French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yurtimizdagi muzeylar tungi soat 22:00 gacha xizmat ko‘rsatishi bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda
11:51 / 2022-05-14

Joriy yil 18 may kuni mamlakatimizning barcha muzeylarida «Ochiq eshiklar kuni» o‘tkaziladi.

Bu kunda barcha muzeylar tashrif buyuruvchilar uchun bepul xizmat ko‘rsatadi.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan brifingda Madaniy meros agentligi axborot xizmati rahbari Mohinur Imomova ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, respublika bo‘yicha jami 124 ta muzey va uning filiallari faoliyat yuritib kelmoqda. Shundan, 49 tasi asosiy muzeylar, 75 tasi filiallardir. Muzeylarning 7 tasi muzey-qo‘riqxonalar hisoblanadi.

So‘nggi 4 yil davomida respublika bo‘yicha 11 ta yangi muzey tashkil etildi.

Respublika muzeylari fondida jami 2 553 056 ta muzey ashyolari va kolleksiyalari mavjud. Shulardan 1 928 012 ta asosiy fondda, 625 ming 44 ta ilmiy-yordamchi fonddagi muzey ashyolari va kolleksiyalaridir.

Muzeylarda saqlanayotgan eksponatlarning 112 mingtasi nafaqat mamlakatimiz, balki jahon miqyosida noyob hisoblanadi.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yildan boshlab respublika muzeylarida tashkil etiladigan ko‘rgazmalar, ko‘chma ko‘rgazmalar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar, forumlar, konferensiya va seminarlar bo‘yicha kalendar rejalarini tasdiqlash amaliyoti joriy etildi.

Shuningdek, muzeylar faoliyatini baholash tizimi yo‘lga qo‘yildi.  Xorij muzeylarini brendini o‘rgangan holda 2021 yilning  15 noyabridan 2022 yil 30 noyabr oyiga qadar jami 38 ta muzeyni rebrending qilish ishlari Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi “PR markaz» DUK tomonidan olib borilmoqda.

Tadbirda ta’kidlanishicha, «San’atni xalqqa yaqinlashtirish» dasturi doirasida hududlarda muzeylarning ko‘chma ko‘rgazmalari tashkil qilinadi.

Muzeylardagi noyob 2,5 ming eksponatni tanlab olib, ularning nusxasini tayyorlash va sotish yo‘lga qo‘yiladi. Shu bilan birga, «Muzeyda tun» kabi 187 ta yirik madaniy-ko‘ngilochar konsert-tomosha tadbirlari va usta-hunarmandlarning mahorat darsini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Muzeylarni har kuni soat 22:00 gacha ishlashiga ruxsat berish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA