqov: Abdulla Qodiriy haqida film yaratishni o‘ylayapman
17:21 / 2021-10-03

Mahoratli o‘zbek kinorejissyori, jahon e’tirof etgan kino arbobi Yusuf Roziqov dunyoning qaysi davlatida ijod qilmasin, baribir O‘zbekiston zaminida shakllangan ijodkor bo‘lib qolaveradi. Ijodi xorijda yuksak e’tirof etilgan Yusuf Roziqovning kino faoliyati hali ko‘p tadqiqotlarni kutmoqda, desak yanglishmaymiz.

Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida O‘zbekiston Kinematografiya agentligida Yusuf Roziqov bilan bo‘lib o‘tgan "Rejissyor va kino" mavzusidagi mahorat darsi g‘oyat qiziqarli va ayni paytda savollarga boy bo‘ldi. Ushbu uchrashuv kino bilan jiddiy shug‘ullanish istagidagi yoshlar uchun g‘oyat foydali bo‘lgani muqarrar.

–- Toshkent xalqaro kinofestivali bu yoshlarga yo‘naltirilgan festival ekani bilan ahamiyatlidir,– dedi Yusuf Roziqov. – Festival doirasida "Kino 5 kunda" ijodiy loyihasi amalga oshirilmoqda. U yoshlarning iste’dodini aniqlashda yaxshi imkoniyatdir.

Ekranlashtirishga arzigulik yaxshi romanlar, asarlar bor. Masalan, Abdulla Qodiriyning hayoti, tarixiga oid bir asar bor. Bu Hamid Ismoilovning "Jinlar bazmi" romanidir. Rosti, bu juda zalvorli asar, agar uni suratga olishni boshlasak, boshqa barcha filmlarni to‘xtatib turishga to‘g‘ri kelib qoladi.  Yozuvchi Erkin A’zam bilan birgalikda yaratgan filmlarimiz ko‘proq novella ruhiga, yo‘nalishiga mos bo‘lgan. "Jinlar bazmi" esa Abdulla Qodiriy tarixi, umuman, jadidchilik harakatining mazmun-mohiyatini ochib berishga qaratilgan asardir. U juda qimmat film bo‘lishi, shubhasiz.

Men qaysidir yosh o‘zbek rejissyorini maqtab, boshqasining arazlab qolishini istamayman. Shuni aytishim mumkinki, yoshlarni ortiqcha maqtashdan nariroq bo‘lish kerakdir balki. Bundan bir necha yil avval yosh kinoijodkorlar uchun Toshkentda "Humo" festivali bo‘lib o‘tgan edi. Unda hakamlar hay’at raisi sifatida qatnashganman. Festivalda  qaysidir yosh rejissyorning "Non isi" filmi gran-priga munosib topilgan. Keyinchalik bilsam, ushbu film bir qator xorijiy festivallarda ham sovrinli o‘rinlarga munosib topilgan ekan. Bu aynan filmni men baholaganim uchun shunday natija bo‘ldi, demoqchimasman. Ko‘rayapsizmi, ijodini kim baholashidan qat’iy nazar, iste’dod baribir o‘zini namoyon etadi!

 

  Nazokat Usmonova,

  O‘zA