O‘zbekistonning Hindistondagi diplomatik missiyasi huzurida tashkil etilgan 52-saylov uchastkasiga ushbu mamlakatda vaqtincha bo‘lib turgan yurtdoshlarimiz o‘z konstitutsiyaviy huquqidan foydalanib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida faol qatnashmoqda.
Saylov uchastkasida tuzilgan va tarkibiga elchixona xodimlari hamda Hindistonda vaqtincha bo‘lib turgan faol yurtdoshlarimiz kiritilgan saylov komissiyasi muhim ijtimoiy-siyosiy voqeaga puxta tayyorgarlik ko‘rdi.
– Xorijda turib, saylov oldi jarayonini qiziqish bilan kuzatib bordik, – deydi Haydarobod markaziy universiteti aspiranti Feruzbek Saitov. – Bugungi siyosiy tadbir mamlakatimiz kelajagi, ayniqsa biz, yoshlarning ertangi kunimiz uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega. Xorijdagi vatandoshlar uchun yaratilgan bunday sharoitlar so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yangilanish jarayonining yorqin ifodasidir.
Ta’kidlash kerak, O‘zbekistondagi saylov jarayoni Hindistonning yetakchi nashrlari markaziy sahifalarida aks etmoqda. Xususan, “Press Trust of India”, “Asia News International” axborot agentliklari, “The New Indian Express”, “The Economic Times”, “The Financial Express” kabi yetakchi markaziy va mintaqaviy ommaviy axborot vositalarida ingliz, hind va ko‘plab boshqa mahalliy tillarda turkum materiallar chop etilmoqda.
– Saylovda ishtirok etayotgan partiyalar dasturlari bilan tanishib chiqdim va bugun o‘z tanlovimni bildirdim, – deydi Dehli universiteti 3-bosqich talabasi Diana Zinchenko. – Hozir xorijda bo‘lsam-da, mamlakatimiz taraqqiyoti uchun ovoz berish men uchun juda muhim. Elchixona huzurida tashkil etilgan saylov uchastkasida fuqarolik qarashimizni ifodalash uchun barcha sharoit yaratildi.
Diplomatiya missiyasi tomonidan Hindiston ijtimoiy-siyosiy va ekspert doiralari, mahalliy jamoatchilik vakillari, tadbirkorlarni O‘zbekistonda bo‘lib o‘tayotgan parlament saylovi mazmun-mohiyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida davra suhbatlari, turli tadbirlar uyushtirildi, xalqaro anjumanlarda batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Hindistondagi 52-saylov uchastkasida ovoz berish mahalliy vaqt bilan soat 20.00 da yakunlanadi.
O‘tkir Alimov, O‘zA