Yaqinda mamlakatimizning Saudiya Arabistonidagi elchixonasida UNESCO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining joriy yilda Samarqand shahrida o‘tkazilishiga bag‘ishlangan “O‘zbekiston – jahon merosining nodir o‘chog‘i” nomli madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Madaniyat vazirligi, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Ar-Riyoddagi elchixonamiz hamkorligida bo‘lib o‘tgan yig‘inda Saudiya Arabistonidagi mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, o‘zbek diasporasi vakillari va talabalar ishtirok etdi.

Tashkilotchilarning O‘zAga ma’lum qilishicha, mazkur davra suhbatidan ko‘zlangan maqsad, davlatchiligimiz tarixi, buyuk ajdodlarimizning merosi, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari va turizm imkoniyatlarini xorijda ham keng targ‘ib qilishdan iborat.
Tadbirni diyorimizning Saudiya Arabistonidagi Favqulodda va muxtor elchisi Nodir Turg‘unov va TDSHU prorektori Durbek Sayfullayev kirish so‘zi bilan ochib, 2023 yil 7-22 noyabr kunlari Parijda o‘tkazilgan UNESCO Bosh konferensiyasining 42-sessiyasi yakunida uning navbatdagi 43-sessiyasini 2025 yilda Samarqand shahrida o‘tkazish bo‘yicha tarixiy qaror qabul qilingani, ushbu qarorni tashkilotga a’zo 194 davlatning barchasi qo‘llab-quvvatlagani va bu esa so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarga berilgan yuksak baho ekanligini qayd etishdi.

Shundan so‘ng, Vatanimizning madaniy merosi, xalqaro ilmiy aloqalari va turizm salohiyatiga oid taqdimot o‘tkazilib, O‘zbekistonning tarixiy obidalari va sayyohlik imkoniyatlarini aks ettiruvchi maxsus videorolik namoyish etildi.
E’tiborli jihati, davra suhbatida Saudiya Arabistonining “Rasana” xalqaro Eronshunoslik institutining ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha direktori Ahmad al Muiniy yurtimiz haqida fikrlarini o‘rtoqlashar ekan, O‘zbekiston dunyo hamjamiyatiga ko‘rsatishi lozim bo‘lgan ko‘plab imkoniyatlarga ega ekanligini qayd etdi. U bunday tadbirlarning o‘tkazilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashda muhim rol o‘ynashini ta’kidladi.

Samimiy muloqot ruhida kechgan tadbirning ilmiy-ma’rifiy qismida TDSHU prorektori, professor Qudratilla Omonov Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondining UNESCOning “Butunjahon xotirasi” ro‘yxatiga kiritilgan kutubxona sifatidagi ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti dotsenti Nodir Karimov esa o‘lkamizning ziyorat turizmi bo‘yicha xalqaro miqyosdagi imkoniyatlari haqida fikr bildirdi.
Yig‘inning madaniy qismi milliy san’at namunalari bilan boyitildi. Ayniqsa, O‘zbekiston davlat filarmoniyasining Toshkent viloyati bo‘linmasi “Nurafshon” ashula va raqs ansambli tomonidan ijro etilgan an’anaviy raqslar va kuy-qo‘shiqlar barchaga manzur bo‘ldi.
O‘tkir Alimov, O‘zA