Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yurtimizdagi qadimgi karvon yo‘llaridan biri o‘tgan dara nega Temir darvoza deb atalgan?
08:04 / 2025-08-25

Vatanimiz tarixidagi 25 avgust sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.

1404 yil (bundan 621 yil oldin) – Ispaniyadan Samarqandga – Amir Temur saroyiga otlangan elchilar guruhi Boysun tog‘laridagi Temir darvozaga yetib kelishdi (hozirgi Surxondaryo viloyati hududida). Mazkur joyni elchilar guruhi tarkibidagi Rui Gonsales de Klavixo o‘z “Kundaligi”da shu nom bilan tilga olgan. Tarixchi Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”sida uning nomi “Darbandi Ohanin” va “Qahalqa” shakllarida berilgan. Tarixchi olim Omonulla Bo‘riyevning yozishicha, mazkur joyning XV asr boshidagi holati va ahamiyatiga oid tafsilotlarni faqat Klavixo beradi, xolos. Jumladan, unda quyidagi geografik ma’lumotlarni o‘qiymiz:

“... dushanbada (1404 yili 25 avgust) ular (elchilar) baland bir tog‘ etagida tunadilar. Uning cho‘qqisida xochsimon shaklda g‘ishtdan qurilgan bir ajoyib bino turardi; u turli rangdagi koshin bilan naqshinkor qilingan. Bu tog‘ juda baland, unda tor daradan iborat o‘tkil bor, xuddi inson qo‘li bilan qilinganday; tog‘dan ana shu dara orqali o‘tiladi; ikki tomondan baland tog‘lar kad ko‘targan, [dara] esa tekis va juda chuqur. Ushbu daraning o‘rtasida qishloq bor, undan tepada baland tog‘ yuksalgan. Tog‘dagi bu o‘tkil Temir darvoza deb ataladi. O‘sha yerda bundan boshqa o‘tish joyi yo‘q. U Samarqand podshohligini Kichik Hindiston tomondan himoya qiladi... Mazkur Temir darvoza Temurbekning ixtiyorida va unga har yili katta daromad keltiradi; chunki Kichik Hindistondan Samarqand podshohligiga va undan shimoldagi o‘lkalarga yo‘l olgan savdogarlar shu yerdan o‘tadilar...”

Bu joyning “Temir darvoza” deb atalishiga sabab, Klavixoning yozishicha, qadimda bu yerda mazkur ikki darani ulab turuvchi temir darvoza qurilgan ekan. Temir darvoza Buyuk Ipak yo‘lidagi muhim bojxona sanalgan va Amir Temur saltanatida ham uning xalqaro savdo yo‘lidagi ana shu ahamiyati saqlangan. Klavixo ham Temir darvoza Temurbekning mulki ekanligi, Hindistondan Samarqandga va undan shimoldagi o‘lkalarga safarga chiqqan karvonlar shu yerdan o‘tishi va bu joy katta daromad keltirishini ta’kidlagan.

1924 yil (bundan 101 yil oldin) – Samarqand shahrida “Ovozi tojik kambag‘al” (hozirgi “Ovozi tojik”) gazetasi nashr etila boshlandi. Gazeta keyinchalik 1925 – 1931 yillarda “Ovozi tojik”, 1950 – 1964 yillarda “Haqiqati O‘zbekiston” nomi bilan chikkan. 1992 yil 1 yanvardan hozirgi nomdagi sahifalarda do‘stlik va birodarlik shiori ostida O‘zbekistonda yuz berayotgan ulkan o‘zgarishlar yoritib boriladi. 

1998 yil (bundan 27 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishi bilan buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temur tavalludining 665 yilligini nishonlash, ma’naviy qadriyatlarimizni kelgusi avlodlarga yetkazishni ta’minlash hamda uni keng targ‘ib qilish maqsadida “Amir Temur jahon tarixida” nomli ilmiy-ommabop kitobning ikkinchi to‘la nashrini yaratish belgilandi. Ushbu ulkan tadqiqot to‘ldirilib, 2001 yilda qayta nashr etildi.

2000 yil (bundan 25 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yosh iste’dodlar uchun «Nihol» mukofotini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

2001 yil (bundan 24 yil oldin) – Toshkent shahrida Yapon bog‘i ochildi. Bog‘ning maydoni 4 gektar. Bog‘ qurilishi 1997 yil sentyabrda, Toshkent markazidagi qadimgi ko‘l sohilida boshlangan. Yapon bog‘i 2 qism: “Karesansui” – dzen-buddizm falsafasi asosida maxsus o‘rnatilgan toshlar va daraxtlardan hamda “Chesen-kaiyu” – qadimgi yapon sintoizmi quvnoqlik dunyosini aks etgiruvchi hovuz, jilg‘a va gullardan tashkil topgan. 

2003 yil (bundan 22 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

2007 yil (bundan 18 yil oldin) – Samarqand shahrining 2750 yillik yubileyiga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazildi. Bu marosim Samarqandda 1997 yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Sharq taronalari” VI xalqaro musiqa festivaliga ulanib ketdi.

2010 yil (bundan 15 yil oldin) – Toshkent shahrida “Chevrolet Spark” avtomobilining takdimoti bo‘lib o‘tdi.

2015 yil (bundan 10 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Investitsiya va pay fondlari to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Ushbu qonunning maqsadi investitsiya va pay fondlari faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2017 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi yoshlari kunini belgilash to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida” qonunlari qabul qilindi.

2020 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Andijon viloyatida axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan texnologik parkni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida mustabid sovet davrida qatag‘on qilingan 115 nafar shaxsni oqlash yuzasidan 6 jinoyat ishi ko‘rib chiqildi va ular reabilitatsiya qilindi. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 8 oktyabrdagi “Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishida “o‘rganishlar jarayonida aniqlangan, muayyan sabablarga ko‘ra reabilitatsiya qilinmay qolib ketgan qatag‘on qurbonlarini oqlash yuzasidan belgilangan tartibda takliflar kiritib borish” tadqiqotchilar oldiga muhim vazifa qilib qo‘yilgan edi. 

2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini xalqaro miqyosda keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

2023 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNESKO  O‘zbekiston xalqaro mukofotini ta’sis etishni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA