Yurtimizning chekka hududlarida ham kinoteatrlar tashkil etiladi
“Oʻzbekkino" milliy agentligida davlat buyurtmasi asosida ishlab chiqarilgan badiiy filmlar reklamasi hamda televideniye, radio va internet tarmoqlarida targʻibot kampaniyasini tashkil etish va amalga oshirish chora-tadbirlariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
“Oʻzbekkino" milliy agentligida davlat buyurtmasi asosida ishlab chiqarilgan badiiy filmlar reklamasi hamda televideniye, radio va internet tarmoqlarida targʻibot kampaniyasini tashkil etish va amalga oshirish chora-tadbirlariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Unda “Oʻzbekkino" milliy agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov va boshqalar milliy kino sohasidagi tub islohotlar haqida gapirdi. Oʻz navbatida, sohadagi ayrim sustkashliklarga barham berish maqsadida davlat va nodavlat tashkilotlari bilan hamkorlikni mustahkamlash lozimligi taʼkidlandi.
Yigʻilishda kinoprokatdagi muammolarga barham berish bilan bogʻliq masala koʻrib chiqildi.
Milliy kino mahsulotlarining targʻibot kampaniyasi tizimli tashkil etilmayotgani, ijtimoiy tarmoqlar, ommaviy-axborot vositalari imkoniyatlaridan samarali foydalanilmayotganligi sababli filmlarga nisbatan tomoshabinlar qiziqishi pasayib, kinoprokat faoliyatidan olinayotgan tushumlar kutilgan natija bermayotgani va bu kabi muammolarga barham berish kerakligi haqida soʻz yuritildi.
Kino mahsulotlarini mafkuraviy boyitish, ularda milliy istiqlol gʻoyasini keng targʻib qilish, shu orqali aholi, ayniqsa, yoshlarning eʼtiborini kuchaytirish hamda kinoprokatni rivojlantirishda ularning reklama targʻibotini yuqori darajada tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Bu boradagi harakatlar respublikamizning chekka hududlaridan boshlanishi, jumladan, kinoteatrlar sonini koʻpaytirish, kinolar narxini aholiga qulay tarzda arzonlashtirish hamda agentlik qoshida mazkur vazifalarning nazoratini kuchaytirish uchun yangi boʻlimlar tashkil etilishiga kelishib olindi.
Shuningdek, davlat buyurtmasi asosida ishlab chiqarilgan “Qoʻqon shamoli”, “1-avgust” va “Avloniy” nomli badiiy filmlar toʻgʻrisida aholini toʻliq xabardor qilish, mazkur filmlar taqdimotini yuqori saviyada oʻtkazish hamda yurtimiz boʻylab kinoprokatini samarali tashkil etish boʻyicha tavsiyalar berildi. Unga koʻra, “1-avgust” filmi premyerasi 26-noyabrda, “Avloniy” filmi 6-dekabrda, “Qoʻqon shamoli” esa 19-dekabrda namoyish etiladigan boʻldi.
Mazkur filmlar taqdimoti joriy yil yakuniga qadar Toshkent, Samarqand, Termiz, Namangan va Nukus shaharlarida tashkil etiladi.