Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yurtimizdagi yetakchi oliy o‘quv yurtlaridan biri
14:37 / 2022-05-29

Nukusda Qoraqalpoq davlat universitetining tashkil etilganiga 45 yil to‘lishi munosabati bilan “Qoraqalpog‘iston mintaqasida oliy ta’lim va ilm-fan taraqqiyotida Qoraqalpoq davlat universitetining o‘rni: kecha, bugun, ertaga” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Dastlab ko‘rgazma namoyish etildi.

Tadbirda universitet rektori, texnika fanlari doktori, professor A.Reymov ma’ruza qildi.

Ta’kidlanganidek, mazkur universitet respublikaning ilm-fan va ma’rifat, ta’lim va tarbiya sohalarida ma’naviyat, sport va madaniyat markazlaridan biri sifatida mustaqil yurtimizning rivojiga xizmat qilib kelmoqda. Ayniqsa, jamiyatning asosiy yetakchi kuchlari hisoblangan yoshlarni yuksak intellektual qobiliyatli, ma’naviy boy dunyoqarashga ega bo‘lgan, yetuk mutaxassislar etib tayyorlashda asosiy o‘quv yurtlaridan biri hisoblanadi.

Universitetda 2016-2017 o‘quv yilida 49 bakalavr ta’lim yo‘nalishi va 22 magistratura mutaxassisligi bo‘lgan bo‘lsa, 2021-2022 o‘quv yiliga kelib 67 bakalavr ta’lim yo‘nalishi va 50 ta magistratura mutaxassisligida talabalar bilim olmoqda. Talabalar soni 2016-2017 o‘quv yilida 8129 nafar bo‘lsa, 2021-2022 o‘quv yiliga kelib ta’lim olib kelayotgan talabalar soni 25787 nafarga yetdi. Yangi mutaxassisliklarning ochilishi mamlakatimizning yetakchi sanoat korxonalaridan biri hisoblangan Qo‘ng‘irot soda zavodi, Ustyurt gaz-kimyo majmuasiga malakali mutaxassislarni tayyorlash yo‘nalishining bitta bo‘g‘ini hisoblanadi.

Talaba-yoshlarni sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun ularni sportga ko‘proq jalb qilish maqsadida 24x42 metr o‘lchamdagi sport majmuasi yangidan qurilishi mamlakatimizda o‘quv yurtlariga bo‘lgan alohida e’tiborning, yoshlarga yaratilib berilayotgan keng imkoniyatlarning bir ko‘rinishidir.

Universitetda 2021 yilning sentyabr oyidan bahosi 2,5 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan “Bioekologik izlanishlar” ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi o‘z ishini boshladi va bugungi kunda soha ixtisosligi bo‘yicha universitet yosh olimlari, doktorantlar, tayanch doktorantlar, stajyor tadqiqotchilar, professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilar ushbu laboratoriya imkoniyatlaridan keng foydalangan holda Orolbo‘yi mintaqalaridagi ekologiya va atrof-muhit muhofazasi, hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga tegishli samarador ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 2 oktyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining navbatdan tashqari sakkizinchi sessiyasida berilgan topshiriqlar va kengaytirilgan majlis bayonnomasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida 2022-2023 o‘quv yilidan e’tiboran universitet qoshida ilm-fanning kimyo, kimyoviy texnologiya, qurilish va sanoat texnologiyalari yo‘nalishlari bo‘yicha umumiy qiymati 10 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan “Kimyoviy texnologiya” ilmiy izlanish laboratoriyasi klasterini tashkil etish nazarda tutilgan bo‘lib, hozirgi kunda zarur bo‘lgan asbob-uskunalar olib kelinmoqda.

Oliy o‘quv yurtida yoshlarning bilim olishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlangan auditoriyalar, lingafon xonalari, laboratoriyalar, bepul internet tarmog‘iga kiruvchi Wi-Fi zonalari, elektron kutubxona, kompyuter sinflari, elektron doskalar va boshqalar talabalar xizmatida.

Talaba yoshlar orasidan Prezident, Navoiy, Ulug‘bek nomidagi stipendiyalari, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti, “Nihol” mukofoti sovrindorlari, respublika, xalqaro tanlovlar g‘oliblari, jahon va Osiyo chempionlari yetishib chiqmoqda.

Alohida ta’kidlash joiz, yaqinda Oliy ta’lim muassasalarining nufuzli xalqaro reytingi hisoblangan Times Higher Education o‘zining 2022 yil uchun Impast reytingi (THE Impact Rankings 2022) hamda AD Scientific Index reyting agentligining Top Universities Ranking 2022 natijalari e’lon qilindi. Ushbu ikki xalqaro reytingdan Qoraqalpoq davlat universiteti munosib o‘rin egalladi.

Tadbirda Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Belorus, Malayziya, Qozog‘iston davlatlari, shuningdek mamlakatimizdagi bir qator oliy ta’lim muassasalari vakillarining bayram tabrigi eshitildi. Ishtirokchilarga oliy o‘quv yurtining 45 yilligiga bag‘ishlangan hujjatli film namoyish etildi.

Bayram talaba yoshlar ijrosidagi konsert dasturi bilan davom etdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov ishtirok etdi.

 

Dovud Abibullayev, O‘zA