O‘zbekiston Ekologik partiyasi Buxoro viloyati partiya tashkiloti, Buxoro davlat universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Milliy tadqiqot universiteti huzuridagi Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti, Buxoro davlat pedagogika instituti, Buxoro ixtisoslashtirilgan “Jayron” pitomnigi hamda ko‘ngillilar tashabbusi bilan “Yurtimizni yashillikka qoplaymiz” loyihasi doirasida Qorovulbozor tumani “Cho‘lquvar” massivida joylashgan Buxoro ixtisoslashtirilgan “Jayron” pitomnigi hududida saksovul ko‘chatlarini ekish aksiyasi tashkil etildi.
– Loyihaning maqsadi aholi, ayniqsa, yoshlarning yurtimiz tabiatini asrab-avaylash hamda “Yurtimizni yashillikka burkaymiz” loyihasini amalga oshirishdagi faolligini kuchaytirish, qum va chang bo‘ronlari ko‘chishi hamda tuproq degradatsiyasining oldini olish, cho‘llanishga qarshi amaliy ish sifatida saksovul ekish ishlariga keng jamoatchilik hamda ko‘ngillilarni safarbar qilish, biologik xilma-xillikni asrashdan iborat, – deydi O‘zbekiston Ekologik partiyasi Buxoro viloyati partiya tashkiloti raisi Jahongir Sharipov. – “Yashil makon” umummilliy loyihasi bugun chinakkamiga xalqni birlashtira oldi va umummilliy harakatga aylandi. Daraxt ekish va parvarishlash, yurtimizning har qarich yerini boqqa aylantirish, yashillikka burkashga nafaqat partiyamiz vakillari, ekologiya sohasi xodimlari, mutasaddilar hamda yoshlar o‘z hissasini qo‘shayotgani taqsinga loyiq.
Ta’kidlash kerak, mazkur loyiha tashabbuskor tomonidan ikkinchi marta tashkil etilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA