Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yurtimizdagi osoyishtalik va barqarorlik shukronalik tuyg‘usini mustahkamlamoqda
16:59 / 2026-02-26

Ramazon — islom olami uchun eng muqaddas va fazilatli oylardan biri bo‘lib, u nafaqat ro‘za tutish, balki inson qalbini poklash, mehr-shafqatni kuchaytirish va jamiyatda ahillikni mustahkamlash oyidir. Bu oyda nozil qilingan muqaddas kitob — Qur’oni karim barcha mo‘min-musulmonlarni ezgulikka, sabr-toqat va shukronalikka chorlaydi.

Davlatimiz rahbarining 2026-yil 16-fevraldagi “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimizda inson qadri, huquq va manfaatlarini ta’minlash, jamiyatda tinchlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, aholini, ayniqsa ehtiyojmand toifalarni ijtimoiy himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Qarorda ilgari surilgan “Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” g‘oyasi asosida respublikamizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Sirdaryo viloyatida ham keng ko‘lamli xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, mahallalarda o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, ehtiyojmand oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, muqaddas qadamjolar va qabristonlarni obod etish, atrof-muhitni asrashga qaratilgan ezgu tashabbuslar tobora keng quloch yozmoqda.

– Prezidentimizning mazkur qaroriga muvofiq, muborak Ramazon oyi munosabati bilan Boyovut tumanida jami 2 740 ta oila bir martalik moddiy ko‘mak bilan qamrab olindi,  –  deydi  “Nuroniy”lar jamg‘armasi  Boyovut tuman bo‘limi boshlig‘i Alibek  Omonliqov. – Xususan, 932 ta davlat ta’minotidagi oilaga, 69 nafar yolg‘iz keksaga, 18 ta yetim yoki ota-ona qaramog‘isiz bolalar yashayotgan oilaga, 1 538 ta kam ta’minlangan oilaga, shuningdek, “Mahalla yettiligi” xulosasiga asosan 183 ta oilaga yordam ko‘rsatildi. Bu kabi e’tibor va g‘amxo‘rlik aholi, ayniqsa nuroniylar qalbida chuqur minnatdorlik tuyg‘usini uyg‘otmoqda.

Bunday ezgu tashabbuslar Sirdaryo viloyatining barcha tuman va shaharlarida izchil amalga oshirilib, jami 19 365 ta oilaga bir martalik moddiy yordam ajratilmoqda. Belgilangan mablag‘lar 1-martga qadar fuqarolarning ijtimoiy hisob raqamlari yoki bank plastik kartalariga o‘tkazib berilmoqda.

– Eng e’tiborli jihati shundaki, Prezident tashabbusi bilan Ramazon oyida “Ijtimoiy reyestr”da ro‘yxatda turgan har bir tuman va shaharda istiqomat qilayotgan oilalarning og‘ir kasallikka chalingan 41 nafar a’zosiga davolanish va jarrohlik amaliyoti uchun maxsus vaucherlar topshirilmoqda. Bu ham katta va savobli amallardan biridir, –   deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Sirdaryo viloyat boshqarmasi Ijtimoiy to‘lovlar shu’basi mudiri Behzod Nodirov.

– Tinchlik, osoyishtalik va sog‘lik kabi ne’matlar bebaho boylikdir. Ularning qadriga yetish har birimiz uchun ham qarz, ham farzdir. Mamlakatimizda muhtaram yurtboshimiz tomonidan nafaqat Ramazon oyida, balki yil davomida yurt tinchligi va el osoyishtaligi yo‘lida amalga oshirilayotgan xayrli ishlar hamda ezgu tashabbuslar ko‘plab davlatlarda uchramaydi. Buni ijtimoiy tarmoqlarda berilayotgan xabarlar va tele efirlarda namoyish etilayotgan ko‘rsatuvlar orqali yaqqol ko‘rish mumkin. Keksalarimiz qayerga bormasin, avvalo yurtimizga tinchlik, osmon musaffoligi, xalqimizga omonlik va dasturxonlarimizga to‘kinlik so‘rab duo qilayotganlarining asl sababi ham ana shunda. Yurtimizdagi osoyishtalik va barqarorlik har bir fuqaroning qalbida shukronalik tuyg‘usini mustahkamlamoqda. Ilohim, ozod va obod, mustaqil yurtimizga ko‘z tegmasin. Yurtboshimiz doimo sog‘-salomat bo‘lsin, – deydi mehnat faxriysi, O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyat bo‘limi raisi Boyjigit Abdullayev.

Ta’kidlash joizki, Ramazon oyida amalga oshirilayotgan bunday xayrli ishlar yurtimizda inson qadri ulug‘lanayotgani, mehr-muruvvat va saxovat tamoyillari hayotimizda mustahkam qaror topayotganining yaqqol ifodasidir.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri