French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yurtimizdagi muzeylar noyob eksponatlar bilan qanday boyitilyapti? (+video)
15:39 / 2023-07-06

O‘zbekiston Milliy axborot agentligining @uza_uz telegram kanali orqali O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi bilan hamkorlikda madaniy merosni asrash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga bag‘ishlangan ovozli chat bo‘lib o‘tdi.

Unda agentlik boshqarma boshlig‘i Otabek Ravshanov hamda  axborot xizmati rahbari Mohinur Imomova kuzatuvchilarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.  

— Madaniy meros agentligining vazifalari nimalardan iborat?  

— Madaniy meros agentligi 2021 yilda tashkil etilgan. Agentligimiz asosan madaniy meros ob’ektlari, ya’ni arxitektura, arxeologiya yo‘nalishida va muzeylar sohasida xorijdagi madaniy boyliklarni tatbiq qilish hamda madaniy qiymatliklarni respublika hududidan olib chiqish, olib kirish bo‘yicha tartibga soluvchi vakolatli organ hisoblanadi.  

— Ayni kunlarda agentlik tashabbusi bilan poytaxtimizda “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusida Xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi o‘tkazilmoqda. Ushbu haftalikni o‘tkazishdan maqsad nima?  

—   Ushbu hafta madaniy meros sohasiga qiziqqan mutaxassislar uchun qizg‘in haftaga aylandi. Mazkur haftalikda dunyoning 60 ga yaqin mamlakatidan yuzlab mehmonlar tashrif buyurishgan. Madaniy merosni asrash, uni targ‘ib qilish, kelajak avlodga yetkazish, ahamiyatini yanada oshirish bo‘yicha fikr almashish uchun o‘ziga xos tajriba maydoni bo‘ldi.  

Haftalik davomida agentligimiz tomonidan O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi filiali, ya’ni Toshkent muzeyida “Amaliy san’at durdonalari”, Temuriylar tarixi davlat muzeyida “Temuriylar davri durdonalari”, O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasida “Turkiston avangardi, makon va zamon oralig‘ida” nomli san’at va madaniyat ko‘rgazmalari tashkil etildi, — dedi Mohinur Imomova.  

—Bugungi kunda yurtimizda qancha madaniy, me’moriy, arxeologik ahamiyatga ega qadimiy yodgorliklar mavjud?  

— O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktyabrdagi 846-sonli qaroriga muvofiq, moddiy, madaniy meros, ko‘chmas mulk ob’ektlarining milliy ro‘yxati shakllantirilgan, — deydi Otabek Ravshanov. — Ushbu milliy ro‘yxatda bugungi kunda 8 ming 209 ta ob’ekt davlat muhofazasiga olingan. Mazkur ob’ektlarni kengroq tasniflaydigan bo‘lsak, 4787 tasi arxeologik ob’ektlar, 2267 tasi arxitektura ob’ektlari, 625 tasi monumental san’at asarlari. Shuningdek, 530 tasi diqqatga sazovor joylar.  

— Muzeylarimizni noyob eksponatlar bilan boyitish bo‘yicha qanday ishlar qilinyapti?  

—  Yurtimizdagi muzeylarni ashyolar bilan  to‘ldirish maqsadida 2022 yil 1 iyuldan boshlab “Milliy merosga mening hissam” aksiyasi e’lon qilingan. Ushbu aksiya mustaqillik yillarida ishlab chiqilgan san’at asarlarini hamda aholidagi moddiy qiymatliklarni yig‘ib olish va muzeylarning fond kolleksiyalarini boyitish bo‘yicha juda ham muhim qadam bo‘ldi, deb ayta olamiz. 

 Mazkur aksiya doirasida kolleksionerlar va aholidan moddiy qiymatliklar xarid qilib olindi. Quvonarlisi ularning aksariyati muzeylarga beg‘araz topshirildi. Aholidan jami 3811 ta buyum to‘plangan bo‘lsa, shundan 3400 tasi aholi tomonidan muzey fondlariga beg‘araz topshirildi. Ular orasida 147 ta ashyo soha mutaxassislari tomonidan eng saralari deb e’tirof etildi.  

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ddYnT4ViF9g" title="Yurtimizdagi muzeylar noyob eksponatlar bilan qanday boyitilyapti?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

N.Rahmonova, A.Sodiqov (video), O‘zA