Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yurtimizning qaysi hududidan qadimgi dorixona qoldiqlari topilgan?
12:29 / 2021-06-30

Vatanimiz tarixidagi 30 iyun sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni

790 yil (bundan 1231 yil oldin) – arxeologik qazishmalarning guvohlik berishicha, qadimgi karvon yo‘li ustida qad ko‘targan Poykent (Boyqand) shahrida qadimiy dorixona faoliyat boshlagan. Buxoroning Jondor va Qorako‘l tumanlari tutashgan hududda joylashgan mazkur dorixonadagi qazish ishlari jarayonida qadimshunoslar tomonidan topilgan chinni parchasida uning qurilgan sanasi arab yozuvida 790 yil 30 iyun shanba kuni ekanligi qayd etilgan. Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, poyqandlik hunarmandlar tibbiy maqsadlarda foydalanish uchun shishadan o‘ziga xos probirkalar, dori saqlash uchun idishlar ham yasaganlar.

Tarixchi olim O‘ktam Mavlonovning qayd etishicha, Markaziy Osiyodagi yirik shaharlarda qadimgi davrlardan boshlab aholiga hamda yo‘lda betob bo‘lib qolgan yo‘lovchilarga, savdogarlarga tibbiy yordam ko‘rsatiladigan maxsus shifoxonalar bo‘lgan. Miloddan avvalgi birinchi asrdayoq Buxoroda shifoxonalar faoliyat olib borgani, Marv, Urganch, Buxoro kabi yirik shaharlardagi o‘rta asrlardagi shifoxonalar haqidagi ma’lumotlar, qadimgi Poykentda dorixona mavjud bo‘lganidan dalolat beruvchi topilmalar shaharlar asosiy tibbiy markazlar bo‘lganidan dalolat beradi.

1941 yil (bundan 80 yil oldin) – O‘zbekiston xalq artisti O‘lmas Alixo‘jayev tavallud topdi. U qirqdan ortiq filmda suratga tushgan. U «Ulug‘bek yulduzi» filmidagi Ali Qushchi, «O‘tgan kunlar»dagi Otabek kabi rollarida kuchli dramatizm, psixologik teranlikka erishgan.

1945 yil (bundan 76 yil oldin) – haykaltarosh, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasining akademigi Ilhom Jabborov tavallud topdi. Toshkent, Samarqand va Shahrisabzdagi Amir Temur haykallari, Farg‘onadagi Al-Farg‘oniy, Toshkentdagi «Ona», Urganchdagi Jaloliddin Manguberdi haykallari uning mahobatli asarlaridan. Ilhom Jabborov 2001 yilda «Mehnat Shuhrati» ordeni bilan mukofotlangan.

1992 yil (bundan 29 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Jazoir bilan diplomatiya munosabatlarini o‘rnatdi.

2003 yil (bundan 18 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Polsha Respublikasi Prezidenti Aleksandr Kvasnevskiyni «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Unga asosan O‘zbekiston Respublikasi bilan Polsha Respublikasi o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalardagi ko‘p tomonlama munosabatlarni rivojlantirishdagi ulkan xizmatlari, polyak va o‘zbek xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi uchun Polsha Respublikasi Prezidenti Aleksandr Kvasnevskiy «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlandi.

2017 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzurida O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha Jamoatchilik kengashi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

2017 yil (bundan 4 yil oldin) – Toshkentdagi Simpoziumlar saroyida O‘zbekiston «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Qurultoyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi. Delegatlar «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati negizida O‘zbekiston yoshlar ittifoqini tashkil etish taklifini ma’qulladi. 30 iyun O‘zbekistonda «Yoshlar kuni» deb e’lon qilindi.

2018 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Choy yetishtirishni tashkil etish va aholini mamlakatimizda ishlab chiqarilgan sifatli choy hamda choy mahsuloti bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

2020 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida» farmoni va «O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida» qarori qabul qilindi.

Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi.